Faollashtirilgan ko’mir — qachon va qanday qabul qilish kerak, yo’riqnoma, dozirovka

Faollashtirilgan ko’mir — qachon va qanday qabul qilish kerak, yo’riqnoma, dozirovka

Qadim zamonlardan buyon davolash maqsadlarida turli sorbentlar keng qo’llanilgan. Ko’mir kukunini qabuil qilish og’ir metallarning tuzlari bilan zaharlanish, oziq-ovqatdan zaharlanish, shuningdek dizenteriya, vabo, ich terlama kabi jiddiy infektsion kasalliklarni davolashda yaxshi natijalar bergan.

svg%3EFaollashtirilgan ko'mir haqida ma'lumot

Bundan tashqari, ko’mir surunkali gastrit, cho’zilib ketgan kolit, me’da shirasining yuqori kislotaligi, ich ketishning og’ir shakllarini (diareya) davolashda foyda bergan. Birinchi marta 1915-yilda Nikolay Dmitrievich Zelinskiy tomonidan sintezlangan va universal kimyoviy himoya vositasida protivogazlarda, keyinchalik esa geterogen katalizator sifatida ishlatilgan.

Faollashtirilgan ko’mir — universal antidot

Ammo yangi, yanada samarali bakteritsid preparatlari va keyinchalik antibiotiklar kashf etilishi bilan faollashtirilgan ko’mirni terapevtik vosita sifatida mashhurligi pasayib ketdi. Hozirgi kunga qadar ham ushbu preparat ko’plab zaharli moddalarni o’ziga bog’lab oluvchi va yuqori sirt faolligi tufayli ularning so’rilishiga to’sqinlik qiluvchi eng samarali nomaxsus antidot hisoblanadi. Shunday qilib, faqat 1 g faollashtirilgan ko’mir 800 mg morfin, 700 mg barbital, 300-350 mg boshqa barbituratlar va alkogolni o’ziga bog’lashi mumkin.

Faololashtirilgan ko’mirni ishlab chiqarish uchun torf, toshko’mir va daraxt ko’miri, havosiz muhitda qizdirilgan boshqa o’simlik moddalari ishlatiladi va keyinchalik ularga qo’shimcha kimyoviy ishlov beriladi. Natijada, kichik teshikchalarli karkasli modda olinadi. Maksimal kichik teshikchalarni ishlatishning mohiyati kontakt yuzasini oshirishdir. Jism sirtining uning hajmiga bo’lgan nisbati qanchalik katta bo’lsa, uning aloqasi kontakti shunchalik faolroq bo’ladi va so’rib olish shunchalik yaxshiroq boradi. Shunday qilib, faollashtirilgan ko’mirning o’ziga xos sirt maydoni bir gramm uchun 400 kvadrat metrni tashkil qiladi, eng zo’r markalarda bu ko’rsatkich 1800-2200 m2ga yetishi mumkin.

Ko’pincha faollashtirilgan ko’mir turli dori vositalari, o’simlik zaharlari va boshqa kimyoviy moddalar (kuchli kislotalar, ishqorlar, sianidlar, temir preparatlaridan kelib chiqqan zaharlanishdan tashqari) bilan zaharlanishlarda universal sorbent sifatida ishlatiladi. Bunday hollarda faollashtirilgan ko’mir oshqozonni yuvishda (1 litr suv uchun 1 osh qoshiq kukun) va 100-150 ml suvda suyuqlik shaklida 20-30 g (ba’zan 80-100 g gacha) ichga qabul qilish uchun ishlatiladi. Oshqozonga faollashtirilgan ko’mir kukunlarini (yoki maydalangan tabletkalarni) uni yuvishdan oldin va keyin kiritish kerak.

Ta’sir mexanizmi

Faollashtirilgan ko’mir suvdan ifloslantiruvchilarni yo’q qilishining ikki mexanizmi mavjud: adsorbtsiya va katalitik oksidlash. Organik birikmalar adsorbtsiya bilan yo’q qilinadi, xlor va xloramin kabi oksidlovchilar katalitik oksidlanish bilan.

Farmakologiyasi

Faollashtirilgan (aktivlashtirilgan) ko’mir entersorbentlovchi, dezintoksikatsion va va ich antidiaretik ta’sir ko’rsatadi.

Polivalent fiziko-kimyoviy antidotlar guruhiga mansub, yuqori sirt faolligiga ega, oshqozon-ichak traktida zahar va toksinlarni ularning so’rilishidan oldin adsorbtsiya qiladi. Gemoperfuziyada sorbent sifatida faol hisoblanadi.

Ishqor va kislotalarni, shuningdek temir tuzlari, sianidlar, malation, metanol, etilenglikolni zaif adsorbtsiya qiladi. Shilliq qavatlarni ta’sirlantirmaydi. Intoksikatsiyalarni davolashda oshqozonda (uni yuvishdan oldin) va ichakda (oshqozonni yuvishdan keyin) ko’mir ortiqchaligini ta’minlash kerak. Muhitda ko’mir konsentratsiyasining kamayishi bog’langan moddaning desorbtsiyasiga va uning so’rilishiga sabab bo’ladi.

