Falsafada haqiqat muammosi to’liq malumot oling

Falsafada haqiqat muammosi to’liq malumot oling

Falsafada haqiqat muammosi
Mundarija скрыть

Haqiqat – bilish nazariyasining bosh kategoriyasi. U borliqning bilishdagi ideal ifodasi, chunki haqiqat ongdan, bilayotgan subyektdan tashqarida va undan qat’iy nazar mavjuddir. Haqiqat – bilimlarning obyektiv borliqqa muvofiq bo‘lgan mazmuni. U bilish jarayoni, bilish in’ikosining natijasidir. Haqiqat ilmiy nazariyada mujassamlashgan anglab yetilgan tasdiqlovchi mulohazalar ko‘rinishida o‘z ifodasini topadi. Har qanday ilmiy nazariya rivojlantirilishi, ba’zan boshqa, yanada haqiqiyroq nazariya bilan almashtirilishi lozim. Shu ma’noda haqiqat – bilish rivojlanishining yakuni va ayni vaqtda omilidir.

Falsafa tarixida haqiqat (bilimlarning haqiqiyligi) muammosi qadimgi davrlardayoq ta’riflangan. “Avesto”da haqiqat oliy sharofatdir deyiladi. Darhaqiqat insoniyat doimo haqiqatga intilgan. Zero haqiqat adolatga, sharofatga eltadigan buk qudrat. Aristotel fikricha haqiqat – mulohazalar va amaldagi holat o‘rtasidagi muvofiqlikdir.

Platon haqiqatni g‘oyalar dunyosiga mos keluvchi g‘ayritabiiy mustaqil ideal mohiyat sifatida tushungan, inson bilimi jonning shu g‘oyalar dunyosi bilan mushtarakligi darajasidagina haqiqiydir, deb hisoblagan.

Foma Akvinskiy haqiqat yolg‘on narsalarda emas, balki aqlda mavjud bo‘ladi, har bir narsa o‘zi bog‘liq bo‘lgan aqlga munosabati darajasidagina haqiqiy deb nomlanishi mumkin, deb qayd etgan.

Beruniy fikricha haqiqat bilimning voqelikka muvofiqligidir. Forobiy fikricha haqiqatni bilish aqlning kamolotiga bog‘liq. Bu aql inson qalbidadir, uning kamolotiga esa faol aqlga qo‘shilish orqali erishiladi. Faol aqlda borliqning eng oliy darajasi bo‘lgan Birinchi sababdan boshlab to oxirgi haqiqatning barcha sura shakllari mavjud. Shuningdek Forobiy va uning izdoshlari fikricha, haqiqat bir nechta bo‘lishi mumkin emas, haqiqat bitta, shu bois falsafa ham bir nechta bo‘lishi mumkin emas. Forobiy haqiqatning o‘zgarmasligiga ishongan va falsafani haqiqatning birdan bir ifodasi deb hisoblagan[1]. Naqshbandiy haqiqat bu Allohni anglashdir deb hisoblagan. Haqiqat so‘fiylar talqinida shariat doirasidan chetga chiquvchi ichki mazmunni anglatadi. Ilk so‘fiylar shariat va haqiqat o‘rtasida jarlik yuzaga kelishiga yo‘l qo‘ymaslikka harakat qilganlar. Keyingi so‘fiylar, masalan, Abu Bakr az Zakok haqiqat haqidagi fan shariat sari yo‘lni oydinlashtiradi deb hisoblaydi. Darhaqiqat, diniy aqidalarni rad etish va odam shariat va tariqat bosqichlaridan o‘tib, haqiqatga erishganidan keyingina o‘zining «haqiqiy borlig‘i»ni kasb etishi, haqiqat bilan birikishi va o‘zi ham haqiqatga aylanishi haqidagi ta’limot so‘fizm rivojlanishining keyingi bosqichlari mahsuli sifatida vahdati vujud (borliqning birligi), ya’ni mistik panteizm haqidagi ta’limot asoschilari sanalgan Boyazid Bistomiy, Halloj va boshqalarning asarlarida ilgari surilgan.

