Familiya, ism va ota ismini o‘zgartirish to’liq malumot oling
Familiya, ism va ota ismini o‘zgartirish haqidagi arizalar ariza beruvchi 16 yoshga to‘lgandan keyin u yashab turgan joydagi FHDYo organi tomonidan ko‘rib chiqiladi.
Agar 16 yoshga to‘lgan shaxs pasport yoki pasport o‘rnini bosuvchi shaxsni tasdiqlovchi boshqa hujjat olgunga qadar familiyasi, ismi, ota ismini o‘zgartirish haqida ariza bersa, u holda arizaga tug‘ilganlik haqida guvohnoma ilova qilinadi.
Familiya, ism va ota ismini o‘zgartirish ichki ishlar organlari xulosasi asosida amalga oshiriladi.
Familiya, ism va ota ismini o‘zgartirish to‘g‘risidagi ariza ariza berilgan kundan boshlab 2 oy mobaynida ko‘rib chiqiladi. Uzrli sabablar (ishni rasmiylashtirish uchun zarur bo‘lgan dalolatnoma yozuvi nusxalarining boshqa FHDYo organlaridan, ichki ishlar organlari xulosasining kechikib olinishi va boshqalar) mavjud bo‘lganda FHDYo organi mudiri ushbu muddatni 1 oydan ko‘p bo‘lmagan muddatga uzaytirishi mumkin.
Ushbu xizmatni Yagona interaktiv davlat xizmatlari portali orqali murojaat qilib olish mumkin.
Ko‘rsatiladigan xizmat uchun to‘lov undiriladi.
Familiya, ism va ota ismini o‘zgartirish asoslari
milliy-tarixiy an’analarga muvofiq bo‘lsa;
sudning hal qiluv qarori asosida;
agar familiya va ism eshitilishda yoqimsiz bo‘lsa;
agar familiya va ism millatiga to‘g‘ri kelmasa;
xohishga qarab nikohgacha bo‘lgan familiyaga (nikohda turgan davrida ham, nikohdan ajratilgandan keyin ham) qaytishda;
oila uchun umumiy familiyada bo‘lish istagi paydo bo‘lganda (agar nikoh tuzish paytida er-xotin umumiy familiya qabul qilishmagan bo‘lsa);
16 yoshga to‘lgan shaxsga otalikni belgilashda ko‘rib chiqiladi.
Familiya, ism, ota ismini o‘zgartirishga taqdim etiladigan hujjatlar
ariza beruvchining tug‘ilganlik haqidagi guvohnomasi;
agar ariza beruvchi nikohda turgan bo‘lsa, u holda nikoh tuzilganligi haqidagi guvohnomasi, agar nikohdan ajratilgan bo‘lsa — nikohdan ajralganlik haqidagi guvohnomasi;
agar ariza beruvchining voyaga etmagan bolalari bo‘lsa, u holda bolalarining tug‘ilganlik haqidagi guvohnomalari;
ariza beruvchining pasportidan yoki shaxsini tasdiqlovchi boshqa hujjatidan ko‘chirma;
agar ariza beruvchi voyaga etmagan yoki sud qarori bilan muomalaga layoqatsiz deb topilgan bo‘lsa, u holda ota-onasining yoxud vasiy yoki homiyning arizasi;
1 dona (3×4 o‘lchamli) fotosurat.
Familiya, ism va ota ismini o‘zgartirishni rad qilinishi
FHDYo bo‘limi mudiri taqdim etilgan hujjatlar asosida, zarur hollarda esa boshqa FHDYo organlaridan o‘zining talabi bo‘yicha kerakli dalolatnoma yozuvlari nusxalarini olganda yig‘ilgan hujjatlarni tegishli tekshiruv o‘tkazish uchun ichki ishlar organiga jo‘natadi.
Ichki ishlar organi taqdim qilingan hujjatlarni 30 kun mobaynida o‘rganib chiqadi, ariza beruvchining familiyasi, ismi, ota ismining o‘zgartirilishi maqsadga muvofiq emasligi to‘g‘risida xulosa tuzilgan taqdirda ushbu holatning aniq sabablari ko‘rsatiladi.
Ichki ishlar organining xulosasini olgandan keyin FHDYo organi taqdim etilgan hujjatlar asosida familiya, ism, ota ismini o‘zgartirish yoki o‘zgartirishni rad qilish to‘g‘risida asoslangan xulosa tuzadi.
Rad etish to‘g‘risidagi xulosa ustidan sudga shikoyat qilinishi mumkin.
Familiya, ism va ota ismini o‘zgartirish oqibatlari
O‘zaro qonuniy nikohda turgan er yoki xotindan birining familiyasi o‘zgartirilishi ikkinchisining ham familiyasi o‘zgarishiga sabab bo‘lmaydi.
Ota-onalardan har ikkalasining familiyasi o‘zgartirilishi 16 yoshga to‘lmagan bolalari familiyasining ham o‘zgartirilishiga sabab bo‘ladi.
Ota-onalar yoki ulardan birining familiyasini o‘zgartirganligi ularning voyaga etgan bolalarining familiyasi o‘zgarishiga sabab bo‘lmaydi.
Agar ota-onadan biri familiyasini o‘zgartirsa, ularning voyaga etmagan bolalarining familiyasini o‘zgartirish masalasi ota-onalarning kelishuviga binoan, bunday kelishuv bo‘lmaganda esa — vasiylik va homiylik organi tomonidan hal etiladi.
Otaning ismini o‘zgartirishi voyaga etmagan bolalarning ota ismi o‘zgarishiga olib keladi.
Voyaga etgan bolalarning ota ismi faqat ularning arizalariga ko‘ra o‘zgartiriladi.
Foydali havolalar
FHDYo organi qabuliga yozishi uchun quyidagi havolaga o‘ting.
Foydali Maslahatlar
Familiya, ism va ota ismini o‘zgartirish