GLADIOLUS haqida malumot bilib oling.
GLADIOLUS (Gladiolus L.) — savsarguldoshlar (savsargullilar oilasi)ga mansub tuganak piyozli koʻp yillik, manzarali oʻsimlik. 200 ga yaqin turi bor. Oʻrta Osiyoda 3 turi oʻstiriladi. Ekma Gladiolusning 8 mingga yaqin navi bor. Poyasi tik, deyarli shoxlamaydi, boʻyi 40—200 sm. Bargi qilichsimon, poyada ikki qator boʻlib joylashadi. Guli karnay shaklida, sal qoʻsh labli va bukilgan naysimon, 20 sm keladi. Gullari poya uchida bir qator, baʼzan ikki qator oʻrnashadi (gul poyasidagi gullarning soni 25 tagacha boʻladi). Mart—apr. da ekiladi, iyundan avg. gacha (yanv. —fev. da tuvaklarga oʻtqazilgani apr,—mayda) ochiladi. Ertagisi 80, kechkisi 90 kunda ochiladi. Gladiolus ekiladigan yer kuzda 35 — 40 sm chuqurlikda haydalib, gektariga 80—100 t goʻng yoki kompost, 250 — 300 kg fosforli, 120 — 150 kg kaliyli oʻgʻit, bahorda ekish vaktida 250 — 300 kg azotli oʻgʻit solinadi. Kuzda tuganakpiyozi poʻstidan tozalanib, sovuq suvda yuvib quritiladi, soʻngra yertoʻlada 4—5° haroratda saqlanadi. Oʻzbekistonda Gladiolusning kanada (Kanadu), minerva (Minera), monsoyer (Monsouer), pikardi (Picardi) navlari oʻstiriladi.
Ensiklopediya.uz
GLADIOLUS