Gegelda haqiqatni tushunish uning falsafasi asosiy tamoyili bilan bog‘liq. Bu tamoyilga binoan g‘oya o‘zining to‘liq va muayyan ko‘rinishida «o‘zida va o‘zi uchun borliqqa ega bo‘lgan haqiqat»dir. Gegel fikricha haqiqat o‘zining mavxum ko‘rinishida muayyan mazmunning o‘ziga muvofiqligini anglatadi. Hamonki bu mazmunning to‘liqligiga mutlaq g‘oyaning o‘z-o‘zidan harakati natijasida erishilar ekan, Gegel o‘zining haqiqatni tayyor holda berilishi va shu holda cho‘ntakka solib qo‘yish mumkin bo‘lgan zarb etilgan tanga sifatida emas, balki sof tafakkur sohasida bilimlarning dialektik shakllanish jarayoni sifatida tushunish lozimligi haqidagi mashhur tezisini ta’riflaydi: «…hamma gap haqiqiy narsani substansiya sifatida emas, balki shuningdek subyekt sifatida», ya’ni tafakkur faoliyati sifatida ham tushunish va ifodalashda[2].

Haqiqatni obyektiv-idealistik tushunishning o‘ziga xos xususiyati unga dunyoning ongda aks etish jarayoniga bog‘lamasdan qarash va uni insonning obyekt haqidagi bilimi xossasi sifatida emas, balki empirik borliqqa qo‘shimcha tarzda obyektivlashgan qandaydir vaqtdan tashqaridagi g‘oyaning xossalari sifatida talqin qilishda namoyon bo‘ladi.

Haqiqatni subyektiv idealistik tushunish esa inson bilimining xossalari va tarkibi bilan bog‘lanadi, biroq mazkur bilim unda tashqi, mustaqil dunyoning aks etishiga bog‘lanmaydi, chunki bunday dunyoning mavjudligi inkor etiladi. Haqiqat «tafakkurning tejamkorligi»(1) sifatida (Max), foydali natijalarga erishish imkonini beruvchi jarayon, tafakkurimiz obrazidagi qulaylik sifatida (Jeyms), inson tajribasining mafkuraviy ta’rifni tashkil etuvchi shakli sifatida (Bogdanov) talqin qilinadi.

Idealizm falsafasi hal qila olmagan haqiqatni tushunib yetishdagi qiyinchiliklar shunga olib keldiki, faylasuflar insonga haqiqatni vahiy vositasida ochuvchi ta’limotni ilgari surdilar. Bu yo‘nalish intuitivizm degan nom oldi. Unga Shopengauer asos soldi. U aql va ilmiy bilishning ustuvorligini rad etdi, fanni intuitsiyadan keyingi o‘ringa qo‘ydi. Ilmiy izlanish intuitsiyaga asoslanadi, demak, unga bog‘liq bo‘ladi va bo‘ysunadi. Shopengauerning qarashlarini Bergson rivojlantirdi. U intuitiv bilimning ustunligini himoya qilar ekan, qumursqalarning instinktiv xulq-atvoriga ishora qiladi, ya’ni instinkt – intuitsiyaning bir turi, degan g‘oyani ilgari suradi. Uning fikricha, qumursqalar haqiqatni darhol – tug‘ilgani zahoti anglab yetadi. Buni aql tushunishga qodir emas. Aql faqat munosabatlarni bilish bilan shug‘ullanadi. Narsalarning mohiyatini faqat instinkt tushunishga qodir. Inson texnikasi qay darajada qudratli bo‘lmasin, u qumursqa osongina bajaradigan ishni uddalay olmaydi. Bergson aqlga ishonmaslik va ko‘proq intuitsiyaga tayanishni maslahat beradi. Garchi inson intuitsiyasi qumursqalarning intuitsiyasi darajasida kuchli bo‘lmasa-da, har qalay, uning aqlidan kuchliroqdir, chunki aql «hayotni organik tushunish bilan tavsiflanadi». Bergson intuitsiyaga aqlga qarama-qarshi turuvchi instinkt nuqtai nazaridan yondashdi.

Hozirgi zamon bilish nazariyasida haqiqiy bilim va uning shakllari haqida turli fikrlar mavjud.

Obyektiv haqiqat – bilimlarimizning inson insoniyatga bog‘liq bo‘lmagan mazmuni. Bizning bilimlarimizda doim yo muayyan odamga, yo muayyan ijtimoiy guruhga bog‘liq bo‘lgan unsur mavjud bo‘ladi. Binobarin, o‘z bilimlarimizda subyektiv unsurlarga bog‘liq bo‘lmagan va shu sababli obyektiv hisoblanadigan mazmunni qayd etishimiz lozim. Obyektiv haqiqat rivojlanib, ikki shakl: nisbiy va mutlaq haqiqat shakllarida amal qiladi.

