Gaymorit — alomatlari, davolash, xalq tabobati usullari, oldini olish
Gaymorit — burun yon (yuqori jag’ bo’shlig’i) sinus shilliq qavatining yallig’lanishi bilan ifodalanadigan kasallik, sinusitning bir turi sanaladi va eng keng tarqalgan LOR kasallik hisoblanadi. Kasallik kechish og’irligiga qarab, o’tkir yoki surunkali bo’lishi mumkin. Kasallik erta tashxislansa va jiddiy shakllarga o’tmagan bo’lsa, ko’p hollarda gaymoritni uyda davolash usuli ham samarali hisoblanadi.
Gaymorit qanday kasallik?
Yuqori jag’ yoxud burun yon sinuslari — havoli bo’shliqlar bo’lib, ularning vazifasi atmosfera va kalla ichi bosimini tenglashtirish, rezonator funktsiyalarni bajarish va havoni tozalash, namlash sanaladi. Burun yon bo’shliqlarining yo’llari burun bo’shlig’iga chiqadi, ichida esa suyakka birikib turgan shilliq qavat bilan qoplangan bo’ladi. O’sha shilliq qavatning yallig’lanishi gaymorit kasalligi sanaladi.
Gaymorit rivojlanishi sabablari
Ko’pincha gaymorit kasalligining asosiy sababi yuqori nafas yo’llari infektsiyasi yoki allergiya bo’ladi, shu sababli kuz-qish mavsumida bu kasallik rivojlanishi avj oladi.
Bundan tashqari, ba’zi bir kasalliklarni davolamaslik, zararli tashqi omillar ham gaymoritni keltirib chiqarishi mumkin, jumladan:
- Yuqori jag’ tishlari kariesi;
- Immun tizimining zaiflashuvi;
- Burun yon sinuslarini o’rab turuvchi shilliq qavat jarohatlari;
- Havosi haddan tashqari quruq yoki yelvizak bo’lgan xonada uzoq vaqt bo’lish;
- Og’iz bo’shlig’i gigienasiga rioya qilmaslik;
- Shilliq qavatning zamburug’li kasalliklari;
- Bekteriyalar (stafillokokklar);
- Sil kasalligi;
- Zararli ishlab chiqarishda ishlash;
- Burun-halqum rivojlanishi anomaliyalari va uning shikastlanishlari;
- O’smalar mavjudligi;
- Burun bitishiga qarshi tomchilarni tez-tez ishlatish;
- Rinit bilan kechuvchi allergik reaktsiyalar;
- Burun to’sig’ining deformatsiyasi (qiyshayishi) va natijada sinusda havo aylanishining buzilishi;
- Surunkali infektsiyalar — faringit, tonzillit va h.k.
Gaymorit alomatlari va belgilari
Gaymoritning dastlabki belgilari tana haroratining ko’tarilishi, isitma, kuchsizlik, tumov va burun bitishi, yuz sohasida og’riqlar bilan namoyon bo’ladi. Og’riq peshona, tishlar va chakkaga tarqalish xususiyatiga ega. Bundan tashqari, qovoqlarning qizarishi va shishi qayd qilinishi mumkin. Bolalarda gaymorit bolganda ularning injiqlik qilishi va charchaganligi ham seziladi. Shu bilan birga, gaymorit qanday rivojlanishiga qarab, kasallik alomatlari ham farqlanishi mumkin.
O’tkir gaymorit O’RVI belgilari fonida rivojlanadi va quyidagi alomatlar bilan ifodalanadi:
- Isitma;
- Bo’g’imlardagi og’riqlar;
- Yuqori jag’ va burun sohasidagi og’riq;
- Kuchli tumov;
- Bosh og’rig’i, ko’z sohasidagi og’riqlar.
Surunkali gaymorit esa asta-sekin rivojlanadi, uning belgilari:
- Surunkasiga kechayotgan rinit;
- Ko’z sohasidagi og’riqlar;
- Konyuktivit;
- Ko’pincha bosh og’rig’i.
