Gidrosefaliya: bolalarda va kattalarda — alomatlari, sabablari, davolash, asoratlari

Gidrosefaliya: bolalarda va kattalarda — alomatlari, sabablari, davolash, asoratlari

Gidrosefaliya (qad.yun. ὕδωρ — «suv» + κεφαλή «bosh» so’zidan olingan), bosh miyada suv to’planishi — bosh miyaning qorinchali tizimida ortiqcha orqa miya suyuqligining to’planishi bilan tavsiflanadigan kasallik, bu orqa miya suyuqligining sekretsiya joyidan (bosh miya qorinchalari) qon tizimiga absorbtsiyasi (subaraxnoidal bo’shliq) joyigacha yetib borishining qiyinlashuvi — okklyuzion gidrosefaliya, yoki absorbtsiya buzilishi — arezorbtiv gidrosefaliya naijasida yuzaga keladi.
Gidrosefal — bu gidrosefaliyadan aziyat chekuvchi odam.

svg%3EGidrosefaliya kasalligi haqida to'liq ma'lumot

Ko’pincha bu kasallik yosh bolalarda uchraydi, lekin kattalar ham bu kasallikdan himoyalanmagan. Kasallik vaqt o’tib jiddiy asoratlarga va hatto o’limga olib kelishi mumkin.

Gidrosefaliya qanday kasallik?

Orqa miya suyuqligi likvor deb ham ataladi, u asab to’qimasi faoliyati uchun hayotiy darjada zarurdir.  Likvor ham bosh miyada, ham orqa miyada mavjud. Bosh miyada bu suyuqlik kalla suyagining markazida joylashgan to’rtta qorinchada jamlangan. Ikkita yuqori qorinchalar ikkita yarimsharlarda, ikkita pastki qorinchalar esa miyaning markaziy o’qi bo’ylab joylashgan. Qorinchalar bir-biri bilan suv yo’li deb ataladigan quvurlar tizimi orqali muloqot qilishadi. Bundan tashqari, likvor miya qobiqlarini ajratib turuvchi subaraxnodial bo’shliqqa va kalla suyagining asosida joylashgan miya sisternalarigacha borishi mumkin.

Serebrospinal suyuqlikning vazifalari har xil:

  • Asab to’qimalarni tashqi mexanik ta’sirlardan himoya qilish;
  • Zararli moddalarni miyadan chiqarib tashlash va ozuqa yetkazib berish;
  • Intrakranial (bosh ichi) bosimning barqaror qiymatini saqlab turish.

Likvor hajmi nisbatan kichik, chaqaloqlarda u 50 ml, kattalarda esa 120-150 ml atrofida bo’ladi.

Likvor, qon kabi, bosh suyagining bo’shlig’ida aylanib yuradi. Shu bilan birga, uning tarkibi doimo o’zgarib turadi: katta yoshdagi kishilarda kuniga 3 marta, chaqaloqlarda tez-tez — kuniga 8 marta. Har daqiqada kattalarda 0.35 ml likvor hosil bo’ladi, bir sutkada — taxminan 500 ml. Kattalarda likvorning bosimi keng chegaralarda o’zgarishi mumkin — 70 dan 180 mm sim. ust gacha.

Likvor asosan miya qorinchalarida hosil bo’ladi. Suyuqlikning uchdan ikki qismi qorinchalarning tomirli chigalida, qolgan qismi qorinchalarning membranasi va miya qobig’ida hosil qilinadi. Bosh suyagi ichida, uning ensa-tepa qismida joylashgan maxsus venalar — venoz sinuslarda uning so’rilishi sodir bo’ladi.

Shundan kelib chiqib, ba’zi sabablarga ko’ra, likvor aylanishi jarayoni buzilsa va u keragidan ortiq hosil bo’lsa, yoki u yetarlicha tez so’rilmasa, bunda bosh suyagi ichida ortiqcha suyuqlik to’planishi kuzatiladi. Aynan shu sindrom gidrosefaliya deb ataladi.

