Foreks (forex) orqali pul topish halolmi?
Foreks (forex) orqali pul topish halolmi?
DO`STLARGA ULASHING:
SAVOL:
Assalomu alaykum. Bugungi kunda foreks orqali pul mablag‘larini ayrboshlash juda keng tus olgan. Shariatimizga ko‘ra Foreks orqali pul topishimiz mumkinmi?
2020.08.06
JAVOB:
Va alaykum assalom. Foreks (FOREX) inglizcha “Foreign Exchange Market” yaʼni, «Xalqaro valyuta ayirboshlash bozori” manosini anglatadi. Foreks savdosi bu – bir vaqtning oʼzida bir pul birligini xarid qilish va boshqa bir pul birligini sotish amaliyotidir. Ushbu savdo amaliyoti broker (dallol) yoki diler (olib sotar) orqali va juft-juft holda (yaʼni valyutalar juftligida) amalga oshiriladi.
Shariatimizga koʼra pullarni bir biriga ayriboshlanganda evazlarni savdo majlisining oʼzida qoʼlga olish shart. Foreksdagi savdo naqd va nasiya koʼrinishida amalga oshiriladi. Savdo kelishuvi nasiya boʼlganida bu shartni topilmasligi aniq. Bu bilan uning nojoizligi kelib chiqadi.
Savdo kelishuvi naqd koʼrinishda boʼlganida esa quyidagi omillar sababli nojoiz hisoblanadi:
1. Foreksdagi savdo kelishuvi naqd koʼrinishda boʼladigan koʼrinishida xorijiy valyutalarni ayirboshlash amaliyotida pul birligi sotilgandan soʼng ikkinchi pul birligining kelib tushishi shu kunning oʼzida nihoyasiga yetkazilmaydi, balki ikkinchi toʼlov T+2 (two days after the transaction date – amaliyotdan soʼng ikki kun ichida) amalga oshiriladi. Bu esa riboga oid shariatimiz qoidasiga toʼgʼri kelmaydi. Bu yuzasidan garchi Malayziya Markaziy banki Shariat kengashining 2003 yil 28 avgustdagi 38-majlisi “T+2 koʼrinishidagi amaliyotlarni joiz degan qaror chiqargan boʼlsada, zamonamizning koʼzga koʼringan olimlaridan Shayx Muhammad Taqiy Usmoniy “Foreks savdo kelishuvida sotilayotgan pullarning evazini savdo majlsida qoʼlga olish sharti topilmagani shariatda ribo sanaladi”, deganlar.
2. Koʼpincha foreks amaliyotida ishtirok etuvchilar oʼzlari ega boʼlmagan narsani oldi sotti qilishadi. Bu bitim doirasida hech qanday pul birligi xarid qilinmaydi ham, sotilmaydi ham, yaʼni bu chayqov amaliyoti doirasida haqiqiy valyuta almashinuvi umuman sodir boʼlmaydi. Barcha bitimlar amalda emas, faqat kompьyuterdagi yozuvlar koʼrinishida amalga oshiriladi. Bunday bitim ishtirokchilarining maqsadi valyuta olish yoki sotish emas, balki biror bir valyutaning muayyan vaqt oraligʼidagi boshqa bir valyutaga nisbatan narxi oʼzgarishida, yaʼni valyuta kurslari oʼrtasidagi tafovut ustida pul ishlashga harakat qilishdir. Shu jihatdan ham uni qimor deya eʼtiborga olinadi.
3. Ushbu amaliyotda gʼarar (yaʼni, noaniqlik) bor. Islom shariatida mavhumlik ustiga qurilgan har qanday bitim joiz emas. Chunki bu turdagi amaliyotning natijasi aniq emas. Haqiqiy savdoda esa sotilayotgan mol ham, olinayotgan mol ham aniq, molning narxi ham aniq boʼladi. Savdogarning maqsadi ham molni maʼlum narxda olish yoki sotish, pul birliklarining narxi oʼzgarishiga pul tikish emas.
4. Gohida pul birjalari foreksda ishtirok etadigan baʼzi kishilarga ozgina pul tikib, tikkan pulidan koʼproq pul bilan foreksda tijorat qilishga imkon beradi va pul birjasi qolgan pulni zimmasiga oladi. Lekin buning evaziga zimmasiga olgan puldan koʼra koʼproq pulni ishtirokchilardan talab qiladi. Yaʼni gohida pul birjasi 10 ming puli bor kishiga foreksda 20 ming bilan savdo qilish imkonini beradi va pul birjasi qolgan 10 mingni zimmasiga oladi. Zimmasiga olgan 10 ming evaziga ishtirokchidan masalan, 15 ming talab qiladi. Bu esa riboni vujudga keltiradigan qarzdir.
5. Foreks amaliyotida ishtirok etuvchilar muayyan boʼlmagan pullarni oldi sotti qilishadi. Chunki shariatga koʼra pullarda taʼyin topish pulni qoʼlga olish bilan boʼladi. Foreksning aksar amaliyotlarida bu narsa topilmaydi.
Foreks amaliyotida shu va bundan boshqa Islom shariati koʼrsatmalariga zid boʼlgan omillarni hisobga olib Islom ulamolari foreksda savdo qilish sharan joiz emas, deya fatvo chiqarganlar (Manbalar: Islom Olami Robitasi qoshidagi Islom Fiqhi Аkademiyasining hijriy 1427 yil (mel.2006 yil aprelь oyi)da Makkai Mukarramada tashkil etilgan 18-yigʼlish Qarori, Shayx Muhammad Taqiy Usmoniyning “Fiqhul Buyuʼ” kitobi hamda zamonamiz ulamolarining mavzuga doir fatvolari). Vallohu aʼlam.Oʼzbekiston musulmonlari idorasi fatvo hayʼati.
fatvo.uz
Foreks (forex) orqali pul topish halolmi?