GEYNE haqida malumot bilib oling.

Ensiklopediya
GEYNE haqida malumot bilib oling.

GEYNE (Heine) Genrix (1797.13.12, Dyusseldorf — 1856.17.2, Parij) — nemis shoiri, publitsist, tanqidchi va mutafakkir. Bonn, Gyottingen, Berlin un-tlarida oʻqigan (1819—25). Birinchi sheʼriy toʻplami «Qoʻshiqlar kitobi» (1827) romantizm ruhida yozilgan boʻlib, unda nemislar hayotidagi meshchanlik, xudbinlik qoralanadi. Keyingi «Yoʻl manzaralari» (1826-31) nasriy asarida ham shu yoʻnalishni davom ettirib, inson erki, shaxsini xoʻrlovchi tartiblarga qarshi chiqadi, bu tartiblarni himoya qiluvchi kuchlarni, davlat idoralarini tanqid qiladi. Shundan soʻng G. Germaniyaning hukmron doiralari bilan kelisha olmay, 1831-y. da Parijga ketishga majbur boʻladi va u yerda umrining oxirigacha siyosiy mahbus sifatida yashab qoladi. «Fransuz ishlari» (1832), «Lyutetsiya» (1854) kitoblari fransuz siyosiy hayotining yilnomasidan iborat. 1843 — 44 y. larda yozilgan «Zamonaviy sheʼrlar», shuningdek «Atta Troll» (1842), «Germaniya. Qish ertagi» (1844) poemalari oʻz davrining ilgʻor asarlaridandir. «Atta Troll» majoziy doston boʻlib, «hayvonlar eposi» tarzida yozilgan, oʻtkir hajviy yoʻnalishga ega. Bunda Pireneya togʻlarida yashovchi xalq siymosida nemis meshchanlari va soxta inqilobchilar fosh qilingan. «Germaniya» dostonida esa ogʻir mehnat bilan yashayotgan nemis ishchilarining obrazi tasvirlangan. Shoirning ijodiy faoliyatida muhim ahamiyatga ega boʻlgan «Romansero» (1851), «Eʼtirof» (1854) sheʼriy kitoblari ham mavjud. Geynening asarlari 20-y. larda Choʻlpon, 30-y. larda Mirtemir va 1997-y. da Abdulla Sher tarjimasida oʻzbek tilida nashr etilgan.

As: Lirik sheʼrlar, T., 1940.

Ensiklopediya.uz
GEYNE