Ginekomastiya — sabablari, alomatlari, tasnifi, tashxislash, davolash, jarrohlik

Ginekomastiya — sabablari, alomatlari, tasnifi, tashxislash, davolash, jarrohlik

Ginekomastiya (yunoncha γῠνή — ayol va μαστός — ko’krak) — erkaklar ko’krak bezlari patologiyasi bo’lib, ko’krak bez yoki yog’ to’qimalarining gipertrofiyasi bilan ko’krakning kattalashishi kabi namoyon bo’ladi. Jinsiy yetilish davrida ko’pincha (ayniqsa, tor kiyim bilan jismoniy aloqa bo’lganda va shu kabi holatlarda) sut bezlarining og’riqli zichlanishi hosil bo’lib, keyin o’z-o’zidan yo’qoladi. Ko’krakning kattalashish darajasi 1 dan 10 sm gacha bo’lishi mumkin, o’rtacha hajmi 4 sm ga teng.
svg%3EGinekomastiya kasalligi

Ko’pincha ginekomastiya erkak sportchilarda zo’riqishning keskin kamayishi va doimiy psixologik stress natijasida rivojlanadi. Faol sportiv hayot kechirishda ayol va erkak gormonlarining potensial muvozanati testosteron foydasiga buziladi. Zo’riqishlar bo’lmaganida va doimiy salbiy psixologik omillar ta’siri ostida muvozanat ayol gormonlari tomonga siljiydi.

Ginekomastiya rivojlanishi mexanizmi va etiologiyasi

Normada erkaklarda sut bezlari rivojlanmagan, rudimentar a’zo bo’lib, oz miqdorda bez va yog’ to’qimasi, qisqa kanallar va so’rg’ichdan tashkil topgan bo’ladi. Sut bezining rivojlanishi va faoliyati ayol jinsiy gormonlar — estrogen va gipofiz gormoni — prolaktin ta’siriga bog’liq. Odatda, erkak organizmida estrogen miqdori androgenlar tarkibining 0,001% dan oshmaydi va ular tezda jigarda parchalanib ketadi. Bir qator sabablarga ko’ra, androgen / estrogen nisbati estrogen tarafga qarab o’sadi yoki to’qimalarning testosteron ta’siriga sezgirligining kamayishi sodir bo’ladi. Esterogenlarning ta’siri ostida erkak ko’krak bezi to’qimasini ayol tipi bo’yicha jadal o’sishi va rivojlanishi sodir bo’ladi, bez to’qimasi intensiv rivojlanishni boshlanadi. Prolaktin ishlab chiqaradigan gipofiz bezining adenomasi rivojlanishida, ko’krak bezlarida yog’ va biriktiruvchi to’qimalarning to’planishi qayd qilinadi. Ginekomastiyada bezlar hajmi va zichligi oshadi.

Ginekomastiya sababi shuningdek turli endokrinopatiyalar bo’lishi mumkin: Klaynfelter sindromi, testikulyar feminizatsiya, Rayfenshteyn sindromi, kastratsiya, gipotireoz, moyak o’smalari (Leydig hujayralari paydo bo’lishi), xoriokarsinoma, gipofiz va buyrak usti bezi o’smalari. Ginekomastiya bronxlar saratonida o’sma sindromi bo’lishi mumkin.

Kasallik ochlik tufayli distrofiya, leprada (moxov) ham rivojlanadi. Bundan tashqari, erkaklarda ginekomastiya kelib chiqishi sababi sifatida oldin sport bilan shug’ullanib, keyinchalik mashg’ulotlarni birdan tashlab qo’yilishini ham ta’kidlash lozim. Bunday hollarda ginekomastiya asoratlarga olib kelmasdan bir yildan o’n yilgacha davom etishi mumkin. Bunday hollarda ko’krakning kattalashishi klinik xavf tug’dirmaydi.

Uzoq muddat qo’llanilganda bir qator dorilar ginekomastiyaga olib kelishi mumkin: spironolakton, digitalis, metildopa, rezerpin, meprobamat, fenotiazin, risperidon, ketokonazol, kanabiantlar, estrogen, testosteron yoki gonadotropin bilan gormonoterpiya.

