FITOPATOLOGIYA
FITOPATOLOGIYA (fito…, pato… va logiya) — oʻsimlik kasalliklari, ularning oldini olish va tugatish usullari hamda tadbirlari haqidagi fan. Umumiy va xususiy Fitopatologiyaga boʻlinadi. Umumiy F . oʻsimlik kasalliklarining paydo boʻlishi sabablarini, kasallikni qoʻzgʻatuvchi organizmlar tuzilishi va ularning sistematikasini, rivojlanishi va tarqalishi qonuniyatlarini, kasallangan organizmlardagi anatomikfiziologik buzilishni, oʻsimlik karantini va immunitet masalalarini, oʻsimliklarni himoya qilish usul va tadbirlarini; xususiy yoki maxsus Fitopatologiya ekinlar kasalliklarini oʻrganadi va ularga qarshi kurash choralarini tavsiya etadi. Fitopatologiya oʻsimlik anatomiyasi va fiziologiyasi, mikrobiologiya, mikologiya, genetika, seleksiya, oʻsimlikshunoslik, kimyo, fizika va b. fanlar yutuklaridan foydalanadi.
Ensiklopediya.uz
FITOPATOLOGIYA