GENLAR BANKI haqida malumot bilib oling.

Ensiklopediya
GENLAR BANKI haqida malumot bilib oling.

GENLAR BANKI, genlar bibliotekasi — donor organizmdan ajratib olingan, maqsadga muvofiq genetik informatsiyaga ega DNK yoki uning qismlari majmui. Genlar bankini hosil qilish uchun DNK restriktaza fermenti taʼsirida parchalanadi, keyin vujudga kelgan barcha qismlarni aralashmada vektor molekula (xoʻjayin hujayrada mustaqil qayta tiklana olish xususiyatiga ega DNK molekulasi)ga ligaza fermenti yordamida qoʻshiladi. Natijada organizm barcha genlarini oʻzida saqlovchi duragay plazmidalar (yoki bakteriofaglar) aralashmasi hosil boʻladi. Agar bunday duragay plazmidalar yoki bakteriofaglarni bakterial hujayra yoki fag boʻlaklari ichiga kiritilsa, alohida klonlar (bularning har birida organizmning qaysidir geni b-n birga rekombinat DNK boʻladi) kolleksiyasi vujudga keladi. Bu klonlar (umumiy boshlangʻich avlodning jinssiz koʻlayishidan vujudga kelgan hujayra yoki individlar majmui) hammasi birgalikda organizm barcha genomini tashkil etadi. Bakterial yoki faglar klonining bunday kolleksiyasini cheksiz koʻpaytirish hamda boshqa tashkilotlarga berish va undan har doim zarur genlarni izlab topish uchun boshlangʻich material sifatida foydalanish mumkin.

Germaniyada Maks Plank in-ti xodimlari Genlar bankidan foydalangan holda pomidor va kartoshka hujayrasini biriktirib, ildizida kartoshka, poyasida pomidor mevasi yetiladigan yangi duragay yaratdilar.

Oʻzbekistan FA Genetika va oʻsimliklar eksperimental biologiyasi in-tida X-fagi asosida gʻoʻzaning mukammal Genlar banki yaratildi. Undan klonlarni saralash (skrining) bilan gʻoʻzaning foydali xususiyatlarini namoyon qiluvchi genlarini ajratib olish va kelajakda maqsadga muvofiq genlar majmusiga ega boʻlgan gʻoʻza navlarini yaratishda foydalanish mumkin.

Ad.: Biotexnologiya (pod. red. A. A. Bayeva), M., 1984,Uotson D., Tuz Dj., Kurs Dj., Rekombinatnыye DNK: [Per. s. angl.), M., 1986.

Abdusattor Abdukarimov, Sotiboldi Jatayev.

Ensiklopediya.uz
GENLAR BANKI