Gemorragik vaskulitning davosi parhezmi?
Bemorga achchiq choy, qahva, kakoa kabi ichimliklar, sitrus mevalar (limon, mandarin, greypfrut, apelsin) hamda qizil tusli ba’zi mevalar (qulupnay, olcha, gilos) shuningdek, meva-sabzavotli sharbatlar, kompotlar, yog‘li taomlarni iste’mol qilish vaqtincha tavsiya qilinmaydi.Gemorragik vaskulitning davosi parhezmi?
DO`STLARGA ULASHING:
Gemorragik vaskulit, Shenleyn-Genox purpurasi, kapillyarotoksikoz – bu kasallikning turlicha nomlanishi bo‘lib, xastalikning asosida mayda qon tomirlar devorining yallig‘lanishi va uning allergik shikastlanishi sababli tromb (qon laxtasi-tiqilma)lar hosil bo‘lishi yotadi. Natijada qiltomirlarda qon aylanishi buzilib, qon quyuqlashib qoladi. Gemorragik vaskulit kasalligida qon elementlarida o‘zgarish bo‘lmaydi.
Bu kasallik turli xil sabablar natijasida kelib chiqishi mumkin. Ular quyidagilardir, ya’ni odamning immuniteti tushib ketishi sababli tez-tez gripp va O‘RVI (o‘tkir respirator virusli infeksiya)larga chalinishi yoki yuqumli kasalliklar bilan og‘rib turishi, shuningdek, sovuqqotish, dori va oziq-ovqat mahsulotlaridan paydo bo‘lgan allergiya, gijja va boshqa parazit mikroorganizmlarning paydo bo‘lishi hisoblanadi, yana emlashdan keyingi vaksinalar, bakteriyalar ya’ni, stafilokokk, streptokk va viruslar ham.
Uning qanday turlari bor?
Gemorragik vaskulitning to‘rt turi mavjud, ya’ni birdaniga boshlanadigan turi, o‘tkir turi (bir hafta, oylab cho‘zilishi ham mumkin), uzoq davom etadigan turi (yillab davom etishi mumkin), yana vaqti-vaqti bilan kuzatiladigan turi.
Xastalikda quyidagi belgilar namoyon bo‘ladi:
Bemorning badanida mayda nuqtasimon toshmalar toshadi. Teri ostida qon quyilishi mumkin. Toshmalar o‘rni qichishadi va qizaradi. Shuningdek, ular shishishi ham mumkin. Tananing boshqa qismlariga toshmalar ham tarqaladi. Kasallik surunkali kechadigan bo‘lsa, toshmalarning qoq o‘rtasida po‘stloqli qavat hosil bo‘ladi. Keyinchalik bu toshmalar o‘rnida turli-tuman dog‘lar paydo bo‘ladi va uzoq vaqt terida saqlanib qoladi, qo‘l va oyoq bo‘g‘imlari zirqirab og‘riydi. Aksariyat holatlarda qorin sohasida og‘riq paydo bo‘ladi. Og‘riq xurujsimon ko‘rinishda bo‘lib, ba’zan doimiy, ba’zan to‘xtab yana boshlanadi. Dardmand odamda behuzurlik, qayt qilish holatlari kuzatiladi. Mazkur holatda bemor tibbiy yordamga muhtoj bo‘ladi.
Ushbu kasallik ta’sirida buyraklar zararlansa, peshob ham qon va oqsil aralash bo‘ladi. Mazkur holat vaskulitning ilk belgisi bo‘lishi mumkin. Ammo, ko‘p hollarda buyrakdagi o‘zgarishlar terida mayda qizil toshmalar toshgandan keyin namoyon bo‘ladi. Bemorlarda isitma ko‘tarilashi va tana harorati 38-39 S gacha oshishi yoki tana harorati me’yorda bo‘lishi ham mumkin.
Bemor qanday davolanadi?
Agar xasta odamda mazkur belgilar kuzatilsa, u zudlik bilan tibbiy ko‘rikdan o‘tishi kerak bo‘ladi. Dardning zo‘rayishining oldini olish maqsadida bemor tinch holatda yotishi kerak. Qolgan muolajalar tekshiruvlardan so‘ng shifokor tomonidan tayinlanadi.
Kasallikni davolashda asosan qon tomirlar devorining yallig‘lanishini kamaytirish, tromblar hosil bo‘lishining oldini olish kerak. Shu maqsadda asosan geparin, fraksiparin kabi dori vositalari ishlatiladi. Bundan tashqari qon aylanishini yaxshilash maqsadida trental, agapurin, gemodez, reopoliglyukin qo‘llaniladi. Qon tomirlar devorining yallig‘lanishi natijasida hosil bo‘ladigan immunokomplekslarni olib tashlash maqsadida plazmaferez, ya’ni bemor qonining zardobini ma’lum miqdorda olib tashlash ham yaxshi natija beradi.
Bu xastalikda parhezning qanday ahamiyati bor?
Bemor uchun parhez muhim. Ammo ushbu tavsiya mutloq davolash chorasi emas. Chunki parhez bilan bir qatorda tibbiy muolajalar ham o‘tkazilishi kerak.
Ushbu parhezga 6 oy davomida amal qilish zarur. Emlashlardan ham 6 oy davomida bemor bola tibbiy ko‘rsatmaga ko‘ra ozod qilinadi.
Kasallikning butunlay yo‘qolmasligiga, qayta qo‘zg‘alishiga bemorlarning o‘zlari ko‘pincha sababchi bo‘lishadi. Bunda parhezni qasddan buzib qo‘yish yoki unga va kun tartibiga amal qilmaslik holatlari sabab bo‘ladi. Bu dard bilan og‘rigan odam parhez saqlashi, juda sovuq va issiq havoda ko‘p yurmasligi kerak. Agarda bemorlar shifokor tavsiyasiga rioya qilsalar xastalikdan butunlay xalos bo‘ladilar.
Aziza MAHMUDOVA,
Gematologiya va qon quyish ilmiy tekshirish instituti direktor o‘rinbosari,
tibbiyot fanlari doktori
Gemorragik vaskulitning davosi parhezmi?