Filip Chesterfild. Hikmatlar

Filip Chesterfild. Hikmatlar
filip chesterfild hikmatlar 65cb247c466dc

chesterfild 1

Filip Chesterfild. Hikmatlar

Mundarija скрыть
Filip Chesterfild. Hikmatlar
DO`STLARGA ULASHING:

DO`STLARGA ULASHING:

* * *
O‘rtamiyona damduz bo‘lish, ya’ni sir saqlay bilish — irodali kishi fazilatidir. Ruhan baquvvat kishi, ortiqcha sir-sanoatga berilmaydi. Faqatgina qo‘rqoqlaru riyokorlar o‘zlarining asl basharalarini yashirish maqsadida hamma narsani sirga aylantirishadi.
* * *
O‘zi haqida hech nima gapirmaydigan yoxud hamma narsani ayon-shayon qilib yuradigan odamga hech kim hech narsani ishonib aytmaydi.
* * *
Tentak sirdan voqif bo‘lsa, u buni boshqalarga darrov yetkazadi qo‘yadi, chunki u tentakdir. Uning o‘rnida biror razil bo‘lsa, sirdan o‘zining qabih maqsadlari yo‘lida foydalanadi. Ayollar va ashyolar bo‘lsa ularga kimdir ishonib sir aytganini ko‘z-ko‘z qilish uchungina kelsa-kelmas valaqlayverishadi eshitganlarini. Ularga ortiq ishonmaslik kerak.
* * *
Kimda-kim o‘z kayfiyatini, e’tiborini, yuz ifodalarini boshqara olmas ekan, siyosatda arzigulik muvaffaqiyatga erishish to‘g‘risida xayol qilmasa ham bo‘laveradi. Kayfiyatiga tobe, uni yashira bilmagan odam qanchalik donish bo‘lmasin, uning ustidan eng aqli past ham g‘alaba qilishi mumkin.
* * *
Do‘stlikda ham, dushmanlikda ham doimo me’yorni his etib turish kerak. Aksincha, birinchisi xavfli bo‘lib qolishi, ikkinchisi esa bitishmas darajaga borib qolishi mumkin. Ertaga nima bo‘lishini hech kim bilmaydi.
* * *
Inson ongiga uning qalbi orqali yo‘l topgan ma’qulroq.
* * *
“Erkakchasiga” degan ibora hozir ko‘p ishlatiladi. “Erkakchasiga gapir”, “erkakchasiga ish tut” — degani hozir shunchaki qo‘pol xatti-harakatni, qo‘pol so‘zlikni anglatadi. Vaholanki, kuchli shaxs erligini muloyim, oddiy so‘zlar va mardlarga xos ish bilan ifodalaydi. U qiziqqon emas, ammo jur’atsiz ham emas.
* * *
Bama’ni odam “endi nima qildim?” deydigan noqulay holatga tushib qolsa, birdan-bir oqil javob topadi o‘zi uchun: “Hech nima”. Ko‘rdiki, bo‘lar ish bo‘ldi, holatdan chiqish uchun biror-bir yo‘l yo‘q; hamma narsa oydinlashguncha aqlli odam bunday paytda to‘xtaydi, sabr qiladi. Bachkana va hovliqmani bo‘lsa bunga aqli yetmaydi. Nimadir qilish kerak, qandaydir yo‘l topish kerak, deb ko‘r otdek o‘zini u yon-bu yonga uraveradi; u xavfdan qo‘rqmaydi, chunki ko‘rmaydi-da, uni.
* * *
Amaldor bardoshli bo‘lmog‘i lozim, betoqatlik yarashmaydi unga. Ba’zi odamlar ularning boshqa bir iltimoslaridan ham ko‘ra, arzimas, zerikarli tarixini oxirigacha eshitishlarini xohlaydi. Ayniqsa, g‘azabnok odamning telba-teskari arzini, hasratini, betoqatligini sezdirmay sabr bilan tinglashing zarur. Yuqori lavozimda turgan kishi uchun eng past to‘lov bu.
* * *
