GIPOTONIYA haqida malumot bilib oling.

Ensiklopediya
GIPOTONIYA haqida malumot bilib oling.

GIPOTONIYA (gipo… va yun. tonos — taranglik) — toʻqima, aʼzo va sistemalarning boʻshashuvi, yaʼni tonusi (tarangligi)ning pasayishi. Yurak-tomir sistemasining tonusi pasayganda kon bosimi past boʻladi. Gipotoniya koʻpincha qon bosimining pasayganligini ifodalaydi (90/60 mm simob ustunidan past). Qon bosimining maromi (normadagisi) yoshga, geografik mintaqaga qarab bir oz farq qilishi mumkin (tropik va subtropik mamlakatlarda yashaydigan kishilarning qon bosimi shim. hududlardagilarga nisbatan pastroq boʻladi). Sport (ayniqsa ogʻir atletika) bilan muntazam shugʻullanadigan yigit-qizlarda, ogʻir jismoniy ish qiladigan kishilarda, balet artistlarida Gipotoniya yillab, baʼzan esa umrbod davom etishi mumkin. Bunday kishilar oʻzlarini yaxshi sezadilar va bemalol ishlayveradilar. Bufiziologik Gipotoniya boʻlib, dori-darmonning hojati yoʻq. Patologi k G. esa turli infeksion kasalliklar, zaharlanish, och yurish yoki yolchitib ovqatlanmaslik, shuningdek, endokrin bezlar kasalligi natijasida yuzaga keladi. Gipotoniya koʻpgina kasalliklarning boshlanish belgilaridan boʻlishi yoki vegetativ nerv sistemasi faoliyatining izdan chiqishi sababli mustaqil kasallik sifatida avj olishi mumkin. Gipotoniyada bosh ogʻrigʻi, madorsizlanish, uyqu buzilishi, jizzakilik, qon bosimining birday past turishi va b. kuzatiladi. Gipotoniya, odatda, surunkali kechib, vaqt-vaqti b-n, ayniqsa qish-bahorda, shuningdek, ruhiy hayajon yoki noqulay tashqi omillar (ob-havo keskin oʻzgarganda) taʼsirida qaytalanib turadi. Gipotoniyaning oldini olish uchun mehnat va dam olishni toʻgʻri uyushtirish, dam olish kunlari yaxshi hordiq chiqarish, badan tarbiya bilan shugʻullanish, ertalab achchiq choy yoki qahva ichish, bekamu koʻst ovqatlanish kerak. Gipotoniya belgilari paydo boʻlganda vrachga murojaat qilib, davolanish lozim. Davo asosan kasallikka sabab boʻlgan omillarni bartaraf etishdan iborat. Qon bosimini koʻtaradigan va quvvatga kirgizadigan dorilar, shuningdek, sanatoriy va kurortlarda davolanish tavsiya etiladi.

Ensiklopediya.uz
GIPOTONIYA