Ba’zan kasallik noendokrin kasalliklar tufayli ham rivojlanadi, masalan intoksikatsiyalar, jigar sirozi, buyrak va yurak-qon tomir yetishmovchiligi, OIV infektsiyasi, ko’krak qafasidagi jarohatlar, ko’krak qafasining gerpetik shikastlanishi, uzoq ochlikdan keyin ovqatlanishning me’yorlashishi va hk.

Tasnifi

  1. Chin ginekomastiya. Ko’krak kattalashishi bezlar to’qimasi hisobiga sodir bo’ladi. Ko’krak bezi ostida qattiq to’qimalar palpatsiyalanadi va UTT tashxis qo’yish shifokori ultratovush tekshiruvi davomida bezni aniqlaydi.
  2. Soxta ginekomastiya yoki lipomastiya. Ko’krak yog’ to’qima hisobiga kattalashadi. Lipomastiya asosan semiz erkaklarda kuzatiladi.
  3. Aralash ginekomastiya. Chin va soxta ginekomastiya birikmasi:
    • Yog’ to’qimalarining ustunligi bilan.
    • Glandular (bez) to’qimalarning ustunligi bilan.

Chin idiopatik (fiziologik) ginekomastiya uch xil bo’lishi mumkin:

  • Chaqaloqik davridagi ginekomastiya — sut bezlarining shishishi chaqaloqlarning 60-90 foizida qayd etiladi. Bu holat onaning jinsiy gormonlari ta’siri natijasi bo’lib, u gormonlar bola organizmiga hali ona qornida bo’lganida tushgan. Davolash talab qilinmaydi, sut bezlari 2-4 haftadan so’ng kichrayadi.
  • Pubertant davr ginekomastiyasi — 13-14 yoshdagi o’smirlarning 30-60 foizida rivojlanadi; 80% hollarda bezlarda ikki tomonlama o’sish kuzatiladi. Bu erkak jinsiy tizimining yetilmaganligi va erkaklar gormoni ustidan ayol jinsiy gormonlarning ustunligi bilan bog’liq. Odatda bu 1-2 yil ichida o’z-o’zidan qaytadi.
  • Keksalik davridagi ginekomastiya— 50-80 yoshli erkaklarda, testosteron ishlab chiqarishning kamayishi va estrogenlarning ustunligi tufayli kuzatiladi.

Bemorlarda ko’pincha har ikki sut bezlari ham kattalashadi (80% hollarda). Bunda ikki tomonlama ginekomastiya haqida gapiriladi. Ba’zan esa faqat bitta ko’krak bezining kengayishi — bir tomonlama ginekomastiya qayd qilinadi.

Klinik tasvir

Ko’krak bezlari sohasida og’irlik, bosimli kengayish, qichishish va yoqimsiz his-tuyg’ular paydo bo’ladi. Palpatsiyada og’rimaydigan zich-elastik harakatlanadigan hosila aniqlanadi. Mahalliy limfa tugunlari kattalashmaydi.

Tashxis

  1. Ginekomastiya tashxisini qo’yish uchun ko’krak bezi UT tekshiruvini o’tkazish kerak.
  2. Diagnostikada ginekomastiya sababini topish ham juda muhimdir.

Buning uchun gormonal profil tekshiriladi(testosteron, estradiol, prolaktin, LG va TTG ). Ko’pincha ginekomastiya bilan og’rigan bemorlarda estradiol darajasi ko’tarilganligi va testosteron darajasining pasayganligi kuzatiladi. Ginekomastiya mushak massasini ko’paytirish maqsadida anabolik steroidlarni qabul qilish fonida ham rivojlanishi mumkin, shuning uchun bemorning anamnezini bilish juda muhim. Ginekomastiya Kallman sindromi, Klaynfelter sindromi kabi genetik kasalliklarga hamrohlik qilishi mumkin. Bu holda yuqoridagi kasalliklarni aniqlash kerak. Gipogonadizmda ham ginekomastiya rivojlanishi mumkin, shuning uchun moyak, prostata bezi va gormonal spektrni (testosteron, estradiol, LG, FSH, TTG) o’rganish ham muhim qadamlardan biridir.