Tasnifi
Gaymorit — turi ko’p bo’lgan kasallik. Bugungi kunda shifokorlar kasallikning quyidagi turlarini ajratishadi:
- Kataral gaymorit. Kasallik shilliq qavatning yallig’lanishi, burun bo’shlig’ining shishishi va qizarishi bilan tavsiflanadi. Kataral gaymorit bolalar orasida ko’proq tarqalgan. Sabablari virusli infektsiya, allergik tumov va burun shilliq qavatining jarohatlari hisoblanadi. Xarakterli alomatlari ishtaha yo’qolishi, isitma va umumiy intoksikatsiya belgilari sanaladi.
- Ikki tomonlama gaymorit. Yuqori jag’ sinuslarining yallig’lanishi asoratlanishida ko’proq uchraydi. Uning yorqin belgilaridan shish, burundan ko’p ajralma kelishi, burun bitishi, tana haroratining ko’tarilishi, umumiy intoksikatsiya, shuningdek ko’zlarning yoshlanishi va apatik holatlarni ajratib ko’rsatish mumkin. Kasallikning ushbu turi rivojlanishiga infektsion va yallig’lanish jarayonlari sabab bo’lishi mumkin. Ikki tomonlama gaymoritga shubha qilganda otolaringolog kompleks davolash — dori vositalari va fizioterapiya muolajalarini buyuradi.
- Polipoz gaymorit. Kasallikning bu turi dorilar bilan davolanmaydi. Qoida tariqasida, polipoz gaymorit rivojlanishi allergiyalar, burun komponentlarining anatomik tuzilishi buzilishlari va yallig’lanishlari bilan bog’liq. Asosiy alomatlari og’izdan nafas olish va burundan shilliq ko’rinishida tez-tez ajralmalar kelishi hisoblanadi. Bundan tashqari, ta’m bilish qobiliyatining buzilishi va ishtahaning pasayishi kuzatiladi. Davolash jarroh tomonidan amalga oshiriladi. Agar poliplar o’lchami kichik bo’lsa, medikamentoz davo usullari qo’llanilishi ham mumkin, ammo bunda doimo ham natija sezilmaydi.
- Allergik gaymorit. Buning sababi burun sinuslarining ta’sirlanishi hisoblanadi. Uning alomatlari ko’z yoshlanishi, shishganlik, tana harorati ko’tarilishi, bosh og’riqlari va umumiy holsizlikdir. Kasallik asosan kuz va bahor oylarida kuzatiladi. Allergik gaymoritni davolash uchun dastavval allergenni aniqlash va u bilan bemorning aloqa qilishini cheklash kerak. Davolovchi shifokor to’liq tekshiruv o’tkazish natijasida antiallergen terapiya, so’ng umumiy qo’llab-quvvatlovchi preparatlar buyuradi.
- Yiringli gaymorit. Ko’pincha yuqori nafas yo’llarining davolanmagan yoki o’tkazib yuborilgan infektsion kasalliklari oqibati hisoblanadi. Ushbu turdagi gaymorit sababchilari patogen mikroorganizmlar va ularning hayotiy faoliyati mahsulotlari sanaladi. Agar kasallikning yiringli turiga yetarli e’tibor qaratilmasa va uni davolash ortga surilsa, u suyaklar va yaqin atrofdagi to’qima va a’zolarga tarqalishi mumkin.
- Odontogen gaymorit. Qo’zg’atuvchining kasallangan yuqori jag’ tishlari va og’iz bo’shlig’idan burun yon bo’shliqlariga o’tishi oqibatida rivojlanadi. Qo’zg’atuvchilari ichak tayoqchasi, stafilokokklar, streptokokklar va ularning kombinatsiyasi sanaladi. Odontogen gaymoritning perforativ va noperforativ shakllari ham farqlanadi. Birinchisi yuqori jag’ tishini sug’urish natijasida og’iz bo’shlig’i va yuqori jag’ sinuslari orasida fissura hosil bo’lishida kuzatiladi. Aynan shu fissura orqali patogenlar sinuslarga yetib boradi.
Bundan tashqari, gaymorit infektsion, vazomotor, ekssudativ, produktiv, nekrotik va atrofik bolishi mumkin.
- Infektsion gaymorit virusli, bakterial yoki zamburug’li tabiatga ega bo’ladi.
