
GEOGRAFIK ZONALLIK haqida malumot bilib oling.
GEOGRAFIK ZONALLIK — Yer geografik (landshaft) qobigʻining differensiatsiya qonuniyati. Geografik zonallik turli landshaft tiplarining qutbdan ekvatorga tomon almashinib, turli geografik mintaqalar, geografik zonalar va zonachalar hosil boʻlishida oʻz aksini topgan (q. Tabiiy geografik zonalar). Ular birinchi navbatda geografik kenglikka bogʻliq ravishda Yer yuzasiga tushayotgan quyoshning nurli energiyasi miqdorining oʻzgarishiga bogʻliq. Geografik zonallik iqlimiy, gidrologik, geokimyoviy va geomorfologik jarayonlarga, tuproq va oʻsimlik qoplamiga va hayvonot dunyosiga, qisman choʻkindi jinslar hosil boʻlishi kabi koʻpchilik komponentlar va tabiiy-hududiy majmualarga xos. Ekvatordan qutblarga tushayotgan quyosh nurlari burchagining kamayishi kenglik radiatsion mintaqalarni — issiq mintaqa, 2 moʻtadil va 2 sovuq mintaqani vujudga keltiradi. Har bir geografik mintaqa va sektorga zonalar toʻplami va ularning izchilligi xos. Geografik zonallikning yirik tabiiy majmualari asosiy differensiatsiyasi qonuniyat sifatida dastlab 1898-y. V. V. Dokuchayev tomonidan aniqlandi.
Ensiklopediya.uz
GEOGRAFIK ZONALLIK