FENOLOGIYA

FENOLOGIYA

FENOLOGIYA (yun. phainimena — hodisa va… logiya) — tabiatdagi mavsumiy hodisalar, ularning boshlanish muddatlari va shu muddatlarni belgilovchi omillar toʻgʻrisidagi bilimlar sistemasi. «Fenologiya» terminini belgiyalik botanik Sh. Morran taklif etgan (1853). Yuksak oʻsimliklarda kurtaklarning boʻrtishi va yozilishi, barg chikarishi, gunchalash (shonalash), gullash, urugʻ va mevalarning pishib yetilishi, kuzda barglar sargʻayishi va toʻkilishi (xazonrezgilik); sut emizuvchi hayvonlarda qishki uyqudan uygʻonish, juftlashish, bolalash, mavsumiy tullash va h. k. ; qushlarda bahorgi uchib kelish, uya solish, tuxum qoʻyish, joʻja ochish, kuzgi uchib ketish va b. ; baliqlarda bahorgi serharakat hayot, uvildiriq (ikra) tashlash, mavsumiy koʻchib yurish; hasharotlarda qishlab chiqqan individlarning bahorgi uygʻonishi, gʻumbaklardan hasharotlar paydo boʻlishi, tuxumdan lichinka (qurt) ochib chiqishi, juftlashishi, tuxum qoʻyishi va h. k. ning sodir boʻlish muddatlarini oʻrganadi.

Ensiklopediya.uz
FENOLOGIYA