Likvorning ortiqchaligi kattalarda va bolalarda turlicha namoyon bo’ladi. Kattalarning bosh suyagi qattiq bo’ladi, shuning uchun likvorning ko’pligi, qoida tariqasida, bosh suyak ichi bosimining kuchayishiga olib keladi. 2-3 yoshgacha bo’lgan bolalarda bu masala umuman boshqacha. Ularning bosh suyagi yetarlicha yumshoq bo’ladi va shuning uchun bolalarda gidrosefaliya o’zini ko’pincha bosh aylanasining anomal kengayishi shaklida namoyon qiladi.

Gidrosefaliya turlari

Kasallikning uchta asosiy shakli mavjud: ochiq, yopiq (okklyuzion) va gipersekretor.

  • Kasallikning yopiq turi likvorning tizimli qon oqimiga bosh suyagining mo’ljallangan yo’llaridan qayta oqishiga qarshilik qiluvchi jismoniy to’siq mavjud bo’lganida rivojlanadi. Kasallikning bu turi sababchilari turli kistalar, o’smalar yoki qon quyilishlar bo’lishi mumkin.
  • Gidrosefaliyaning ochiq turi likvorning tizimli qon oqimiga so’rilishi mexanizmi buzilganida kuzatiladi. Bunday turdagi kasallikning sabablari, odatda, ilgari boshdan kechirilgan infektsiya, masalan, menigit yoki subaraxnoidal bo’shliqda qon mavjudligidir.
  • Gipersekretsiyali gidrosefaliya — nisbatan kam uchraydigan kasallik hisoblanib, taxminan 5% hollarda kuzatiladi. Bu orqa miya suyuqligining ortiqcha ishlab chiqarilishi natijasida yuzaga keladi. Bu holat, masalan, qon tomir chigali patologiyasi tufayli yuz berishi mumkin.

Bundan tashqari, tug’ma, orttirilgan va o’rnini bosuvchi kabi gidrosefaliya turlari mavjud. Kasallik odamda tug’ilish paytidan boshlab mavjud bo’lsa tug’ma gidrosefaliya deb aytiladi. Orttirilgan gidrosefaliya boshdan kechirilgan kasalliklarning oqibati hisoblanadi. O’rnini bosuvchi kasallik turi miya to’qimalarining degradatsiyasi va uning o’rni likvorning oshgan hajmi bilan bosilishida paydo bo’ladi.

Patologik jarayonlarning jadalligi bo’yicha kasallik o’tkir va surunkali turlarga bo’linadi. O’tkir turi bir necha kun ichida, odatda yopiq shaklda rivojlanadi va zudlik bilan jarrohlik aralashuvini talab qiladi. Surunkali turi bir necha oy ichida rivojlanadi. Ko’pincha ochiq kasallik turi bilan birgalikda qayd qilinadi.

Likvor hajmining oshgan joyga ko’ra kasallik tashqi, ichki va aralash turlarga bo’linadi:

  • Tashqi turida ortiqcha suyuqlik asosan miya qobiqlari orasidagi bo’shliqda to’planadi.
  • Ichki turida kasallik miya qorinchalariga ta’sir qiladi. Bunday kasallik ko’pincha tug’ma yopiq turdagi shakli bilan birga kuzatiladi. Bundan tashqari, ichki gidrosefaliya simmetrik va bir tomonlama kabi turlarga bo’linishi mumkin. Likvor hajmining ortishi simmetrik joylashgan ikki qorinchaning faqat bittasiga ta’sir qilganda gidrosefaliyaning bir tomonlama turi tashxislanadi.
  • Aralash turida suyuqlik hajmining ortishi ham qorinchalarda, ham miya qobiqlari orasidagi bo’shliqda kuzatiladi.

Bundan tashqari, kasallik kompensatsiyalangan va dekompensatsiyalangan shakllarga ega bo’lishi mumkin. Kompensatsiyalangan shaklda, suyuqlik miqdori oshishiga qaramasdan, miya asab tuzilmalarining siqilishi kuzatilmaydi va shunga mos ravishda salbiy nevrologik alomatlar ham bo’lmaydi. Ammo, kasallikni davolash boshlanilmasa, u dekompensatsiyalangan bosqichga o’tishi mumkin.

Rivojlanish dinamikasiga ko’ra, gidrosefaliya progressiv, stabillashgan (barqarorlashgan) va regressiv shakllarga bo’linadi. Orqa miya suyuqligi bosimining darajasiga ko’ra kasallik gipertenziv (yuqori bosimli), normotenziv (normal bosimli) va gipotenziv (past bosimli) turlarga bo’linadi.

