GELMINTOZOONOZLAR haqida malumot bilib oling.

Ensiklopediya
GELMINTOZOONOZLAR haqida malumot bilib oling.

GELMINTOZOONOZLAR — tabiiy sharoitda qoʻzgʻatuvchisi odamlarda va hayvonlarda parazitlik qilib yashovchi gelmintoz kasalliklar guruhi. Gelmintozoonozlar atamasi J929-y. da rus olimlari K. I. Skryabin va R. S. Shulsar tomonidan fanga kiritilgan.

Gelmintozoonozlar ikki guruhga boʻlinadi. Birinchi guruhga tarixiy taraqqiyot (filogenez) jarayonida faqat hayvonlar organizmiga moslashgan Gelmintozoonozlar qoʻzgʻatuvchilari kiradi. Odam bu qoʻzgʻatuvchilar uchun fakultativ xoʻjayin boʻlishi mumkin. Bu guruxga fassiolyoz, dikrotselioz, senuroz, sistitserkoz, dipilidioz, trixinellyoz va b. kasalliklar misol boʻladi. Birinchi guruh gelmintozlarga odam tanasiga joylashib, uning organizmini maʼlum patologik oʻzgarishlarga olib kelib, ammo oʻzi jinsiy voyaga yetmaydigan gelmintlarni xam kiritish mumkin. Mas, itlarning unsinarioz kasalligi qoʻzgʻatuvchisining lichinkasi, sut emizuvchi va kushlarning shistosomatit lichinkalari odam terisi orqali oʻtib, dermatitni paydo qiladi.

Ikkinchi guruhga qoʻzgʻatuvchisining biologik rivojlanishida odam ishtiroki shart boʻlgan Gelmintozoonozlar kiradi. Mas: teniidoz, teniarinxoz kabilar. Teniarinxoz Oʻzbekistonda Xorazm, Buxoro, Samarkand viloyatlari, Qoraqalpogʻiston Respublikasi aholisi oʻrtasida uchraydi (piyoz va garmdori qoʻshilgan xom qiyma goʻshti — «ijjan» isteʼmol kilinishi uning asosiy sababidir).

Gelmintozoonozlar bilan zararlanishda epizootologik va epidemiologik jarayonlarning bir necha holatlari farq qilinadi: a) odam va hayvonlar gelmintlar uchun asosiy xoʻjayin hisoblanadi (mas, opistorxoz, shistosomoz, fassiolyoz, difillobotrioz, dipilidioz). Bunday holatda odam va hayvonlar bir-biriga kasallikni yuqtirmaydi; ular invaziya manbai boʻlib, boshqa biror oraliq yoki qoʻshimcha xoʻjayin hisoblanadi; b) odam asosiy xoʻjayin, hayvonlar — oraliq xoʻjayin boʻladi (mas, teniarinxoz va teniozlarda qoramollar va choʻchqalardan kasalliklar odamlarga yuqadi; v) baʼzi bir tur hayvonlar asosiy xoʻjayin boʻlib, odam oraliq xoʻjayin vazifasini oʻtaydi (mas, exinokokkoz); g) odam va hayvonlar bitta tur gelmint uchun bir vaqtning oʻzida ham asosiy xoʻjayin, ham oraliq xoʻjayin boʻlishi mumkin (mas, trixinellyoz).

Goʻsht mahsulotlarini veterinariya-sanitariya nazoratidan oʻtkazish, aholining umumiy va sanitariya madaniyati darajasini oshirish, yaylovlar va hayvonlar suv ichadigan joylarning kasallik qoʻzgʻatuvchisining tuxum va lichinkalari b-n ifloslanishiga yoʻl qoʻymaslik, tabiiy-geografik sharoit va b. ni yaxshilash Gelmintozoonozlarga qarshi kurash va ularni yoʻqotishda katta ahamiyatga ega. Jaloliddin Azimov, Erkinjon Shakarboyev.

Ensiklopediya.uz
GELMINTOZOONOZLAR