Girshprung kasalligi
Girshprung kasalligi
DO`STLARGA ULASHING:
Ichaklarning meʼyordagidan kengayib yoki uzayishi girshprung kasalligi hisoblanadi va asosan yosh bolalarda tugʼma holda uchraydi. Girshprung koʼproq oʼgʼil bolalarni bezovta qiladi.
Ichaklar faoliyati Meysner va Аuerbax nerv chigallari tomonidan boshqariladi. Аna shu nerv chigallari hujayralari meʼyorda oʼsib yetilmasligi (yoki mutlaqo mavjud boʼlmasligi) ona qornidagi bolaning girshprung bilan xastalanib tugʼilishiga sharoit yaratadi.Chaqaloqning girshprung bilan dunyoga kelishiga bir nechta omillar sabab boʼladi:
ayolning homiladorlik davrini yomon oʼtkazishi;
boʼyida boʼlgan dastlabki oylarda avitaminozga chalinishi;
homiladorlikning boshlangʼich oylarida oʼtkir yuqumli kasalliklar bilan ogʼrishi;
boʼlajak onaga va homilaga V guruhidagi vitaminlar yetishmasligi.
Girshprungga uchragan goʼdakning ichaklarida peristalьtika (toʼlqinsimon harakat) jarayoni roʼy bermaydi, qabziyat (ich qotish) rivojlanadi, bolani qorin dam boʼlishi bezovta qiladi.Bemorning ichi ikki-uch kunda bir marta kelishi mumkin. Natijada yoʼgʼon ichakda najas (axlat) yigʼilib qoladi va ichaklar kattalasha boradi.
Kengaygan va uzaygan ichaklar qoʼshni aʼzolar (qon-tomirlar, yurak, oʼpka)ni qisib qoʼyishi natijasida bolaning nafas olishi qiyinlashadi, yuragi tez-tez uradi.
Baʼzan yigʼilib qolgan axlat oʼz vaqtida tashqariga chiqarilmagani tufayli ichaklarga qayta soʼriladi va organizm zaharlana boshlaydi. Bunday zaharlanish davomida bolaning ishtahasi yoʼqoladi, behollanib, boshi ogʼriydi.
Girshprung bilan ogʼrigan bola ozib ketadi, terisi quruqlashib, koʼz kosasi chuqurlashadi, hatto, oyoqlari ham noziklashib qoladi.
Kasallikni davolash ikki xil (konservativ va jarrohlik) usulda olib boriladi.
Yengilroq turida konservativ usul qoʼllanilib, bolaga dori-darmon buyuriladi, ichaklari huqna yordamida tozalanadi, ich yurishi taʼminlanadi. Shundan soʼng uning umumiy ahvoli yaxshilanadi.
Girshprung tashhisi qoʼyilgan va bu kasallik rivojlangan bolalarda jarrohlik amaliyoti oʼtkaziladi. Kengaygan yoki uzaygan ichaklarning zararlangan qismi olib tashlanadi, izdan chiqqan nerv chigallari, shuningdek, faoliyati susaygan nerv tizimining simpatik va parasimpatik boʼlimlari yaxshi ishlashiga imkon yaratiladi.
Unutmaslik kerakki, operatsiyadan keyin bemor bolalar kolit (yoʼgʼon ichak kasalligi)ga moyil boʼlib qolishadi. Shuning uchun ular jarrohlikdan soʼng parhezga amal qilishlari lozim, qattiq qovurilgan yogʼli ovqatlar zarar, bugʼda pishirilgan taomlar va yumshoq boʼtqalar hamda suyuq shoʼrvalar ichishlari foydalidir.
Shifokor nazoratida boʼlib, ovqatlanish va dam olish toʼgʼri tashkil etilsa, bemor bola sogʼayib ketadi.
Fotima NORBOEVА, shifokor, pedagog.
Girshprung kasalligi