Mutlaq haqiqat – predmetni kelajakda to‘ldirilishi yoki unga aniqlik kiritilishi mumkin bo‘lmagan tarzda to‘la, mukammal bilishdir. Olam zamon va makonda cheksizligi tufayli bunday bilimga amalda erishish mumkin emas. Haqiqat tushunchasini mutlaq haqiqat tushunchasi bilan tenglashtirib, biz unga erishib bo‘lmasligi, demak, umuman bilish mumkin emasligi haqida gapiramiz. Biroq fanning haqiqiy tarixi buning teskarisidan dalolat beradi: fan rivojlanadi, chunki u nisbiy va mutlaq bilimning birligi sifatida tushuniladigan haqiqatni bilishga qodir. Boshqacha aytganda, obyektiv haqiqat to‘la va mukammal ko‘rinishdagi mutlaq haqiqatdir. Ayrim hollarda, agar haqiqat vaqt o‘tishi bilan o‘zgarmasa, ya’ni vaqt shart-sharoitlariga bog‘liq bo‘lmasa, u boqiy haqiqat deb ataladi.

Nisbiy haqiqat – borliqni asosan to‘g‘ri aks ettirsa-da, obraz obyektga uncha mos emasligi bilan ajralib turadigan bilim. Nisbiy haqiqat to‘g‘ri, biroq noto‘liq, taxminiy, vaqt va joyning ma’lum tarixiy shart-sharoitlari bilan cheklangan haqiqatdir.

Nisbiy va mutlaq haqiqat bir-biri bilan chambarchas bog‘liq. Nisbiy haqiqatlar bilish taraqqiyoti jarayonida rivojlanib, o‘z chegarasi bo‘lgan mutlaq haqiqatga yaqinlashadi.

Biroq bilishning tarixiy rivojlanish jarayoni nafaqat nisbiy haqiqatlarning mutlaq haqiqatga aylanish jarayoni, balki ayrim mutlaq haqiqatlarning yuzaga kelish jarayoni hamdir. Bu fikrni fizikada atom va uning tuzilishi haqidagi tasavvurlarning rivojlanishi misolida ko‘rishmumkin. Yuz yil muqaddam fiziklar va ximiklar atomlar amalda mavjud va ajralmas sharchalar ko‘rinishida, deb taxmin qilar edilar. Bu tasavvur zamirida mutlaq haqiqat unsurlari mavjud edi. Bundan: «Kimyoviy elementlarning atomlari amalda mavjud», degan xulosa kelib chiqadi. Fizika va kimyoning keyingi rivojlanishi mutlaq haqiqatning bu elementini bekor qilmadi. Biroq bu tasavvurlarda xatolar mavjudligi (taranglik, ajralmaslik va h.k.) aniqlandi.

XIX asr oxirida elektronlar kashf etilishi natijasida atom tuzilishining yangi manzarasi yaratildi. Tomson musbat zarralar va manfiy zaryadli elektronlardan tashkil topgan atom modelini yaratdi. Atomning bu nisbatan haqiqiy manzarasida mutlaq haqiqatning yangi unsurlari paydo bo‘ldi: Darhaqiqat atom musbat zaryadli zarralardan iborat.

Atom haqidagi tasavvur rivojlanishining uchinchi bosqichi Rezerford-Bor modeli bilan bog‘liq. Bu modelda atom yadro va uning atrofida aylanuvchi elektronlardan tashkil topadi. Umuman olganda, avvalgi modellardan aniqroq bo‘lgan bu modelda mutlaq haqiqat unsurlari mavjud. Hozirgi vaqtda atom tuzilishi haqidagi tasavvurlar zamirida kvant mexanikasi va atom yadrosini o‘rganish natijalari yotadi. Hozirda elektronlarning atom yadrosi atrofidagi harakatini zichligi notekis bo‘lgan bulut harakatiga o‘xshatish mumkinligi, chunki elektronlar korpuskulyar va to‘lqin xossalariga ega ekanligi, yadro esa protonlar va neytronlardan iborat sistema hisoblanishi va hokazolar ma’lum. Hozirgi zamon fizikasida atom manzarasi Bor nazariyasidagiga qaraganda to‘liqroq va aniqroq, unda mutlaq haqiqat unsurlari ko‘proq. Biroq atomning hozirgi manzarasi kelajakda o‘zgarishi, unga aniqlik kiritilishi, unda yangi haqiqat va xatolar aniqlanishi shubhasiz. Haqiqatda nisbiy va mutlaq jihatlar uzviy, o‘zaro bog‘langan: bir tomondan, nisbiy haqiqatda doim mutlaq haqiqat unsurlari mavjud bo‘lsa, boshqa tomondan, inson bilimlarining rivojlanishi jarayonida nisbiy haqiqatlardan mutlaq haqiqat yuzaga keladi.

