Geron reaktiv dvigateli to’liq malumot oling

Geron reaktiv dvigateli to’liq malumot oling

Raketalar va ular bilan olib borilgan koʻplab tajribalar tarixini oʻrganish ishlari eramizning ilk yuz yilligida yashab oʻtgan yunon matematigi va muhandisi aleksandriyalik Geron shaxsiga borib taqaladi. Tarixda reaktiv dvigatelga oʻxshash ilk dvigatelni aynan u loyihalagan va amalda ishlatib koʻrgan. Uning dvigatelida eolopil mexanizmidan foydalanilgan boʻlsa-da, unda bugʻ kuchi ishlatilgan.. Geron dvigateli suvli bugʻ qozoni ustiga oʻrnashtirilgan sfera koʻrinishida boʻlgan. Qozon ostida olov yonishi natijasi suv qaynab bugʻga aylangan. Bugʻ esa trubkalar orqali sferaga uzatilgan. Sferaning ikki qarama-qarshi tomonlarida uchi qayrilgan trubkalar boʻlib, sfera ichiga kelib tushayotgan bugʻ oʻsha trubkalar orqali tashqariga chiqarilgan. Bugʻ shiddat bilan tashqariga chiqar ekan, itarish kuchi hosil qilgan va natijada sfera aylangan. Sferaning har ikki tarafida bittadan shunday trubka boʻlgani sababli har ikkala trubkadan bugʻ chiqib, aylanish barqarorlashgan. Geron dvigateli ishga tushgancha, avvaliga sekinroq aylangan. Chunki uning sferasi tayanib turgan metall qismlarda ishqalanish kuchi xalaqit qilgan. Lekin tezlik asta-sekinlik bilan ortib, bir necha daqiqada aylanish barqarorlashgan.

Shunga oʻxshash qadimgi “dvigatelʼʼni Gerondan tashqari qadimgi Rim muhandisi Vitruviy (eramizdan avvalgi 85–15-yillar) hamda qadimgi yunon ixtirochisi Ktesibiy (eramizdan avvalgi 285–222-yillar) ham yasagani haqida tarixiy maʼlumotlar bor. Ularning ham ixtirolari bugʻ kuchidan foydalanib ishlangan. Biroq ularning birortasi mazkur dvigatellarni muayyan foydali ishni bajarishga moslashtirgani haqida tayinli gap aytish qiyin. 1865-yilda chop etilgan ʼʼChoraklik Fan Jurnaliʼʼ (Quarterly Journal of Science) bu borada shunday chiqish qilgan edi: ʼʼBugʻ kuchidan foydalanib ishlovchi ixtirolar haqida biz Geron davridan keyin to XVII asrgacha boshqa yangilik bilmadik. 1600-yilda eʼlon qilingan ishlardan birida muallif Geron dvigatelidan qovoqxonalarda kabob sixlarini qoʻra ustida aylantirib turish uchun foydalanish mumkinligi haqida yozgan. Muallif bu narsaning afzalligi sifatida, ʼʼchoʻgʻ ustida xushboʻy hid taratib pishayotgan kabobga, kabobpaz usta yoʻqligida kir qoʻlini tekkizib yalab oladigan kabobpaz shogirdlarni oʻrnini bosishi mumkinliginiʼʼ aytadi.

geron reaktiv dvigateli 1

Geron dvigatelining Jon Bentli tomonidan yasalgan nusxasi. Sinovlar shuni koʻrsatdiki, Geron dvigateli juda yaxshi foydali ish koeffitsiyentiga ega boʻlib, atigi 93 mm simob ustuni bosim ostida daqiqasiga 1500 marta va deyarli shovqinsiz aylanadi. Uning chiqindi gazlar chiqarish koʻrsatkichi ham hayratlanarli darajada pastdir.

Reaktiv dvigatellar va raketalar dvigatellarining ishlash mohiyati Nyutonning uchinchi qonuniga asoslanadi. Yodingizda boʻlsa, ushbu qonunga koʻra, biror yoʻnalishda harakatlanayotgan har qanday kuch uchun unga teng boʻlgan va qarama-qarshi yoʻnalishda harakatlanuvchi kuch qarshilik koʻrsatadi. Reaktiv harakatni koʻp joyda kuzatish mumkin. Masalan, eng oddiysi, pufakni puflab shishirgandan soʻng uni qoʻyib yuborsangiz, ichidagi havoning bosim ostida tashqariga chiqishi natijasida pufak reaktiv harakat qilib ucha boshlaydi. Texnika tarixida ilk reaktiv samolyot 1939-yil 27-avgustda Germaniyada fazoga parvoz qilgan boʻlib, u ʼʼHe 178ʼʼ deb nomlangan. Tarixdan yaxshi xabardor boʻlgan mutolaachi bu Xeynkel samolyoti ekanini eslagan boʻlsa kerak.

Maqola orbita.uz saytidan olindi. Original maqola → Geron reaktiv dvigateli
Muqova surat: freepik.com

Boshqa mavzular
Geron reaktiv dvigateli