Bolalarda gidrosefaliya yuzaga kelishi sabablari

svg%3EChaqaloqda gidrosefaliya
Garchi kattalarga qaraganda kasallik bolalarda kengroq tarqalgan bo’lsa-da, uning tarqalganligi odatdagi hisoblanadigan ko’rsatkichlarga nisbatan ancha past. Statistika ma’lumotlari shuni ko’rsatadiki, bitta gidrosefaliya bilan kasallanish holati bir necha ming chaqaloqqa (turli manbalarda 1000 dan 3000 tagacha) to’g’ri keladi. Shunga qaramay, miyada suyuqlik to’planishi — bolalarda eng keng tarqalgan rivojlanish anomaliyalaridan biridir. Qiz bolalarga ko’ra ko’proq o’g’il bolalar kasallanadi. Kasallik ko’pincha hayotning dastlabki uch oyida aniqlanadi.

Shuni esda tutish kerakki, gidrosefaliyaning haqiqiy turining chaqaloqlarda bundan ko’proq tashxislanadigan «gipertenzion-gidrosefalik sindrom» bilan hech qanday aloqasi yo’q. Bu holat kalla suyagi ichi bosimining biroz oshganligi bilan tavsiflanadi, lekin ko’p hollarda u mustaqil ravishda tuzalib ketadi va haqiqiy gidrosefaliyadan farqli o’laroq jiddiy davolanishni talab qilmaydi.

Bolalarda kasallik tug’ma yoki orttirilgan bo’ladi. Tug’ma gidrosefaliyani turli omillar keltirib chiqarishi mumkin:

  • Tug’ilish davomidagi jarohatlar;
  • Homila gipoksiyasi;
  • Genetik anomaliyalar;
  • Bola organizmining orna qornidaligida infektsion kasalliklar bilan zararlanishi.

Bosh miyada suyuqlik to’planishiga olib kelishi mumkin bo’lgan infektsion kasalliklar orasida:

Gidrosefaliya rivojlanishiga olib keladigan tug’ma genetik anomaliyalar:

  • Kiari sindromi — miya hajmining bosh suyagi hajmidan kichikligi;
  • Miya suv yo’llarining tug’ma torayganligi;
  • Likvorning qayta oqishi uchun teshiklarning yetarli rivojlanmaganligi;
  • Boshqa xromosomal anomaliyalar.

Kasallikning orttirilgan turi o’tkir infektsion kasalliklar asorati bo’lishi, masalan meningit, otit yoki ensefalit, zaharli moddalar bilan zaharlanishdan keyin paydo bo’lishi, o’smalar va qon quyilishlar natijasida yuzaga kelishi mumkin. Ekspertlarning fikriga ko’ra, gidrosefaliya yuzaga kelishining 180 dan ortiq sabablari mavjud.

Bolalarda gidrosefaliya kasalligining alomatlari

Emizikli va undan yoshroq bolalarda, odatda, kasallik alomatlari yaqqol namoyon bo’ladi. Birinchi navbatda bosh suyagining kattaligi e’tiborni tortadi. Shuni inobatga olish kerakki, chaqaloqlarning boshi juda tez o’sib boradi — oyiga taxminan 1,5 sm. Biroq, agar bosh o’sishi darajasi bu qiymatdan oshib ketgan bo’lsa, bu tashvishlanishga sabab bo’lishi kerak.

Yangi tug’ilgan chaqaloqlarda bosh suyakgi bir-biridan ajralgan alohida suyaklardan iborat. Yosh o’tishi bilan suyaklar birlashib ketishi kerak. Miya suyuqligi miqdorining oshib ketganligi bu jarayonga to’sqinlik qiladi va suyaklarni bir-biridan uzoqlashtiradi, natijada bolaning boshi nomutanosib ravishda katta bo’lib qoladi.

