
GENOTSID haqida malumot bilib oling.
GENOTSID (yun. genos — urugʻ, kabila va lot. caedo — oʻldiraman) — xalqaro jinoyatlarning bir turi: irqi, millati, dini, etnik tarkibiga koʻra, aholi guruhlarini yoppasiga yoki qisman jismonan qirib yuborishga qaratilgan harakat. BMT Bosh Assambleyasining Genotsid jinoyatlarining oldini olish va ularni amalga oshirganligi uchun jazolash toʻgʻrisidagi konvensiyasiga (1948) koʻra, Genotsid qattiq qoralanadi, aybdor shaxslarga nisbatan xalqaro jinoiy javobgarlik belgilanadi. Bunda mazkur shaxslarning ijtimoiy mavqei, Genotsid tinchlik yoki urush vaqgida sodir etilganligi hisobga olinmaydi. Konvensiyami imzolagan davlatlar oʻz hududlarida Genotsidni amalga oshiruvchi va unga undovchi shaxslarni jazolash boʻyicha huquqiy meʼyorlarni ishlab chiqish majburiyatini uz zimmalariga oladilar. Irqiy kamsitishning barcha shakllarini yoʻq qilish toʻgʻrisidagi BMT konvensiyasida (1965) ham Genotsid qattiq qoralanadi (q. Irqchilik, Aparteid). 2-jahon urushi davrida gitlerchilar Germaniyasining slavyan va yahudiy millatlariga mansub aholi (taxm. 12 mln. kishi)ni ommaviy qirgʻin etishi (q. Fashizm), Pol Pot va Ieng Sari toʻdasining Kampuchiya xalqiga qarshi vahshiyona jinoyatlari (ular oqibatida 3 mln. kishi yoʻq qilib yuborildi) va h. k. G. ning eng ashaddiy koʻrinishi hisoblanadi.
Ensiklopediya.uz
GENOTSID