GETTERLAR haqida malumot bilib oling.
GETTERLAR (ing. getters) ,gaz yutuvchilar — kimyoviy oʻzaro taʼsir yoki adsorbsiya natijasida gazlarni (inert gazlardan tashqari) bogʻlash xossasiga ega moddalar. Getterlar boshqa gazlar bilan taʼsiri, kimyoviy faolligi, ularni eritish (absorbsiya) yoki sirtida ushlab qolish xossalari bilan farqlanadi. Getterlar vakuum asboblarida inert gazlarni qoldiq gazlardan, qoʻshimchalardan va bugʻlardan tozalashda ham qoʻllaniladi. Sanoatda bugʻlanadigan va bugʻlanmaydigan Getterlar ishlatiladi. Bugʻlanadigan Getterlar gazlarni asbob devorlarida metalli koʻzgu hosil qilib bogʻlaydi. Bunday Getterlar temir, nikel yoki mis sim yuzasidagi bariydan tashkil topgan boʻlib, tegishlicha (feba, niba, kuba) nomlanadi. Bugʻlanmaydigan Getterlar — tantal, titan, sirkoniy, niobiy, toriy, shuningdek lantan, seriy va b. nodir elementlar — asosan gazlarning erish yoki adsorbsiyalanishi natijasida bogʻlaydi. Bunday Getterlar asboblarga kukun holida joylashtiriladi yoki ulardan shu asboblarning ayrim qismlari yasaladi.
Ensiklopediya.uz
GETTERLAR