Ammo boshning kattaligi gidrosefaliyaning yagona belgisi emas, bundan tashqari, ayrim hollarda bu alomat umuman kuzatilmasligi ham mumkin. Shuningdek bosh terisiga ham e’tibor berish kerak. Odatda, gidrosefaliyada u yupqa va porloq bo’ladi, unda tomirlar tarmog’i ko’rinib turadi. Garchi bolalarda bosh suyaklari moslashuvchanlikka ega bo’lsa-da, bir qator hollarda bosh suyagi bo’shlig’ida suyuqlik miqdorining ko’payishi miyaning turli qismlarini ezib qo’yishga olib keladi.

Bundan tashqari, chaqaloqlarda liqildoqning shishib qolganligi, bosh suyaklari tutashadigan joydagi terining bo’rtib qolishi kasallikning belgilari sanaladi. Bosh suyagi urib ko’rilganda, «yorilgan tuvak»ning xarakterli tovushi eshitiladi.

Gidrosefaliyali bola turli nevrologik buzilishlarga duch kelishi mumkin:

  • Tananing alohida qismlari parezi;
  • Mushaklar tonusining o’zgarishi;
  • Mushaklar kuchsizligi;
  • Tirishishlar;
  • Yomon uyqu;
  • Yomon ishtaha;
  • Qo’llar va jag’lar qaltirashi;
  • Boshini ushlab turish, tik turish va o’tirishdagi qiyinchiliklar;
  • Nutqni va rivojlanishning kechikishi.

Shuningdek, ko’z olmalarining tashqi ko’rinishi va ularning harakatlari tabiatiga e’tibor qaratish lozim. Kasallikka xos oftalmologik alomatlar ro’yxati quyidagilarni o’z ichiga oladi:

  • Ko’z olmalarining ixtiyorsiz harakatlari;
  • Ko’zni tepaga tortilishi;
  • G’ilyalik;
  • Gref sindromi yoki «quyosh botishi» belgisi (ko’z qorachig’i va qovoq o’rtasida harakat paytida paydo bo’ladigan oq chiziq).

Ko’pgina hollarda chaqaloqlar uchun gidrosefaliyaning normotenziv turi xarakterli bo’ladi. 2 yoshdan katta bolalarda bosh ichi bosimining oshishi alomatlari ham qayd qilinishi mumkin:

  • Qusish;
  • Bosh og’rig’i;
  • Harakatlar koordinatsiyasining buzilishi;
  • Asabiylik;
  • Uyquchanlik;
  • Ko’zda ikkilanish va boshqa ko’rish nuqsonlari, to’liq ko’rlikka qadar.

Katta maktabgacha va maktab yoshidagi bolalar xotira, o’zlashtirish, ijtimoiy moslashish bilan bog’liq muammolarga, nevrozlar, bosh og’rig’iga duch kelishlari mumkin.

Kattalarda kasallikning sabablari

Ko’p hollarda kattalarda va 12 yoshdan oshgan bolalarda kasallik ikkilamchi tabiatli bo’ladi. Bu shuni anglatadiki, kasallikning rivojlanishi sababi boshqa kasallikdir.

Kattalarda gidrosefaliyaga olib kelishi mumkin bo’lgan kasalliklar ro’yxati yetarlicha katta:

Bundan tashqari, kasallikning sababi miya to’qimasining atrofiyasi bo’lishi mumkin. Kasallikning bu varianti o’rnini bosuvchi gidrosefaliya deb ataladi.

Kattalardagi gidrosefaliya alomatlari

Kattalarda bosh suyagi bo’shlig’ida aylanadigan suyuqlik miqdori oshganida, bosh suyaklarining kattalashishi sodir bo’lmaydi. Shu bois, ko’p hollarda miyada suyuqlik to’planishi bosh ichi bosimining ortishi bilan kechadi. Ushbu sindrom xarakterli alomatlar bilan aniqlanishi mumkin. Yuqori bosh ichi bosimining asosiy belgisi analgetiklar yordamida ham to’xtamaydigan doimiy bosh og’rig’idir. Ko’pincha bosh og’rig’i erta tongda kuchayadi, bu esa kechasi bosimning oshganligi bilan bog’liq. Gidrosefaliyaning o’tkir shaklida quyidagilar kuzatilishi mumkin:

  • Ko’rishning yomonlashishi;
  • Qayt qilish va ko’ngil aynishi;
  • Uyquchanlik;
  • Vestibulyar alomatlar — bosh aylanishi, yurishning buzilishi;
  • Parezlar;
  • Mushak tonusining o’zgarishi;
  • Ko’z harakatlari buzilishlari.

