G‘ani A’zamov haqida to’liq malumot oling
O‘ZBЕKISTON XALQ ARTISTI
(1909-2001)
Taniqli teatr va kino aktyori G‘ani A’zamov 1909 yilda Toshkentda tug‘ilgan. Uning aktyorlik faoliyati 1930 yili Hamza nomli teatr (hozirgi O‘zbek milliy akademik drama teatri)da ommaviy sahnalarda ishtirok etish bilan boshlangan. G‘ani A’zamov dastlab Uyg‘unning «Qaltis hazil» komediyasidagi Mamarasul rolida katta muvaffaqiyat qozondi. G‘ani A’zamov 60 yildan ziyod vaqt mobaynida ustozlardan o‘rganish, mutassil o‘z ustida ishlash va ijodiy izlanish natijasida yetuk san’atkor bo‘lib yetishdi, yuzdan ortiq mu¬kammal obrazlar yaratib, tomoshabinlarning mehriga sazovor bo‘ldi. O‘zbek teatr san’atining ulkan namoyandalari qatoridan mustahkam o‘rin oldi. U yaratgan Munajjim (Uyg‘un va Izzat Sulton, «Alisher Navoiy»), Arslonsher (Tuyg‘un, «Chin muhabbat»), Soqi sumbat (Ramz Bobojon, «Tog‘a-jiyanlar»), Yusuf (Abdulla Qahhor, «So‘nggi nusxalar»), Bobchinskiy (Nikolay Gogol, «Revizor»), Launs (Vilyam Shekspir, «Veronalik ikki yigit») kabi obrazlar bir-biridan to‘kis, bir-biridan puxta obrazlar bo‘lib, aktyorlik san’atining yuksak namunalaridir. G‘ani A’zamov ijodida shunday obrazlar borki, ular hayotiyligi, ishontirish kuchining zo‘rligi va betakror ko¬mik ruhi bilan butun spektaklning mazmunini tashkil qiladi. Bu obrazlarsiz o‘sha muayyan spektaklni tasavvur etib bo‘lmaydi. Go‘yo ular faqat istedodli aktyor G‘ani A’zamov uchun yozilgandek tuyuladi. Haqiqatdan ham G‘ani Azamovning Qambarisiz Oybekning «Qutlug‘ qon»ini («Qutlug‘ qon» romani asosida T.Xo‘jayev inssenirovkasi), Omonyorisiz Sarvar Azimovning «Qonli sarob»ini, Mo‘minisiz Erkin Vohidovning «Oltin devor»ini tasavvur etish qiyin. G‘ani A’zamov hajviy, dramatik va lirik rollarning mohir ijrochisi edi. Bu jihatdan Hamzaning «Boy ila xizmatchi» asaridagi Domla imom obrazi G‘ani A’zamov ijodida yorqin sahifa bo‘lib qoldi. Aktyor 1935 yildan boshlab kinoda suratga tusha boshladi va «O‘zbekfilm» kinostudiyasida yaratilgan qator filmlarda unutilmas obrazlar yaratdi. U yaratgan Domla imom («Boy ila xizmatchi»), kuyov («Qutlug‘ qon»), kutubxonachi («Abu Ali Ibn Sino»), sartarosh («Maftuningman»), Qorashoh («Ikki dil dostoni»), oqsoqoya («Toshkent — non shahri»), Yusuf («Qari ustaning vasiyati»), Dorboz («Senga shahar tuhfa etaman»), Xolmat («Suyunchi») kabi obrazlar o‘zining to‘laqonliligi va yorqinligi bilan kino san’ati muxlislarini o‘ziga maftun etdi. G‘ani A’zamov «Nashtar» hajviy kino jurnali tashkil etilganidan beri uzoq yillar davomida Xo‘ja Nasriddin obrazini ijro etdi. Katta iste’dod sohibi G‘ani A’zamovning o‘zbek teatr va kino san’ati ravnaqi yo‘lidagi xizmatlari munosib takdirlandi. 1961 yilda unga «O‘zbekiston xalq artisti» faxriy unvoni berildi. 1989 yilda O‘zbekiston Davlat mukofotiga sazovor bo‘ldi. G‘ani A’zamov mustaqillik yillarida «Mehnat shuhrati» ordeni bilan taqdirlandi. U 2001 yilda Toshkentda vafot etdi.
Biografiya
G‘ani A’zamov haqida