GENETIK KOD haqida malumot bilib oling.
GENETIK KOD — irsiy axborotni nuklein kislotalar molekulasida nukleotidlar ketma-ketligi tartibida yozishning tirik organizmlarga xos boʻlgan yagona sistemasi. Dezoksiribo-nuklein kislotasi (DNK) molekulasida maʼlum tartibda joylashgan muayyan sondagi nukleotidlar sintezlanayotgan oqsil zanjirining tarkibidagi aminokislotalar xili, soni, ularning joylashish tartibini belgilab beradi. DNK molekulasidagi nukleotidlar 4 xil boʻlib, ular adenin-A, timin-T, guanin-G va sitozin-S lardan iborat. Tabiatda 300 ga yaqin aminokislotalar uchraydi, lekin tirik organizmlardagi oqsillar tarkibiga 20 ta aminokislota kiradi.
Hujayrada oqsilning sintez qilinishi jarayonida uning tarkibidagi har bir aminokislotaning joylanishi uchta nukleotid tomonidan kodlanadi. Uni triplet (uchlik) yoki kodon deb ataladi. Demak, DNK molekulasidagi kodonlarning joylashish tartibi ular sintez qiladigan oqsil molekulasi tarkibidagi aminokislotalarning joylashish tartibini ifodalaydi. Oqsil molekulasida aminokislotalar soni qancha boʻlsa, DNK ning shu oqsilni ifodalovchi, yaʼni sintez qilinishini taʼmin etuvchi qismi boʻlgan gen ham shuncha kodondan tashkil topadi.
Oqsilning sintezida DNK va uning qismi boʻlgan gen emas, balki boshqa nuklein kislota — ribonuklein kislota (RNK) ishtirok etadi. U uch xil: informatsion — iRNK, transport — tRNK va ribosoma — rRNK. iRNK DNK asosida sintez qilinib undagi genetik axborotni ribosomalarga olib keladi, iRNK tarkibida ham DNK dagi kabi 4 xil nukleoidlar mavjud. Ularning uchtasi — A, G, S DNK dagi kabi, fakat iRNK da T ning oʻrniga U-uratsil uchraydi; tRNK sitoplazmadagi aminokislotalarni ribosomalarga yetkazib beradi. Ribosomalarda aminokislotalar maʼlum tartibda ketma-ket ulanib polipeptid zanjir sintezlanadi. Ularning maʼlum sonda birikishi tufayli oqsillar hosil boʻladi. Oqsillar organizm belgi va xususiyatlarining rivojlanishida ishtirok etadi.
Hoz. vaktda barcha aminokislotalarning kodonlari aniklangan. 20 xil aminokislotalarning ikkitasi faqat bir xil kodon b-n, qolganlari esa ikki va undan ortiq kodonlardan bittasi orqali kodlanadi. Mas, lizin aminokislotasi AAA yoki AAG, serii esa — UTSU yoki USS bilan kodlanadi. 64 tripletdan 3 tasi — UA A , UA G, UGA aminokislotalarni kodlamaydi va polipeptid zanjir sintezi tugaganini bildiradi. Ular terminatsiya signalini beradi.
Genetik kodning tuzilishi va funksional belgi hamda xususiyatlari barcha organizmlarga xos, universal xossalarga ega va turgun boʻladi.
Ad.: Igne-Vechtomov, Genetika s osnovami seleksii M., 1989,Toʻraqul ov yo, Molekulyar biologiya, T., 1993.
Joʻra Musayev.
Ensiklopediya.uz
GENETIK KOD