
GIPERPARATIREOZ haqida malumot bilib oling.
GIPERPARATIREOZ [giper… va lot. (glandula) parathyreoidea — qalqonsimon bez oldi bezi] — qalqonsimon bez oldi bezi adenomask yoki giperplaziyasi oqibatida kelib chiqadigan endokrin kasallik. Bunda qalqonsimon bez oldi bezi gormoni (paratgormon)ning koʻp ishlab chiqarilishi kalsiy va fosfor almashinuvining keskin buzilishiga sabab boʻladi. Natijada fosfor va kalsiy birikmalari suyaklardan yuvilib, suyaklar yumshashi, qiyshayishi va sinishi, muskullar zaiflashishi, umurtqalar osteoporozi, nefrokalsinoz, qon plazmasi va siydikda kalsiy koʻpayib ketishi, ruhiy oʻzgarishlar roʻy beradi. Giperparatireozning ayrim shaklida kalsiy ichki aʼzolarda, xususan buyrakda yigʻiladi (buyrak shakli), bunda buyrak va siydik yoʻllarida tosh paydo boʻladi. Koʻproq ayollarda kuzatiladi. Davo asosan oʻsmani olib tashlash, suyak shaklida — ortopedik usullar, buyrak-tosh kasalligida jarrohlik usuli qoʻllaniladi.
Ensiklopediya.uz
GIPERPARATIREOZ