- Burun yon bo’shlig’ining vazomotor yallig’lanishi qon tomirlari faoliyatining buzilishi bilan bog’liq.
- Ekssudativ turi sinuslarda yiring mavjudligiga ishora qiladi.
- Produktiv gaymoritda sinusning o’zida turli xil o’smalar shakllanadi, masalan polipoz o’smalar.
- Sinuslarda nekroz qayd qilinsa, bu holda kasallikning nekrotik turi haqida gapiriladi.
- Sinus va burun bo’shlig’i to’qimalarining oziqlanishi buzilganda, atrofik gaymorit tashxislanadi.
Asoratlari
Agar gaymoritni davolashda kechikishlar bo’lsa, bu kasallik meningit va ensefalit kabi jiddiy kasalliklarga olib kelishi, ko’z va quloqning yallig’lanishli kasalliklarini chaqirishi mumkin.
Kasallik rivojlanishda davom etsa, bemor buyrak, yurak, ko’z, bo’g’imlar va hatto bosh miya bilan bog’liq muoammolarga duch kelishi mumkin.
O’tkir sinusitni rentgenografiya yordamida tashxislash juda oson. Surunkali shaklini aniqlashda shifokor malakasi, kompyuter tomografiyasi yordam beradi. Aniq tashxis qo’yilsa, boshqa kasalliklarni istisno qilish mumkin.
Gaymoritni davolash
Ayni paytda gaymoritni davolashning ko’p usullari mavjud, lekin qay darajada samaraliligi savol tug’diradi. Va yana ko’p kishini qiziqtirgan savol, gaymoritni teshmasdan (punkisyasiz) davolash mumkinmi?
Amaldagi tibbiyot usullari
Sinusit O’RVI asorati sifatida o’tkir shaklda namoyon bo’lsa, shifokor tomonidan burun tomchilari qo’llash, mukolitik preparatlar qabul qilish va sinuslarni sho’r suv bilan chayish tavsiya etilishi mumkin. Ko’pincha antibiotiklar va antigistaminlar buyuriladi. Ammo burun tomchilarini haddan ziyod qo’llash foyda o’rniga ziyon keltirishi mumkin, chunki ular burun shilliq qavatini quritib yuboradi va kasallikni yanada avj olishiga zamin yaratib beradi.
Antibiotiklar sinuslarni chayish yo’li bilan mahalliy qo’llanilishi, bundan tashqari tabletkalar yoki in’yektsiyalar shaklida belgilanishi mumkin. Qay turdagi antibiotik qo’llanilishi faqat shifokor tomonidan tanlanadi.
Punktsion usul
Bunday holda sinusga bosim ositda antiseptik eritma yuboriladi va yiringli ekssudat yuvib chiqariladi. Bu usul shifokor nazorati ostida olib boriladi. Lekin jarayon og’riqli va yoqimsiz bo’lganligi sababli, hozirgi vaqtda faqat og’ir hollarda qo’llaniladi.
Bundan tashqari, teshmasdan davolash usullari ham mavjud. Ularga misol «kukushka» usuli. Uning boshqa nomi — Proets bo’yicha sinuslarni yuvish. Ushbu usulning mohiyati suyuqlikning aylanishida. Jarayon deyarli og’riqsiz va anesteziya talab qilmaydi. «Kukushka» yengil gaymorit shakllarida qo’llaniladi. Muolaja boshida bemor chalqancha qilib yotqiziladi, burun yo’llariga esa bittadan kateter kiritiladi: birinchisi burun bo’shlig’iga maxsus eritma kiritsa, ikkinchisi uni tortib oladi. Davolash kursi taxminan 7 ta muolajadan iborat bo’ladi.
Jarrohlik amaliyoti
Gaymorotomiya — og’ir hollarda gaymor bo’shlig’ini sanatsiya qilish va yiringli massadan, poliplardan, zamburug’ va boshqa infeksiyalardan tozalash uchun qo’llaniladi. Bu amaliyot o’ta samarali, murakkab emas va ortiqcha asoratlar qoldirmaydi.
