GEOFIZIK ANOMALIYALAR haqida malumot bilib oling.
GEOFIZIK ANOMALIYALAR — Yer fizik maydoni qiymatining togʻ jinslari fizik xususiyatlaridagi farqi va ular tuzilishi hamda tarkibining bir xil emasligi sababli umumiy (normadagi) qiymatdan ogʻishi. Geofizik anomaliyalarga qarab Yerning ichki tuzilishi va Yer poʻstini, ayniqsa uning yuqori qismini oʻrganadilar. Geofizik anomaliyalar maydonning geologik tuzilishiga, togʻ jinslari tarkibiga, yer yoriqlariga bogʻliq. Geofizik anomaliyalarning intensivligi yer yuzasining har bir nuqtasida kuzatilayotgan va normadagi (nazariy) fizik maydoni koʻlami qiymatining farqi bilan belgilanadi. Bu geologik tuzilishi bir xil jinsdan deb faraz qilingan va Yer qaʼri moddalari fizik xususiyatlarining tegishlicha taqsimlanishi asosida hisoblab chiqiladi. Gravitatsion, magnit, seysmik, termik, elektr, radioaktiv va b. anomaliyalar farq qilinadi. Yerning normal gravitatsion, geomagnit va geotermik maydonlari eng koʻp tadqiq etilgan. Geofizik anomaliyalar ularning tabiatini aniqlash, Yerning chuqur qatlamlarini oʻrganish, foydali qazilmalarni bashoratlash, qidirish va razvedka qilish maqsadida oʻrganiladi.
Ensiklopediya.uz
GEOFIZIK ANOMALIYALAR