Farmon Toshev (1954) to’liq malumot oling
Farmon Toshev 1954 yil 6 aprelda Samarqand viloyati, Paxtachi tumanidagi Qarnab qishlogʻida tugʻildi. 1975 yilda Samarqand davlat universiteti oʻzbek filologiyasi fakultetini, 1987 yilda Toshkent oliy partiya maktabini bitirdi.
Mundarija
скрыть
“Paxtachi” tuman gazetasida muharrir oʻrinbosari, viloyat radiosida katta muharrir, “Zarafshon” viloyat gazetasida muxbir, boʻlim mudiri, bosh muharrir oʻrinbosari, “Oʻzbekiston ovozi”, “Inson va qonun” gazetalarining viloyat muxbiri boʻlib ishladi. Viloyatda “Koʻksaroy” (“Adolat sari”), “Registon” tarmoq gazetalarini tashkil etdi.
1998 yildan 2012 yilgacha viloyat “Zarafshon” gazetasi bosh muharriri, 2012 yildan buyon viloyat “Zarafshon” va “Samarkandskiy vestnik” gazetalari birlashgan tahririyati bosh muharriri vazifasida ishlab keladi.
Xalq deputatlari viloyat Kengashi deputati, 2010–2014 yillarda Oliy Majlis Senati aʼzosi boʻlgan. 2014 yildan Oʻzbekiston Jurnalistlari ijodiy uyushmasi Samarqand viloyat boʻlimini boshqaradi.
Ilk sheʼri 1971 yilda viloyat gazetasida bosildi, “Qarnabchoʻl qoʻshigʻi” nomli birinchi kitobi 1994 yilda nashr etildi. Shundan soʻng shoirning “Onang tirik, bolam” (1995), “Men yomgʻirli kunda kelaman” (1998), “Qarnabota armoni” (2003), “Jurnalistning noni qattiq” (2004), “Otamning saboqlari” (2006), “Umrning oʻrtasi” (2006), “Oʻzimdek yashashni istayman” (2006), “Bedavo koʻngil” (2009), “Sogʻinch” (2011), “Ayollar nima deydi?” (hajviy sheʼrlar, 2012), “Omonat” (hikoyalar, 2015), “Koʻngil bilan suhbat” (2015), singari turli janrlarda bitilgan kitoblari nashr etildi.
Uning bevosita tashabbusi bilan “Yurtni sevmoq saodati” (2 tomlik), “Zarafshon mavjlari”, “Benazirsan, Oʻzbekistonim”, “Ijod-koʻngil taskini”, “Iftixorimsan, Vatan” degan samarqandlik ijodkorlar bayozlari dunyoga keldi.
Farmon Toshev madaniyatimiz rivojiga qoʻshgan hissasi va ijtimoiy-siyosiy sohadagi faoliyati uchun “Mehnat shuhrati” (2003), “El-yurt hurmati” (2013) ordenlari bilan taqdirlangan.
“Oʻzbek adiblari” (S. Mirvaliyev, R. Shokirova. Toshkent, Gʻafur Gʻulom nomidagi adabiyot va sanʼat nashriyoti, 2016) kitobidan.
Biografiya
Farmon Toshev (1954)