GLOBULINLAR haqida malumot bilib oling.

Ensiklopediya
GLOBULINLAR haqida malumot bilib oling.

GLOBULINLAR (lot. globulus — sharcha) — suyultirilgan kislota va ishqorlar hamda neytral tuzlarning kuchsiz eritmalarida yaxshi, suvda esa kam eriydigan (miozinaan tashqari) globulyar oqsillar; ammoniy sulfatning yarim toʻyintirilgan, magniy sulfat yoki natriy sulfatning tuyintirilgan eritmasida choʻkmaga tushadi. Globulinlar sut, qon zardobi, tuxum, muskullar va oʻsimliklar (kanop, noʻxat) urugʻida boʻladi. Oʻsimlik va hayvon toʻqimalari tarkibiga kiradi. Qon plazmasi oqsillarining deyarli yarmini tashkil etadi. Koʻpchilik Globulinlar oddiy oqsillar, ayrimlari esa uglevodlar, lipidlar (ayniqsa qon zardobi Globulinlari), nuklein kislotalar (neyroglobulin), yod (tireoglobulin) bilan bogʻlangan boʻladi. Organizmning immunlik xususiyatini (antitelolar, komplement) va qon ivishini (protrombin, fibrinogen va b.) taʼminlaydi; temir (transferrin, gaptoglobin), misning (seruloplazmin) tashilishida va b. jarayonlarda ishtirok etadi. Gamma-globulinlar tibbiyotda keng qoʻllaniladi.

Ensiklopediya.uz
GLOBULINLAR