Oshqozon-ichak traktida oziq-ovqat massalari bo’lganda preparat katta dozalarda kiritilishi talab etiladi, chunki oshqozon-ichak tarkibi ko’mir tomonidan so’riladi va ko’mir faolligi pasayadi. Agar zaharlanish enterogepatik sirkulyatsiyada ishtirok etuvchi moddalar (yurak glikozidlari, indometasin, morfin va boshqa opiatlar) tomonidan chaqirilgan bo’lsa, ko’mirni bir necha kun davomida qo’llanilishi kerak.

Barbiturat, glyutamid, teofillin bilan o’tkir zaharlanishlar hollarida gemoperfuziyada sorbent sifatida ayniqsa samaralidir. Bir vaqtda qabul qilinadigan boshqa dori vositalari va oshqozon-ichak trakti shilliq qavatiga ta’sir qiladigan preparatlar samaradorligini pasaytiradi.

Ko’rsatmalar

Preparat quyidagi ko’rsatmalarda belgilanadi:

  • Endo- va ekzointoksikatsiyalarda me’da shirasining yuoqi kislotaligida dezintoksikatsiya: dispepsiya, meteorizm, chirish, achish jarayonlari, shilliq, HCl, me’da shirasi gipersekretsiyasi, diareya;
  • Alkaloidlar, glikozidlar, og’ir metall tuzlari, oziq-ovqatdan zaharlanish;
  • Oziq-ovqatli toksikoinfektsiya, dizenteriya, salmonellyoz, toksemiya va septikotoksemiya bosqichidagi kuyish kasalligi;
  • Buyrak yetishmovchiligi, surunkali gepatit, o’tkir virusli gepatit,  jigar sirrozi, atopik dermatit, bronxial astma, gastrit, surunkali xolesistit, enterokolit, xolesistopankreatit;
  • Kimyoviy birikmalar va dori vositalari bilan zaharlarnish (shu jumladan fosfororganik va xlororganik birikmalar, psixoaktiv dori vositalari), allergik kasalliklar, modda almashinuvi buzilishi, alkogolli abstinent sindrom;
  • Onkobemorlarda nurli va kimyoterapiya fonida intoksikatsiyalarda;
  • Rentgenologik va endoskopik tekshiruvlarga tayyorgarlik ko’rishda (ichaklarda gaz miqdorini kamaytirish uchun).

Qarshi ko’rsatmalar

Ushbu vositani oshqozon ichak-traktining yarali shikastlanishlari (shu jumladan oshqozon yarasi va o’n ikki barmoqli ichak yarasi, nospetsifik yarali koltida), oshqozon-ichak traktidan qon ketishlarda, ta’siri so’rilgandan keyin boshlanadigan vositalar bilan bir vaqtning o’zida qabul qilish (masalan metionin va boshqalar).

Nojo’ya ta’sirlari

Preparatning nojo’ya ta’sirlari orasida dispepsiya, ich qotishi yoki ich ketishi, uzoq muddat qo’llanilganda — gipovitaminoz, oshqozon ichak traktida oziqa moddalari (yog’lar, oqsillar), gormonlar so’rilishini pasaytirishi. Gemoperfuziyada faollashtirilgan ko’mir orqali — tromboemboliya, gemorragiyalar, gipoglikemiya, gipokaltsemiya, gipotermiya, arterial bosimning pasayishi.

Qo’llash bo’yicha yo’riqnoma

Faollashtirilgan ko’mir bilan boshqa hech qanday preparat qabul qilmaslik kerak, chunki ular muqarrar ravishda so’riladi va shu bilan birga ko’mirning zaharli moddalarni so’rib olish qobiliyatini kamaytiradi. Faollashtirilgan ko’mirni sorbent sifatida ishlatish zaharlanishdan keyingi birinchi 12 soat ichida eng samarali hisoblanadi. Shu bilan birga, ko’mirning o’zi so’rilmaydi va oshqozon-ichak traktida metabolizmga uchramaydi; u axlat bilan chiqariladi va uni qora rangda bo’yaydi.

Faollashtirilgan ko’mirni meteorizm (qorin dam bo’lishi), dispepsiyalar, kolit, me’da shirasining yuqori kislotaligi, diareya, ovqatdan zaharlanishda ham qabul qilish mumkin — 1-2 grammdan kun davomida 2-4 marta ovqatlanishdan 1,5-2 soatdan so’ng, ichimlik suvi bilan ichish kerak (tabletkalarni maydalab qabul qilish yaxshiroq samara beradi).

Biroq, bu preparat uzoq muddatli, doimiy foydalanish uchun mo’ljallanmagan. U tez tibbiy yordam sifatida ishlatiladi va odatda bir necha kun davomida qabul qilinadi. Darhaqiqat, faollashtirilgan ko’mir oshqozon-ichak traktida nafaqat zaharli, balki organizmga foydali bo’lgan ko’plab moddalarni (fermentlar, vitaminlar, aminokislotalar va boshqalar) ham o’ziga bog’laydi. Bundan tashqari, o’tkazilgan tadqiqotlar ushbu preparatni uzluksiz ravishda qabul qilish istalmagan toksik ta’sirga (ko’ngil aynishi, qusish va boshqa noqulay asoratlar) olib kelishi mumkinligini ko’rsatdi.

Dori va preparatlar
dozirovka, Faollashtirilgan ko’mir — qachon va qanday qabul qilish kerak, yo’riqnoma