Fitrat (1886–1938) to’liq malumot oling
Abdurauf Abdurahmon oʻgʻli Fitrat madaniyatimiz tarixida shoir va nosir, dramaturg va publitsist, tilshunos va adabiyotshunos, tarixchi va faylasuf, sanʼatshunos va jamoat arbobi sifatida munosib oʻrin olgan.
Mundarija
скрыть
U 1886 yili Buxoroda ziyoli oilasida tugʻilgan. Buxoro, Istanbul madrasalari va dorilfununlarida oʻqigan. Fitrat arab, fors, turk tillarini mukammal bilganligi tufayli Sharqning buyuk allomalari ijodini yaxshi oʻzlashtirgan.
Fitrat 1909 yili Turkiyaga oʻqishga borib, 1913 yilgacha Istanbul dorilfununida tahsil oladi. Turkiyada tashkil topgan “Buxoro taʼlimi maorifi” uyushmasida faollik koʻrsatadi. Uning ilk sheʼriy toʻplami 1911 yilda “Sayha” (“Chorlov”) nomi bilan chop etiladi. “Sayyohi hindi”, “Munozara” kabi asarlari ham shu davrda Turkiyada bosilib chiqadi.
Turkiya dorilfununi tahsili (1909–1913) yillarida jadidchilik gʻoyalari bilan tanishib, shu gʻoyalar taʼsirida qator asarlar yozadi. Fitrat ijodining boshlanishi Turkistonda inqilobiy harakatlar kuchaygan, milliy uygʻonish davrlariga toʻgʻri keladi. U 1913 yili fors-tojik tilida yaratgan “Munozara” asarida Buxoro amirligida avj olgan diniy jaholat va xurofot taʼsirida qoloqlikda qolgan mamlakatning inqirozi sabablarini ochib tashlaydi. Bu davrda Ovrupo fani va madaniyatini targʻib qilish ham Fitrat maʼrifatparvarligining muhim yoʻnalishini tashkil etadi.
1922 yili nashr etilgan “Oʻzbek yosh shoirlari” toʻplamida Choʻlpon, Elbek bilan birga Fitratning ham bir qator sheʼriy asarlari ilk bor oʻzbek oʻquvchisiga havola etilgan. U mazkur toʻplamga kirgan “Mirrix yulduziga”, “Behbudiyning sagʻanasini izlab”, “Sharq”, “Shoir” kabi sheʼrlarida millatparvarlik, vatanparvarlik pozitsiyasida qatʼiy turganini yana bir bor namoyish etadi; oktyabr toʻntarishidan keyingi voqealarning gʻayriinsoniy mohiyatini fosh qiladi. Shoir ijodi va dunyoqarashidagi ana shu hol keyin ham susaymaydi, “Abulfayzxon”, “Arslon” va “Voseʼ qoʻzgʻoloni”, “Shaytonning tangriga isyoni” kabi dramalarida yanada chuqur ifodasini topadi. Uning “Qiyomat” hikoyasida diniy fanatizm ijtimoiy taraqqiyotga toʻsiq boʻlgan kuch sifatida fosh etiladi.
Fitrat, ayni paytda, davlat va jamoat arbobi sifatida ham keng faoliyat yuritgan. Jumladan, 1921–1923 yillarda Buxoro Xalq Jumhuriyatida maorif xalq noziri boʻlib xizmat qilgan. 1923–1924 yillarda esa shoir Moskvadagi Sharq tillari institutida ilmiy faoliyat bilan shugʻullanib, maʼruzalar oʻqiydi. Fitratning oʻzbek tili grammatikasiga oid darsliklari 1925–1930 yillarda besh marta chop etilgan. Tilshunoslik va adabiyotshunoslik boʻyicha olib borgan tadqiqotlari uchun Fitratga oʻzbek olimlari orasida birinchilardan boʻlib professor unvoni berilgan.
Fitrat ham mustabid tuzum tazyiqi ostida 1937 yilda hibsga olinib, 1938 yil 4 oktyabrda otib tashlangan. Fitrat nomi va ijodi garchi, 60-yillarda oqlangan boʻlsa ham, faqat istiqlol davriga kelib roʻshnolik yuzini koʻrdi. Uning “Chin sevish” toʻplami (1996) nashr etildi. Shuningdek, soʻnggi yillarda uning besh jildlik “Tanlangan asarlar”i ham chop etildi (2000–2010). Eng muhimi, fitratshunoslik borasida oʻnlab dissertatsiyalar, yuzlab ilmiy maqola va risolalar yaratildi.
“Oʻzbek adiblari” (S. Mirvaliyev, R. Shokirova. Toshkent, Gʻafur Gʻulom nomidagi adabiyot va sanʼat nashriyoti 2016) kitobidan
Biografiya
Fitrat (1886–1938)