Farrux Zokirov (1946.16.04, Toshkent) — estrada xonandasi, bastakor. O’zbekiston (1987), Qoraqalpog’iston (1993), Qozog’iston (1995), Qirg’iziston (1996), Tojikiston (2000) xalq artisti. Toshkent davlat konservatoriyasida ta’lim olgan (1966-1969), Toshkent davlat madaniyat institutini tugatgan (1999). O’zbek davlat estradasining yakkaxon xonandasi (1969—1971), 1971-yildan O’zbekistonda xizmat ko’rsatgan artist, «Yalla» ansambli xonandasi, badiiy raxbari (1976 yildan), 2002-yildan O’zbekiston Respublikasi Madaniyat ishlari vaziri o’rinbosari. Farrux Zokirov mayin va shirali ovoz sohibi, o’zbek milliy va zamonaviy estrada an’analariga tayandi. «Yalla» ansambli repertuarini qayta ishlangan o’zbek xalq lapar, yalla va boshqa qo’shiqlari («Yo’l bo’lsin», «Yallama yorim», «g’ayra-g’ayra», «xandalak», «qilpillama», «Ganja qorabog’» va boshqalar) bilan boyitgan, shuningdek, zamonaviy o’zbek estradasi milliy an’analarga asoslangan ommabop musiqa («folk-pop») uslubining yuzaga kelishiga muhim xissa qo’shgan. «Maysaraning ishi» (S. Yudakov) operasidan Mullado’st, xidoyatxon ariyalarini estrada uslubida aytgan, shuningdek, ko’pgina filmlar («Temir xotin», «Vodillik kelin», «Orzular og’ushida», «Maysaraning ishi» va boshqalar)dagi qo’shiklarning muallifi va ijrochisi. «Masxaraboz», «Tungi yulduz», «Sen bo’lmasang yonimda», «Boychechak», «g’azal», «Ruboiy», «Musiqiy choyxona», «Layli», «Majnuntol», «Lola», «Xayolimda bo’lding uzzu kun», «Uchquduq», «Shaxrisabz», «O’zbekiston vatanim» kabi qo’shiqlarning muallifi. Jaxonning deyarli barcha mintaqalarida o’zbek estrada san’atini («Yalla» ansambli bilan) targ’ib etgan. O’zbekiston Davlat mukofoti laureati (1989) va «Shuxrat» medali bilan taqdirlangan (1996).