Giyohvandlikni to‘xtating! haqida malumot
BMT Umumjahon sog‘liqni saqlash tashkilotining ma’lumotlariga qaraganda, bugungi kunda dunyoda 210 milliondan ortiq giyohvandlar qayd etilgan bo‘lib, bu yer yuzi aholisining 3 foiziga to‘g‘ri keladi. Hozir dunyoda yoshlar orasida giyohvandlarning muayyan tizimi shakllanmoqda, har yili yoshlar o‘rtasida giyohvandlar soni 15-20 foiz ko‘payib bormoqda.
Tibbiyot qo‘llanmalarida keltirilishicha, qoradori inson organizmiga kirgach, ichaklarga so‘rilib, qorindagi qon aylanish yo‘li bilan jigarga yetib boradi. Natijada jigar hujayralari ta’sirlanib, sirroz kasalligini keltirib chiqaradi. Qoradori qayta-qayta iste’mol qilinishi oqibatida jigar sirrozi kuchayib boradi. Jigar kichrayib, qotib qolgach, faoliyati susayadi. Uning hujayralari atrofida yog‘lar cho‘kib qoladi. Giyohvand moddalarning oqsillari xalaqit bergani uchun yig‘ilib qolgan zaharli moddalar qon aylanishi bilan markaziy asab tizimiga qadar yetib boradi. Asab hujayralari ishdan chiqib, yaroqsiz holatga kelgach, bemorning ko‘rish, eshitish, hid bilish, fikr yuritish, issiq-sovuqni, qattiq-yumshoqni, shirin-achchiqni sezish qobiliyati yo‘qoladi.
Endorfin moddasi insonning ish qobiliyatini kuchaytiradi. Kayfiyatini ko‘taradi. Organizmga ijobiy kuch-quvvat ato etadi. Narkotik modda iste’mol qiluvchi shaxslarda endorfin moddasi chiqarilishi to‘xtaydi. Bu holga sabab tashqaridan og‘riqsizlantiruvchi giyohvand modda kirganligi uchun bosh miya tabiiy og‘riqsizlantiruvchi, orombaxsh moddani ishlab chiqarmaydi. Organizmga kirayotgan narkotik moddalar almashinuvida ishtirok etishi sababli tananing har bir hujayrasiga kirib boradi va bora-bora giyohvand moddaga moslashadi. Natijada giyohvand moddani qabul qilmasa, a’zoi-badanida kuchli, chidab bo‘lmas og‘riq paydo bo‘ladi. U titrab-qaqshab, bukchayib qoladi. Kashanda asablarini bir oz bo‘lsa ham tinchlantirish maqsadida giyohvand moddalarini iste’mol qilishga majbur bo‘ladi. Uxlay olmaslik, sustlik, ishtahasizlik, g‘amginlik, ko‘zning yoshlanishi, titroq, uvishish, ko‘ngil aynishi, qayt qilish, tomirlarning bo‘rtib chiqishi, yurak o‘ynashi kabi xastaliklarga mubtalo bo‘ladi.
Nashavandlarda his-tuyg‘ularni bosh-qarishning pasayishi, javobgarlikdan qochish, mas’uliyatsizlik, o‘z omadsizligiga atrofdagilarni ayblash, janjalkashlik, dag‘allik, yaqinlarini kamsitish va xo‘rlash, ba’zan tajovuzkorlik kuzatiladi. Giyohvand kimsaning narkotik modda iste’mol qilishi natijasida atrofdagi insonlar bilan o‘zaro munosabatlari buziladi. U oilasi, o‘rtoqlari va ishini yo‘qotadi. Giyohvand modda iste’mol qilish natijasida shaxsning ozib ketishi, egilibroq yurishi, terisi qurib, tuproq tusiga kirishi, tishlari tushib ketishi kuzatiladi. Chunki, giyohvand shaxsning immuniteti pasayib, kalsiy moddasi organizmdan ko‘p miqdorda peshob bilan chiqib ketadi.
Geroin inyeksiya hamda og‘iz orqali qabul qilinadi, shuningdek uning kukuni giyohvand shaxslar tomonidan burunga tortiladi. Ushbu narkotik modda asab tizimi faolligini susaytiradi. Yo‘tal tutishiga sabab bo‘ladi. Yurak urishini tezlashtiradi. Qabziyatni keltirib chiqaradi. Ko‘z qorachiqlarining torayishi, qo‘l va oyoqlardagi inyeksiya belgilari bemorning geroin qabul qilishini bildiradi. Yana uning dozasini tasodifan oshirib yuborish natijasida giyohvand shaxs to‘satdan vafot etishi mumkin. Bitta shpris ignasidan bir necha giyohvandning foydalanishi natijasida esa OIV hamda gepatitning V va S turini yuqtirib olishi mumkin. Bemorlarda qonning zaharlanishi kuzatiladi, immunitet pasayib ketishi sababli uzoq vaqt bitmaydigan yaralar kuzatiladi.
Giyohvandlardan nogiron va mayib-majruh farzandlar tug‘iladi.
Narkotiklar organizmga maxsus ta’sir etadigan kuchli zahar. Ular oqibatida bosh miya atrofida kuchli og‘riqlar; jinsiy zaiflik ro‘y berishi; nafas yo‘llari shilliq qavati va o‘pka to‘qimasining kasalliklarga qarshi kurashish salohiyati keskin pasayib ketishi, bunda o‘pkaning yallig‘lanishi va saraton kasalligiga uchrashi oson kechishi; tutqanoq tutib, bir shpritsdan foydalanish oqibatida OITS, gepatit va qon orqali yuqadigan boshqa yuqumli kasalliklarning kelib chiqishi isbotlangan.
Statistik ma’lumotlarga ko‘ra, giyohvand moddalarga qaram insonlar 4-5 yildan oshiq umr ko‘rmaydilar. Ularning ko‘pchiligi giyohvand moddalarning iste’mol miqdorini oshirib yuborishdan halok bo‘lishadi. Sababi organizmda giyohvand moddaning ta’sir kuchi tugasa, yana xumor tutadi va nashavandning a’zoi badani chidab bo‘lmas darajada qaqshab og‘riydi. Bu og‘riq tananing har bir hujayrasida uchraydi. Xuddi suyaklar sinib, paylar uzilib ketayotgandek bo‘ladi va bu og‘riqlarning oxiri o‘lim bilan yakun topadi.
Giyohvand moddani haddan tashqari ko‘p iste’mol qilish oqibatida bosh miyadagi nafas olish tizimi faoliyatini boshqaradigan markaz to‘xtab, o‘pka shishadi. Bu holatda bemorga birinchi tibbiy yordam ko‘rsatilmasa, u vafot etadi. Shuningdek, giyohvand kishilarning immuniteti ham pasayib ketadi. Narkotik moddani tomir orqali qabul qilish natijasida teri absesslari, flebit (venaning yallig‘lanishi) vujudga keladi. Bemorlarning jinsiy faoliyati susayadi. O‘tkir psixozlar (o‘z joniga qasd qilish) sababli giyohvand shaxsning hayoti xazon bo‘ladi.
© «Salomatlik sandig‘i» gazetasi.
Avitsenna.uz sayti orqali mavzuga aloqador quyidagi maqolalarni ham o‘qishingiz mumkin:
Kasalliklar
Giyohvandlikni to‘xtating!