GEODEZIK ASBOBLAR haqida malumot bilib oling.

Ensiklopediya
GEODEZIK ASBOBLAR haqida malumot bilib oling.

GEODEZIK ASBOBLAR — geodezik qidiruv va tadqiqot ishlarida hamda qurilishda qoʻllaniladigan oʻlchov vositalari, qurollari majmui; astronomiya-geodeziya tarmoqlarini, nivelir toʻrlarini yasashda, planlarni suratga tushirish (syomka)da, muhandislik inshootlari, radioteleskoplarning antenna qurilmalari va b. ni qurish, tiklash va ulardan foydalanishda masofalarni, burchaklarni, past-balandliklarni oʻlchash uchun ishlatiladigan mexanik, optik-mexanik, elektr-optik va radioelektron qurilmalar va h. k.

Masofalar (chiziqlarning uzunliklari) ni oʻlchashda poʻlat oʻlchash lentalari (20— 50 m), invar lentalar, osma invar simlar (24 m), optik kuzatish trubali masofa oʻlchagichlar, radiomasofa oʻlchagichlar, elektr-optik masofa oʻlchagichlar va b. dan foydalaniladi. Yoʻnalishlarni aniqlash va burchaklarni oʻlchashda astrolyabiya, bussol, teodolit va b. ishlatiladi. Past-balandliklarni oʻlchashda asosan optik-mexanik nivelirlar, nivelirlash reykalaridan foydalaniladi. Grafik suratga olishda asosan menzul suratga olish usuli qoʻllaniladi. Bunda asosiy kurol kipregel va menzula hisoblanadi.

Oʻzbekistonda qadimdan astronomiya va meʼmorlikda usturlab (astrolyabiya) dan keng foydalanishgan.

Ensiklopediya.uz
GEODEZIK ASBOBLAR