GINOGENEZ haqida malumot bilib oling.
GINOGENEZ (yun. gyne — ayol va …genez) — organizmlar koʻpayishining bir xil i. G. da tuxum hujayrasiga kirgan spermatozoid uning rivojlanishini stimullaydi, lekin yadrosi bilan qoʻshilmaydi va embrionning bundam keyingi rivojlanishida ishtirok etmaydi. Ginogenez soxta urugʻlanish — psevdogamiyadan iborat. Shuning uchun Ginogenezga baʼzan partenogenez shakllaridan biri sifatida qaraladi. Tabiiy Ginogenez ayrim nematodalar, suyakli baliqlar, suvda hamda quruqlikda yashovchilar va koʻpchilik yopiq urugʻlilarda aniqlangan. Baʼzan ginogenetik populyatsiyalarda erkagi uchramaydi, tuxum esa boshqa turlar spermasi bilan urugʻlanadi (mas, karas ikrasi choʻrton erkagi «suti» bilan urugʻlanadi). Ginogenezni tajribada tuxum hujayrani boshqa uzoq tur spermatozoidlari bilan urugʻlantirish, fizik va kimyoviy usulda spermatozoid yadrosini faolsizlantirish yoki tuxumdan erkaklik pronukleusini chiqarib olish orqali paydo qilish mumkin. Bunday yoʻl bilan olingan gaploid embrion yashovchan boʻlmaydi. Diploid G. roʻy berishi uchun tuxum hujayra yetilishi davridagi boʻlinishlardan birining sitotomiyasini yoki tuxum maydalanishidagi dastlabki boʻlinishlardan birini yoʻqqa chiqarish lozim. Ginogenezdan gomozigotalikda yoki faqat bir jinsli organizmlarni olishda foydalaniladi.
Sayfullo Toʻychiyev.
Ensiklopediya.uz
GINOGENEZ