Geya gipotezasi

Geya gipotezasi

Geya gipotezasi

Yer – yaxlit tirik organizm o‘laroq namoyon bo‘ladi

geya gipotezasi 660edf94d57de

Geya – yunon ma’budasining ismi bo‘lib, u Borliqni xaosdan xalos qilib tartib va muvozanatga keltirgan emish. Geya gipotezasini Angliyalik fizik Jeyms Lavlok ilgari surgan bo‘lib, u 1960-yillarda NASAda ishlagan va ushbu g‘alati g‘oyani ham o‘sha yillarda o‘ylab topgan. 60-yillarda odamzot kosmosni o‘zlashtirishni endi-endi boshlagan edi va ko‘pchilik, tez orada Quyosh sistemasida hayot alomatlarining aniqlanishini kutayotgandi. Shunday bir sharoitda, Lavlok Yer atmosferasi va boshqa sayyoralarning atmosferasini o‘zaro taqqoslab ko‘rib, hayot nishonasi yo‘q bo‘lgan boshqa hamma sayyoralardan farqli o‘laroq, bizning Yerimizning o‘zi go‘yoki ulkan yaxlit tirik organizm ekani haqidagi fikrlarni o‘rtaga tashlay boshladi. O‘shanda u «Yer – shunchaki yashash joyimiz emas. U tirik organizmdir va biz uning bir qismimiz» degandi.

 

Ushbu g‘alati gipotezaga qanday yondoshishga hayronsan kishi. Chunki, unda, eksperimental tekshirish orqali aniq dalillash va isbotlash mumkin bo‘lgan xulosalar va yoki taxminlarning o‘zi yo‘q. Bunday o‘zakka ega bo‘lmagan g‘oyani esa ilmiy nazariya deyish ham mushkul. Ko‘pchilik qatori men ham, ushbu gipotezaga yaxshisi badiiy metafora sifatida qarash kerak degan fikrdaman. Ushbu fikr asosida yaxshigina adabiy asar, yoki, badiiy-fantastik hikoya yozsa bo‘ladi. Shunga qaramay, mazkur g‘oya atrofida anchayin jiddiy olimlar ham birlashishganini ham aytib o‘tmaslik noto‘g‘ri bo‘lgan bo‘lur edi. Masalan, amerikalik biolog Linn Margulis ushbu gipotezaning eng ashaddiy tarafdorlaridan sanaladi.

G‘oya tarafdorlarining ta’kidlashicha, Geya gipotezasi butun boshli sayyoraning o‘zini yaxlit jonzot tarzida ko‘rish degani emas, balki, sayyora va undagi hayot bir-birini to‘ldiruvchi uzviy bog‘liq narsa ekani haqida uqtirish berar ekan. Ya’ni, tirik organizmlarning o‘zi sayyorada hayot uchun kerakli sharoitlar mavjud bo‘lishiga doim bosh-qosh bo‘lib, uni nazorat qilib turar emish. Buni tushuntirish uchun Lavlok izdoshlari quyidagicha misol keltirishadi: atmosferada karbonat angidrid gazi miqdori ortsa, natijada, bundan foydalanadigan tirik organizmlar, ya’ni, o‘simliklarning o‘sishi va ko‘payishi tezlashadi. Oqibatda, ular karbonat angidridni ko‘proq yuta boshlaydi va atmosferadagi ushbu gaz miqdori yana pasayadi. Biroq, bu taklif etilayotgan izoh aslida fanda avvaldan ma’lum bo‘lgan «teskari ta’sir» (qayta ta’sir) mexanizmining aynan o‘zi bo‘lib, uni tushuntirish uchun qanaqadir Geya gipotezasi ham shart emas aslida.

Boshqa tarafdan qaraganda, Geya gipotezasi Yer sayyorasini tadqiq qilishda tizimli yondoshuvning ahamiyatini ochib bergani bilan ham muhimdir (hech bo‘lmasa). Sababi, unga ko‘ra, sayyorani alohida-alohida qismlarga bo‘lib emas, balki, yaxlit holda tekshiriladi. Haqiqatan ham, XX-asrning so‘ngi choragida Yer haqidagi bilimlarning kengayishida, sayyoramizdagi asosiy tuzilmalar – tog‘lar, ummonlar, tekisliklar, havo, muzliklar va boshqalarni alohida tarzda emas, balki, uzviy bog‘liqlikda yalpi tadqiq qilingani katta rol o‘ynadi. Shu sababli ham, masalan, AQSHdagi ba’zi universitetlarda endilikda yerni o‘rganishga oid alohida fakultetlar, masalan, geologiya fakulteti, tuproqshunoslik, yoki, okeanologiya o‘rniga, umumiy tarzdagi «Yer sistemalari» fakulteti singarilar ochilmoqda. Albatta, ushbu yo‘nalishdagi rivojlanishni ham Geya gipotezasi bilan mutlaqo bog‘lab bo‘lmaydi. Bu taraqqiyot qadamlari ko‘p jihatdan, juda katta axborot ko‘lamini qayta ishlash va tizimlashtirish imkonini bergan kompyuter texnologiyalari va tizimlaridan samarali foydalanish mahsulidir. Shunga qaramay, Geya gipotezasini ham butunlay chiqitga chiqarib qo‘yish yaramaydi. U hech bo‘lmaganda, kishilarni sayyora tabiati va ekologiyasi haqida biroz mulohaza qilishga undaydigan ta’sirga ega…

geya gipotezasi 660edf95ea1c5


Bizni ijtimoiy tarmoqlarda ham kuzatib boring:

Tabiat qonunlari
Geya gipotezasi

Manba:orbita.uz