GETEROGEN SISTEMA haqida malumot bilib oling.

Ensiklopediya
GETEROGEN SISTEMA haqida malumot bilib oling.

GETEROGEN SISTEMA (yun. heterogenes — har xil jinsli) — fizik xossalari yoki kimyoviy tarkiblari jihatdan har xil qismlar (turli fazalar)dan tuzilgan bir jinsli boʻlmagan fizik-kimyoviy sistema; oʻz xossalariga koʻra, ajratuvchi sirtlar bilan ajralgan turli qismlardan iborat boʻladi. Geterogen sistemaning bir fazasi bilan qoʻshni faza oʻrtasidagi yuzada sistemaning bir yoki bir necha xossasi (tarkibi, zichligi, kristall panjara parametrlari, elektr yoki magnit maydoni va h. k.) birdaniga oʻzgaradi. Suv va uning ustidagi suv bugʻi (agregat holatida farq bor), oʻzaro aralashmaydigan ikki suyuqlikmoy va suv (tarkibi farq qiladi) va h. k. G. s. ga misol boʻla oladi. Koʻpincha Geterogen sistema bilan gomogen (bir jinsli) sistema oʻrtasida keskin chegara yoʻq. Mexanik aralashmalar (suspenziyalar, emulsiyalar) bilan chin (molekulyar) eritmalar oraligʻi kolloid eritmalar bilan band. Kolloid eritmalarda erigan modda zarralari ularga faza tushunchasini tatbiq etib boʻlmaydigan darajada mayda boʻladi. «Geterogen sistema» iborasi fizika va kimyoda, ayniqsa, kimyoviy termodinamikada keng qoʻllaniladi.

Ensiklopediya.uz
GETEROGEN SISTEMA