Og’ir holatlarda bemorlarda nutq va xatti-harakat buzilishlari, yuqori agressiya yoki aksincha, apatiya kuzatiladi.

Gidrosefaliyaning surunkali shakli uchun quyidagi buzilishlar xarakterli:

  • Kognitiv buzilishlar;
  • Uyqusizlik;
  • Apatiya;
  • Xotira buzilishi;
  • Yurish buzilishlari;
  • Epileptik tutqanoqlar;
  • Enurez.

Kasallikni tashxislash

Kasallikni aniqlashning bir necha yo’li mavjud. Ko’pincha katta yoshlilarga qaraganda kasallikni bolalarda aniqlash osonroqdir. Ba’zan yoshi katta bemorlarda kasallikni aniqlash juda qiyin bo’ladi. Ilgari gidrosefaliyadan aziyat chekkan ko’plab katta yoshli bemorlarga boshqa turli xil psixologik va nevrologik kasalliklar tashixisi qo’yilgan. Shu bilan birga, tabiiyki, ularni davolash unchalik samarali emas edi. Zamonaviy diagnostik usullar paydo bo’lgandan keyin vaziyat yaxshilandi.

Bolalarda kasallik ko’pincha bolani muntazam tekshirib turadigan pediatr tomonidan aniqlanadi. Shifokor boshning kattalashishi, liqqildoqning bo’rtib qolishi, bosh suyagi choklarining bir-biriga nisbatan uzoqlashishi, teri ko’rinishining o’zgarishi va xarakterli nevrologik alomatlar singari gidrosefaliyaning aniq belgilariga e’tibor berishi mumkin. Tashxisni osonlashtirish uchun ota-onalarga chaqaloqning bosh aylanasi o’lchamini muntazam ravishda qayd etib borish tavsiya etiladi. Agar kasallik mavjudligiga shubha qilinsa, pediatr nevropatologga, neyroxirurgga yoki bolalar xirurgiga yo’llanma berishi mumkin.

Biroq yuqoridagi belgilarning ko’pchiligi boshqa patologiyalarda — bosh ichi gematomalari, kistlari va o’smalari, ayrim tug’ma kasalliklar, masalan, Keneven kasalligida kuzatilishi mumkin. Shuning uchun dastlabki tashxis faqat instrumental tadqiqotlar yordamida tasdiqlanishi yoki rad etilishi mumkin — masalan MRT (eng ko’p ma’lumot beruvchi usul), kompyuterli tomografiya, rentgenografiya yordamida. Kichkina bolalar uchun UT tekshiruvidan (ya’ni neyrosonografiya) foydalanish mumkin, bunda ultratovush to’lqinlari o’tishi mumkin bo’lgan bolaning alohida bosh qismlari tekshiriladi. UTT shuningdek, bolada ona qornidaligidayoq gidrosefaliya kasalligi mavjud bo’lganda tashxis qo’yishga imkon beradi. Bunday tashxis juda muhimdir, chunki homilaning kattalashgan boshi tug’ruq jarayonini sezilarli darajada murakkablashtirishi mumkin.

Yopiq gidrosefaliyaning sabablarini tashxislash uchun endoskopik uskunalar ishlatilishi mumkin. Ushbu usulning mohiyati shundaki, qorinchalarning bo’shlig’iga maxsus qurilma — endoskop kiritish orqali shifokor tasvirni  monitoriga o’tkazishi mumkin.

Tashxis qo’yish uchun ko’z tubini o’rganishdan ham foydalaniladi, bu esa bosh ichi bosimi o’sishini aniqlash imkonini beradi. Biroq, bu usulni muhim deb atab bo’lmaydi, chunki kasallik har doim ham bosh ichi bosimining o’sishi bilan birga kechmaydi.

Gidrosefaliyada ko’p hollarda elektroensefalografiya ham juda kam ma’lumot beradi va faqat yordamchi diagnostika vositasi sifatida ishlatilishi mumkin. Shunga qaramasdan, EEG gidrosefaliya bilan bog’liq nevrologik kasalliklarni davolashda, masalan, konvulsiv sindromda qo’llanilishi mumkin.

