Fransua Rable (1494–1553)
Fransua Rable (1494–1553)
DO`STLARGA ULASHING:
Rable ijodi oʻz taʼsiriga koʻra shu qadar ulugʻ ediki, goho muallif nomi uning panasida qolib ketadi. Rablening hayoti haqida xilma-xil afsonalar yurardi: uning otasi traktir (kichikroq oshxona) egasi boʻlgan, uning oʻzi esa tarallabedod hayot kechirgan. Rable oʻlayotganda ogʻzidan betahoshi soʻzlar chiqqan emish. Yolgʻondan rostni ajratish uchun olimlar ozmuncha ter toʻkmaganlar. Mashhur kitobning yaratuvchisi Shinon yaqinidagi Luara vodiysida joylashgan La Devinya degan joyda dunyoga kelgan. Uning aynan qachon tugʻilganini haligacha bilmaymiz, 1483 va 1495 yillar oraligʻida boʻlsa kerak. Rablening otasi huquqshunos boʻlib, boy shahar kazolari orasida ancha-muncha obroʻga ega boʻlgan, romanda Granguzye nomi ostida keladi. Taxmin qilishlaricha, Rable oilada erta, yetti yoki toʻqqiz yoshida rohib boʻlgan yosh bolakay edi.
Rohiblik Rableni baxtli qilolmadi. Buni uning asaridan yaqqol bilib olsa boʻladi. U bir monastirni boshqasi bilan almashtirib, erkin ruhoniy boʻlib oladi va Monpalye universitetida tibbiyotni oʻrgana boshlaydi. Hozirgi tibbiy oliy oʻquv yurtlari talabalari uning muvaffaqiyatlariga havas qilsa arziydi. 1530 yilda oʻqishni tugatgani haqidagi diplomni olib, Rable 1531 yildayoq Gippokrat haqida maʼruzalar oʻqiydi, yana bir yil oʻtgach esa u Lion kasalxonasining shifokori qilib tayinlanadi.
Shu yerda u nomini abadiy sharafga burkovchi kitoblarini yoza boshlaydi. Bu shonli voqea sodir boʻlgan vaziyatlarning qanaqaligini aks ettiruvchi ashyoviy dalil yoʻq, ammo shu narsani bilamizki, 1532 yilda “Bahaybat va ulkan odam Gargantyua haqidagi buyuk va bebaho yilnomalar” degan nom ostida xalq kitobchasi paydo boʻldi. Uning muallifi Rable emasdi, biroq uni Rable tahrir qilgan boʻlishi mumkin. Mana shu kitobcha Rablega qalam olib, davomini yozishdek baxtli fikrni qulogʻiga aytgan. Kitob ommaning koʻngliga yoqdi va muallif romanga yangi kirish soʻzi yozishga qaror qildi, bu bilan Gargantyua qiliqlarining oʻz versiyasini kitobxonlar hukmiga havola qiladi. Kitob nomi avvalgiday qoldi, faqat tadrijiy jihatdan ikkinchisidan oldingi birinchi qismi keyinroq yozilgan edi. Uchinchi va toʻrtinchi kitoblarda (“Le Tiers Livre”, “Le Qurt Livre”) Pantagryuelning keyingi sarguzashtlari haqida hikoya qilingan. Beshinchi kitob (“Le Quint Livre”) Rablening vafotidan keyin chop etilgan edi va uning asliyatligi keskin bahslarga sabab boʻlgandi. Koʻpchilik tadqiqotchilar shunday toʻxtamga kelishganki, qoralama qoʻlyozmani tugallashga ulgurmagan Rablega qarashlidir. Ammo uni nashrga boshqa odam tayyorlagan.
Rable islohotlar boshida ijod qilgan, oʻshanda dahriylikda zarracha shubha qilingan odam qattiq jazoga tortilgan, bunday jazoni oʻzgartirib boʻlmagan. Uning doʻstlaridan biri, noshir Etten Dole dahriylikda ayblangan va oʻtda kuydirib oʻldirishga hukm qilingan edi. Rable protestant ham, hurfikr ham, dahriy ham emasdi, diniy masalalarga jiddiy qarar edi. Ammo u cherkov tizimining shartaki tanqidchisi edi. Oʻtmishda rohiblik pallalarida Rable fransiskan tariqatidagi monastirlik asoslarining ziddiyatlariga duch keldi. Tariqat muqarrar ravishda layoqatli yigitchaga hasad koʻzi bilan qaragan va uning yunon tili mashgʻulotlariga qarshilik koʻrsatgan edi. Endi Rablega Sorbonnaning ilohiyotshunoslari chang soldilar – ular Fransiyadagi ortodoksalchilar tayanchi va ashaddiy gʻanimlar edi. U oʻylab-netib oʻtirmay kardinal Jan dyu Belle homiyligini qabul qildi, u bilan shaxsiy tabib va ishonchli maslahatchi sifatida Rimga bir necha marta sayohat qildi. 1546 va 1547 yillarni Rable Metsda oʻtkazdi, u paytda Sorbonnadan ancha olisda joylashgan Mets Fransiya tarkibiga kirmasdi. 1550 yilda Parijdan bir necha mil naridagi Medondagi diniy xizmatdan Rable isteʼfoga chiqadi. Rable 1553 yilda vafot etdi va mish-mishlarga qaraganda Parijda dafn qilingan. Biroq uning qabrini topish imkoni boʻlmagan. Rable shu qadar iltifotli inson ediki, har bir odam unda koʻngliga yoqqan hamma narsani topar edi. Baʼzilar uchun u hazilkash qiziqchi boʻlsa, boshqalar uni hushyor islohotchi-axloqshunos deb bilgandilar. Bunday islohotchi oʻz vaʼzlariga odobdan tashqari shakl berib, koʻproq tarafdorlar toʻplay olardi. Bu nuqtai nazarning har ikkalasi ham jiddiy mulohazalarni talab etadi. Biroq Rable bizga kim boʻlib namoyon etilgan boʻlmasin, unda muallifga zamondosh boʻlgan davr koʻzgudagidek aks etib turadi. Hayotning, tafakkurning biron-bir jihati yoʻqki, uning kitoblarida oʻz aksini topmagan boʻlsin, zero, anglashga muhabbat, ajoyib hayotsevarlik ilk Uygʻonish davrining oʻziga xos xususiyatini tashkil etadi.
Fransua Rable (1494–1553)