Kim eng beaql hisoblanadi: bor gapni to‘ppa-to‘g‘ri hammaga ochib tashlayveradiganmi yoki hech qachon hech kimga to‘g‘ri gapirmaydiganmi? Siyosatda, xuddi savdodagidek, benuqson nom kerak kishiga. Na birinchi yo‘l bilan va na ikkinchi yo‘l bilan bunga erishib bo‘lmaydi.
* * *
Xushomad — misoli sariq chaqa, ammo hukmdor saroyida busiz ish bitmaydi; hammaning qon-qoniga singib ketgan bu; cho‘ntagingdan olib, barchaga tarqatib bermog‘ing lozim o‘sha sariq chaqadan.
* * *
Agar biror amaldor sening o‘rinli iltimosingni rad etsa, ya’ni shu bilan seni mensimaganligini namoyish qilgudek bo‘lsa, ayni paytda sen unga munosib javob qaytarishga ojiz bo‘lsang, yaxshisi, aql ishlatib, go‘yo hech narsa bo‘lmagandek yuraverganing ma’qul. Sendagi xotirjamlik, yumshoqko‘ngillik o‘sha mansabdorga ham ijobiy ta’sir ko‘rsatishi va natijada niyatingga yetishing mumkin. Agarda o‘sha shaxsning senga nisbatan nohaqligiga qarshi biror gap bilan tilini qisib qo‘yish imkoniyati bo‘lsa, sen chiroyli qilib bunga ishora qilginki, u o‘zini tiyib olsin.
* * *
Yaxshi tarbiya mahsuli — bu kishi o‘z qadr-qimmatiga yarasha o‘zini tuta bilishidir. Shunday fazilatli kishini har qanaqa takabbur odam ham izzat qilishga majbur bo‘ladi.
* * *
Qirol Vilgelm davrida qirralari qirilib ketgan tangalarni muomaladan olib tashlashdi. O‘rniga yangi zarb qilingan tanga qirg‘og‘iga bundan buyon odamlar uni buzmasin deb: “Ham bezak, ham himoya” so‘zlarini yozib qo‘yishdi. Yaxshi tarbiya ham xuddi shunga xizmat qiladi.
* * *
Bilim insonga salmoq, obro‘ berishi mumkin. Shukuh, ma’naviy go‘zallik esa faqat tarbiyadan.
* * *
Barcha san’atlar kishidan uzoq mashqni, o‘z ustida muntazam ishlashni talab qilsa, yoqimtoy bo‘lish san’ati faqat bir narsani — xohishni talab qiladi.
* * *
Kimda-kim boshqalarga yoqishni istamabdi, demak, unda umuman hech qanday istak-xohish yo‘q, hech narsaga intilmaydi, hayotdan hech narsani kutmaydi.
* * *
Muhim topshiriq bajarayotgan elchida, albatta, bir-ikkita birga ishlovchi ayg‘oqchi bo‘lishi lozim, ammo elchi ayg‘oqchilar keltirgan ma’lumotlarga to‘la ishonavermasligi kerak, chunki hammavaqt ham ular yetkazgan xabarlar aniq bo‘lavermaydi; hatto uydirma bo‘lib chiqishi ham mumkin. Eng ishonchli ayg‘oqchilar pulga ishlaydiganlari emas, balki elchi uddaburonlik, shirin tillilik bilan o‘z tomoniga og‘dirib olgan kishilardir. Qizig‘i shundaki, bunaqalar o‘zlarini hech qachon ayg‘oqchi hisoblamaydilar.
* * *
Tejamkorlikning chegarasi qayerda ekanligini aniq aytish qiyin. Uning ikki tomonida ikki balo yotadi: xasislik va isrofgarchilik. Ikki yomonlikdan kamrog‘ini tanlash zarur bo‘lsa, birinchisini tanlagan ma’qul. Chunki xasislikni tuzatish mumkin bo‘lar, isrofgarchilikni esa aslo.
Qodirjon Nosirov tarjimasi.
«Jahon adabiyoti» jurnali, 2004 yil, 3-son.
ziyouz.uz

Filip Chesterfild. Hikmatlar