Kasallikni tashxislashda, sodir bo’layotgan patologik o’zgarishlar dinamikasini hisobga olish kerak. Ya’ni, masalan, MRTda bir marta qayd etilgan qorinchalarning kattalashishi hali gidrosefaliya belgisi emas. Ko’pgina hollarda bu alomat o’z-o’zidan o’tib ketishi mumkin. Lekin bir necha oylik intervallar bilan o’tkazilgan tadqiqotlar vaziyatning yomonlashuvini ko’rsatsa, bu boshqa gap. Faqatgina shunday holda tashxisni tasdiqlash mumkin. Agar kuzatishlar qorinchalarning hajmi kattalashganini ko’rsatsa, ammo u barqaror darajada saqlansa, odatda, bunday holatda davolanish shart emas.

Gidrosefaliyaning asoratlari

Davolash bo’lmasa, ko’p hollarda kasallik yanada rivojlanadi. Bu salbiy oqibatlarga olib kelishi mumkin, jumladan, bemorning bevaqt o’limi bilan tahdid qiladi.

Gidrosefaliyaning asosiy asoratlari:

  • Miya shishishi;
  • Miyaning siljishi;
  • Epileptik tutqanoqlar;
  • Koma;
  • Insult;
  • Nafas yetishmovchiligi.

Chaqaloqlarda gidrosefaliya mavjud bo’lganda yangi miya to’qimalar shakllanishining sekinlashuvi yoki to’xtashi kuzatiladi. Bu esa bolaning aqliy, ruhiy va emotsional rivojlanishdan ortda qolishga olib keladi.

Gidrosefaliyani davolash

So’nggi yillarda tibbiyot gidrosefaliyani davolashda katta yutuqlarga erishdi. Chorak asr oldin ushbu kasallik bilan xastalangan bemorlarning yarmidan ko’pi vafot etardi, bugungi kunda esa o’lim darajasi 5% dan ortiq emas.

Gidrosefaliyani davolash usullarini tanlash kasallikning etiologiyasi, uning shakli va rivojlanish darajasiga bog’liq. Ba’zi hollarda etiotrop davolash mumkin. Biroq, ko’p hollarda, davolash bosh suyagi bo’shlig’idagi suyuqlikni kamaytirishga qaratilgan. Kattalar va bolalarda progressiv gidrosefaliyani davolash faqat jarrohlik yo’li bilan amalga oshirilishi mumkin, konservativ davolash bu holda past samarali bo’ladi.

Yopiq va ochiq gidrosefaliyada amalga oshiriladigan operatsiyalar biroz farq qiladi. Ilgari ochiq gidrosefaliya deyarli bedavo kasallik hisoblangan. Biroq, XX asr o’rtalarida ko’pchilik bemorlarni qutqarib qolish imkonini beruvchi yangi texnologiyalar paydo bo’ldi.

svg%3Egidrosefaliya shuntlash orqali davolash
Bosh suyagi bo’shlig’idan ortiqcha suyuqlikni chiqarib tashlash uchun, odatda shuntlash qo’llaniladi. Bunda bosh suyagi ichiga maxsus kateter qo’yilib, orqa miya suyuqligi boshqa tana bo’shliqlariga haydaladi. Bunday katererlarning ko’proq qismi teri yuzasi ostida joylashadi. Suyuqlik to’planadigan joy sifatida, qorin bo’shlig’i (95% hollarda), yurak bo’lmachalari, ko’krak sohasidan foydalanish mumkin. Ba’zi hollarda, suyuqlik bosh miya orqali emas, orqa miya orqali qorin bo’shlig’iga yo’naltirilishi mumkin.

Agar operatsiya bolada o’tkazilsa, u ulg’aygani sari kateterlar ham uzaytirilishi va almashtirilishi talab etiladi. Zamonaviy kateterlar maxsus klapanlar bilan jihozlangan bo’lib, ular miya sisternalarida suyuqlik bosimini tartibga solish imkonini beradi.

Hayotga bevosita tahdidi bo’lmasa, operatsiya rejali tartibda amalga oshiriladi. Orqa miya suyuqligi bosimini kamaytirish uchun vaqtinchalik chora sifatida umurtqa sohasida punktsiya o’tkaziladi.

