GALVANIZATSIYA haqida malumot bilib oling.

Ensiklopediya
GALVANIZATSIYA haqida malumot bilib oling.

GALVANIZATSIYA (L. Galvani nomidan) — tibbiyotda kuchi (50 ma) va kuchlanishi past (60—80 V) boʻlgan oʻzgarmas elektr toki bilan davolash, elektroterapiya usuli. Bemorga tok koʻpincha plastinkasimon qoʻrgʻoshin elektrodlar orkali beriladi. Badanni kuydirib qoʻymaslik va tok tanaga bir tekis taqsimlanishi uchun elektrodlar suv bilan hoʻllangan mato ustidan qoʻyiladi. Galvanizatsiya taʼsirida organizmning hujayra va toʻqimalarida murakkab fizik-kimyoviy jarayonlar (toʻqima suyuqligining harakati, ionlarning taqsim-lanishi, hujayra membranasining oʻtkazuvchanligi, shuningdek moddalar almashinuvi va fermentativ jarayonlarning oʻzgarishi) roʻy beradi. Galvanizatsiya nerv sistemasining faoliyatini yaxshilaydi, ogʻriqni bosadi, shikastlangan nerv tolalari va b. toʻqimalardagi tiklanish, soʻrilish jarayonini tezlatadi. Radikulit, nevrit, nevralgiya, boʻgʻimlarning surunkali yalligʻlanishi, miyaning zararlanishidan kelib chiqadigan asoratlar, moddalar almashinuvi kasalliklari va sh. k. ni davolashda qoʻllaniladi.

Ensiklopediya.uz
GALVANIZATSIYA