GEMAGTLYUTINATSIYA haqida malumot bilib oling.

Ensiklopediya
GEMAGTLYUTINATSIYA haqida malumot bilib oling.

GEMAGTLYUTINATSIYA (gemo… va agglyutinatsiya) — serologik reaksiya; quyilayotgan qon retsipiyent (qon oluvchi bemor)ning qon guruhiga moye kelmaganda, qon shaklli elementlaridan eritrotsitlarning bir-biriga yopishib, gʻuj boʻlib choʻkishi. Bevosita va bilvosita Gemagtlyutinatsiya farq qilinadi. Bevosita Gemagtlyutinatsiyada eritrotsitlarning yopishib qolishi unga antitelo — gemagglyutininlarning toʻgʻridantoʻgʻri taʼsiri tufayli roʻy beradi. Agar gemagglyutinin va eritrotsitlar bir turdagi organizmga xos boʻlsa, izogemagglyutinatsiya sodir boʻladi. Bu qon guruhini aniqlash va donorni toʻgʻri tanlashda qoʻl keladi. Agar yuqoridagi holat har xil turdagi organizmga xos boʻlsa, geteroagglyutinatsiya roʻy beradi, bu asosan ayrim infeksion kasalliklar (mas, infeksion mononukleoz)da kuzatiladi. Bilvosita Gemagtlyutinatsiyada tegishli antigen yoki gapten bilan ishlangan eritrotsitlar yopishib qoladi. Bu reaksiya ayrim infeksion va allergik kasalliklarda qoʻllaniladi. Eritrotsitlarning gʻuj boʻlib yopishib qolishi viruslar taʼsirida (mas, grippda) ham roʻy berishi mumkin. Virusli kasalliklarni aniqlashda bu reaksiyalarning oʻziga xos tomonlaridan foydalaniladi.

Ensiklopediya.uz
GEMAGTLYUTINATSIYA