Differentsial tashxis

Ginekomastiyani differentsial tashxislash qiyin emas. Ginekomastiya — sut bezlarining yaxshi sifatli kattalashishidir. Shuning uchun, asosiy differentsial tashxis qo’yish ko’krak bezi saratonini istisno qilishga qaratiladi. Ammo erkaklarda ko’krak bezi saratoni juda kam uchraydi. Buning uchun hosila punktsiyasi o’tkaziladi, so’ngra hujayra tarkibi o’rganiladi. Shuningdek, ko’krak bezlari olib tashlanib bo’lgach, u saraton emas, balki ginekomastiya bo’lganligiga ishonch hosil qilish uchun gistologik tekshurv amalga oshirilishi mumkin.

Ginekomastiyani davolash

Ginekomastiyani davolash jarrohlik va terapevtik hisoblanadi. Ginekomastiyaning fiziologik turlari, odatda, o’z-o’zidan o’tib ketadi va tibbiy tuzatishni talab qilmaydi. Ba’zan o’smirlar fiziologik ginekomastiyasida yuqori estrogen darajasini bostirish uchun gormonal preparatlar belgilanishi mumkin: klomifen, tamoksifen, digidrotestosteron, danazol, testolakton. Agar medikamentoz davolash ko’krak hajmining kamayishiga olib kelmasa, u holda plastik jarrohlik yordamga keladi. Jarrohlik asosan yomon sifatli shishalarda ko’rsatiladi.

Gormonal terapiya har doim kerakli natijani bermaydi. Ba’zi hollarda testosteron bilan davolash teskari ta’sir ko’rsatadi. Shuningdek, ginekomastiyani gormonal dorilar bilan davolashda saraton xavfi keskin ortadi. Ko’krak bezi o’sishini sekinlashtirish maqsadida sut bezlarini qisib bog’lab «ezib qo’yish» qat’iyan qarshi ko’rsatiladi. Bunday harakatlar qon aylanishining buzilishi, qon dimlanishi yuzaga kelishi va natijada — yomon sifatli shishlarning paydo bo’lishiga olib keladi.

Anesteziya

Operatsiya mahalliy yoki umumiy anesteziya ostida amalga oshirilishi mumkin.

  • Mahalliy anesteziya uchun ko’krak va atrofdagi teri va teri osti yog’ kletchatkasiga 0,5-1%li lidokain eritmasi yuboriladi. Anesteziyaning ushbu turi gospitalizatsiyasiz operatsiyani istagan bemorlar uchun mos keladi.
  • Qisqa muddatli sedatsiya bilan mahalliy anesteziya. Operatsiya paytida bemor uyquga ketadi, ammo unga 0,5-1%li lidokain eritmasi bilan mahalliy anesteziya ham qilinadi. Operatsiyadan so’ng, bemor 2-3 soat palatada yotadi, keyin esa unga javob berishadi. Shu kun avtomobil haydash va spirtli ichimliklar ichishdan saqlanish kerak.
  • Umumiy anesteziya katta hajmdagi ginekomastiya olib tashlanishi kerak bo’lgan bemorlarga, shuningdek lipomastiyada so’rg’ich-areolyar kompleksni tortishli liposaktsiya o’tkazish uchun qo’llaniladi. Anesteziyaning ushbu turida 1-2 kunga gospitalizatsiya talab qilinadi.

Ginekomastiyada operatsiya turlari

Operatsiya usulini tanlash ko’krak bezi hajmiga, teri osti yog’i miqdoriga va terining tortish zarurligiga bog’liq. Kichik o’lchamdagi chin yoki aralash ginekomastiyada, so’rg’ichlar kirib qolishini oldini olish uchun ular ostida «maydon» shakllantirishli teri osti mastektomiyasi tavsiya etiladi.

Lipomastiyada operatsiyaning ikki varianti mavjud: liposaktsiya yoki lipektomiya (yog’ to’qimasini teri ostidan chiqarib tashlash). Operatsiyadan so’ng maxsus kompression ich kiyimlardan foydalanish ko’rsatilishi mumkin. Gematoma va ko’karishlarning paydo bo’lishi inkor etilmaydi, chunki operatsiya davomida kichik tomirlar zararlanadi. Odatda, bunday ko’krarishlar 2-3 hafta o’tib ketadi.

Kasalliklar
alomatlari, davolash, Ginekomastiya — sabablari, jarrohlik, tashxislash, tasnifi