GIPERINFLYATSIYA haqida malumot bilib oling.

Ensiklopediya
GIPERINFLYATSIYA haqida malumot bilib oling.

GIPERINFLYATSIYA (yun. giper… va lot. infl atio — koʻtarilish) — tovarlar narxining shiddat bilan kutarilishi, muomaladagi pul massasining koʻpayishi; pul birligi qadrining keskin pasayishiga, toʻlov muomalasining izdan chiqishiga, odatdagi xoʻjalik aloqalarining uzilishiga olib keladi. Odatda narxning oʻsish darajasi oyiga 1,5 barobar yoki 50% ga yetganda Giperinflyatsiya jarayoni boshlangan hisoblanadi. Giperinflyatsiya bilan inflyatsiya oʻrtasidagi chegarasini aniqlash juda qiyin. Giperinflyatsiyaning yana bir muhim belgisi — korxona, tashkilotlar va aholi nima qilib boʻlsa ham pulni tovarga aylantirishga urinadi, tovar sotib olish mumkin boʻlgan, qadri yuqori pul — valyuta yigʻa boshlaydi. Giperinflyatsiya sharoitida narx-navoni mutlaqo tartibga solib boʻlmaydi, barter avj oladi, pul oʻz vazifalarini bajarmay qoʻyadi. Giperinflyatsiya iqtisodiy tanglik belgisidir. Giperinflyatsiya aksariyat hollarda oʻta tasodifiy siyosiy va iqtisodiy omillar — urushlar, iqtisodiy tanazzul, xukumat siyosati tufayli aholining pulga ishonchsizligi va b. natijasida kelib chiqadi. 20-a. ning 20-y. lari boshida Germaniyada va Ikkinchi jahon urushi davrida Xitoyda yaqqol kuzatilgan. Giperinflyatsiyaning oldini olish uchun shoshilinch holda inflyatsiyaga qarshi choralar koʻriladi.

Ensiklopediya.uz
GIPERINFLYATSIYA