Gaymoritni xalq tabobati yordamida davolash
Statistika gaymoritni xalq tabobati yordamida davolashda samaradorlik foizi yuqori ekanligini ko’rsatadi. Ko’p tomchilar, damlamalar va malhamlar retseptlari mavjud va ular gaymorit davosi hisoblanadi. Shu bilan birga, ular asosiy terapiya usuli emas va faqatgina kompleks terapiya sifatida qo’llanilishi mumkin. Bemorda allergiya chaqirishi mumkin bo’lgan mahsulotlardan foydalanish tavsiya etilmaydi.
Yodda tuting!: Agar kasallik avj olib borayotgan va alomatlari kuchayib borayotgan bo’lsa, shifokorga tashrif buyurishni kechga qoldirmang, xalq tabobati faqat o’rta va yengil hollarda samara berishi mumkin.
Ingalyatsiyalar
- Propolis bilan. Idishda 2 litr suvni qaynating. Qaynagan suvga propolisni spirtli eritmasidan ikki choy qoshiq qo’shing (dorixonalarda shifokor retseptisiz beriladi). Idish ustiga egilib, boshingizni sochiq bilan idishni qo’shgan holda yoping va bug’dan nafas oling. Agar asalarichilik mahsulotlariga allergik reaktsiyangiz bo’lsa, u holda bu usuldan foydalanish tavsiya etilmaydi.
- Kartoshka bilan. Bu usulda yangi qaynatilgan kartoshkaning bug’lari bilan nafas olinadi. Davomiyligi 15 daqiqani tashkil etadi.
Asal asosida tomchi
Miqdori teng bo’lgan asal va aloe sharbatini aralashtiring. Biroz suv qo’shing va kuniga 2-3 marta 1-2 tomchidan burunga tomizing (ikki tomonlama). Qarshi ko’rsatmalar yuqoridagi kabi.
Chakanda (oblepixa) moyi
Bu o’simlik moyi shifobaxsh hususiyatlarga boy bo’lib, ham o’tkir, ham surunkali shakldagi gaymoritni davolashda qo’llaniladi. Burunga kuniga 3 mahal 3-4 tomchidan tomzilib, so’g boshni pastga qaratgan holda nafas olib turiladi, moy oqib ketmasligi va tomoqqa o’tib ketmasligi kerak. 2 yoshgacha bo’lgan bolalarga tavsiya etilmaydi.
Lavr yaproqlari yordamida kompress
Lavr yaproqlariga qaynoq suv solib, biroz kuting. Sovigach, sochiq yoki biron matoni tayyor bo’lgan damlamaga botirib namlang va yonoq sohasiga qo’ying, kompressni sovigancha ushlab turing, muolajani bir necha bor takrorlang.
Issiq qo’yish
Kasallik davolanayotgan vaqt, sinuslar ichida ekssudat (yiringli yoki yiringsiz) yo’qligiga amin bo’lsangiz, bu usulni qo’llashingiz mumkin. Yanoq sohasiga vazelin surting, keyin o’sha joyga ko’k lampa, agar bo’lmasa sochiqqa o’ralgan qizdirilgan tuz qo’ying, muolajani kuniga 2-3 marta qo’llang. Agar sinusda ekssudat bo’lsa, issiq qo’lalsh tavsiya etilmaydi, chunki ekssudat kengayishi va boshqa sohalarga o’tib ketishi mumkin.
Bu usul faqatgina tuzalish bosqichida qo’llanilishi o’rinlidir. Boshlashdan oldin shifokor tavsiyasini olish shart.
Gaymoritni oldini olish
Har qanday kasallikni davolagandan ko’ra oldini olish afzalroq. Kasallikni oldini olish uchun o’z vaqitda stomatolog ko’rigidan o’tib turish, sovuq havoda ko’p yurmaslik, sovuqda bosh kiyimisiz ko’chaga chiqmaslik, shamollash va grippni o’z vaqtida davolash tavsiya etiladi. Sport bilan hech bo’lmaganda kuniga 10-20 daqiqa shug’ullanish immuntitetni mustahkamlash uchun foydalidir.
Kasalliklar
davolash, Gaymorit — alomatlari, oldini olish, xalq tabobati usullari