Yopiq gidrosefaliya ko’pincha darhol jarrohlik aralashuvini talab qiladi, chunki kasallikning bu shaklida nafas markazining siqilishi ehtimoli mavjud. Shuning uchun bunday holda, orqa miya suyuqligi chiqishi uchun maxsus idish o’rnatishli vaqtinchalik operatsiya amalga oshirilishi mumkin.

Yopiq gidrosefaliyada jarrohning asosiy harakatlari normal likvor aylanishiga xalaqit qiluvchi to’siqlarni olib tashlashga yo’naltirilgan bo’lishi kerak. Ba’zi hollarda, bunday to’siqlar (tomir anevrizmasi, kista, gematoma, o’sma) bartaraf qilinishi mumkin. Ko’pincha bunday maqsadlarda qorincha bo’shlig’iga kiritiladigan endoskopik tizimlardan foydalaniladi. Operatsiya jarrohlik asboblari, elektrod yoki lazer yordamida amalga oshiriladi va miya quvurlari funktsiyasini tiklaydi.

Biroq, ayrim hollarda, masalan, yaxshi va yomon sifatli o’smalar mavjudligida, bunday operatsiyalar o’tkazish imkonsizdir. Bunday holda, jarroh likvor to’planib qoladigan sisternadan u qon oqimiga qayta so’rilishi imkoni bo’lgan boshqa sisternaga quvur o’tkazishi mumkin.

Barcha hollarda, jarrohlikning maqsadi likvor hosil bo’lishi va chiqib ketishi muvozanatini tiklashga qaratiladi. Agar kasallik ikkilamchi bo’lsa, albatta, asosiy kuchlar orqa miya suyuqligi ortiqchaligiga sabab bo’lgan birlamchi kasallikni davolash uchun qaratilgan bo’lishi kerak.

Medikamentoz davolash

Ko’p hollarda dori-darmonli davolash yordamchi sanaladi, asosiy emas. Qoida tariqasida, diuretiklar va organizmdan kaltsiy chiqib ketishini oshiradigan preparatlar buyuriladi, masalan Diakarb, Mannitol, Furosemid.

Gidrosefaliyaning yengil shakllarida faqat siydik haydovchi dorilar yordamida terapiya olib borish mumkin. Biroq, kasallikning progressiv shaklida preparatlardan faqatgina jarrohlikka tayyorgarlik yoki jarrohlikdan keyin tiklanish davrida foydalaniladi.

Parhez

Gidosefaliyada parhez ham ko’makchi xarakterga ega va kasallikning tez rivojlanishini oldini olishda yordam beradi. Avvalo, ratsiondan organizmda suyuqlik to’planishiga hissa qo’shadigan mahsulotlarni chiqarib tashlash lozim. Xususan, mutlaqo qarshi ko’rsatiladigan mahsulotlar quyidagilardir:

  • Dudlangan mahsulotlar;
  • Kolbasalar;
  • Qandolat mahsulotlari;
  • Yog’li parranda va go’sht;
  • Natriy glyukonat saqlagan mahsulotlar;
  • Yangi pishirilgan non mahsulotlari.

Oldini olish

Homiladorlik davrida onaning infektsion kasalliklaga yo’liqishiga yo’l qo’ymaslik, homiladorlik paytida biron bir dorini qabul qilishda ehtiyotkorlik va bolalik davrida neyroinfektsiyalarni oldini olish. Homilador ayollar va chaqaloqlarni skriningli UTT dan o’tkazish.

Yakuni

Gidrosefaliya yakuni kasallik qancha erta tashxislanishi va davolanishiga bog’liq. Gidrosefaliyali bolalar normal hayot kechirishlari mumkin, garchi shuntlarga xizmat ko’rsatish bilan bog’liq ba’zi muammolarga duch kelishsa ham. Biroq chaqaloqdagi kasallik o’z vaqtida davolanilmasa, keyinchalik u rivojlanishdan ortda qolishi, nutqi buzilishi, shuningdek nogironlikka olib keladigan bosh miyadagi tiklanmas o’zgarishlarga duch kelishi tahdidi mavjud bo’ladi.

Kasalliklar
asoratlari., davolash, Gidrosefaliya: bolalarda va kattalarda — alomatlari, sabablari