FRUSTRATSIYA
FRUSTRATSIYA (lot. frustratio — addanish, rejalarning barbod boʻlishi) — muammoni hal qilish yoki maqsadga erishish yoʻlidagi faoliyatni izdan chiqaruvchi ruhiy holat. U kishining maqsadga erishishi yoʻlida uchraydigan, obyektiv ravishda yengib boʻlmaydigan yoki subyektiv ravishda shunday tuyuladigan qiyinchiliklar tufayli paydo boʻladi. Frustratsiyani keltirib chiqaruvchi sabablar frustrator deyiladi. Frustratsiya holati frustratorning kuchiga, jadalligiga bogʻliq. Frustratsiya holatida shaxsning vaziyatni toʻgʻri baholash qobiliyati muhimdir. Shu bois turmushning nokulay taʼsirlariga qarshi kurashish uchun odam feʼlatvorida barqarorlikni shakllantirish lozim. Frustratsiya ham boshqa ruhiy holatlar singari kishi feʼlatvoriga xos yoki yangi xislatlarning boshlanishini koʻrsatuvchi, shuningdek, oʻtkinchi holat boʻlishi mumkin. Frustratsiya, asosan, salbiy hissiyotlar uygʻotadi. Frustratsiyaning turlari: tajovuzkor holat, apatiya, depressiv holat, gʻamginlik tuygʻusi, oʻziga ishonmaslik, kuchsizlik, mayuslik va b. F. ning tajovuzkor holati koʻpincha oʻzini tuta olmaydigan, qoʻpol odamga xos boʻlsa, depressiya holati oʻziga ishonmaydigan shaxsga taalluklidir. Baʼzan ogʻir tabiatli kishilarda ham shu xiddagi holatni vujudga keltirish mumkin, lekin bu vaziyat uzoqqa choʻzilmaydi.
Ensiklopediya.uz
FRUSTRATSIYA