Nisbiy va mutlaq haqiqat dialektikasi bizning bilimimiz atrofimizdagi olamni har tomonlama va aniq qamrab olishga intilib, qarama-qarshiliklarni yechib, obyektiv borliqni yanada teranroq va mukammalroq aks ettirishini ko‘rsatadi.

Haqiqatning korrespondent, kogerent va pragmatik konsepsiyalari mavjud. Ularning har biri fanda rivojlanish jarayonida katta qiyinchiliklarga duch keladi.

Haqiqatning korrespondent konsepsiyasi nazariyaning tajribada olingan ma’lumotlarga muvofiq bo‘lishini talab qiladi. Bu talab fanda qabul qilinadi, u taklif qilinayotgan — gipoteza fan sohasiga taalluqli yoki taalluqli emasligini aniqlashda muhim ahamiyat kasb etadi.

Kogerent (nazariy) konsepsiya eksperimentga muvofiq bo‘lishi, unga zid kelmasligi, uning natijalarini bashorat qilish imkonini berishi lozim. Masalan, neopozitivistlar eksperimentni nazariya to‘g‘ri ekanligining mukammal tavsifi deb hisoblaganlar. Nazariya eksperimentda tekshiriladi, verifikatsiya qilinadi: u yo mazkur sinovdan muvaffaqiyat bilan o‘tadi, yo o‘tmaydi; u yo to‘g‘ri, yo noto‘g‘ri. K.Popper bu fikrda kamchilik topdi: hamonki nazariyalar ertami, kechmi inkor etilar, falsifikatsiya qilinar ekan, ularning eksperimentga avvalgi muvofiqliklari amalda haqiqiy sinov hisoblanmaydi. Popperga e’tiroz bildirish mumkin: agar nazariya eksperimentda olingan ayrim ma’lumotlar bilan ziddiyatga kirishgan bo‘lsa, bu nazariyadan mazkur ma’lumotlarni sharhlash uchun foydalanish mumkin emas, biroq u boshqa eksperimental ma’lumotlar uchun o‘z ahamiyatini saqlab qoladi. Fanda yangi nazariya eskisini doim ham istisno etavermaydi. Fizikada ba’zi bir fizik hodisalarni talqin qilish uchun Nyuton mexanikasidan hozirgacha foydalaniladi. Vaholanki, u eng yangi fizik nazariyalar bilan rad etilgan. Nyuton mexanikasi nisbiylik nazariyasi va kvant fizikasining ayrim, nisbatan sodda ko‘rinishi sifatida o‘z ahamiyatini saqlab qolgan.

Nazariyaning eksperimentga nomuvofiqligini oddiy vositalar yordamida, xususan eski nazariyani takomillashtirish yo‘li bilan bartaraf etish mumkin. Bunday hollarda ish ilmiy inqilobgacha yetib bormaydi. Lakatos fikriga ko‘ra, nazariyaning eng muhim qoidalari muhimlik ikkinchi darajali qoidalardan tashkil topgan himoya qobig‘i bilan o‘ralgan bo‘lib, u eksperimental ma’lumotlarning dastlabki «zarbalari»ni o‘ziga qabul qiladi. Nazariyaning o‘zagi uning himoya qatlamidan o‘tilganidan keyingina buzilishi mumkin.

Shuni ta’kidlash lozimki, eksperimentda nazariyaning u yoki bu ayrim qoidasi emas, balki umuman nazariya sinovdan o‘tadi yoki rad etiladi. Har qanday muayyan qoida umuman nazariya mahsulidir. Shu sababli eksperiment butun nazariyaga nisbatan tatbiq etiladi.

Haqiqatning pragmatik konsepsiyasida amaliyot mezoni ko‘pincha to‘g‘ridan-to‘g‘ri eksperiment tushunchasi bilan bog‘lanadi. Biroq ilmiy amaliyot faqat eksperimentdan iborat emas, u fan qo‘llaniladigan butun maydonni, uning inson uchun hayotiy ahamiyatini qamrab oladi. Shuni hisobga olganda, insonning butun hayoti, uning fandan amalda foydalaniladigan barcha jabhalari fanning haqiqiyligini sinash maydoniga aylangan, desak, mubolag‘a bo‘lmaydi.

Fanning sertarmoq, murakkab xususiyati uni talqin qilishga jiddiy talablar qo‘yadi. Fanning kuchi nimada? U qanday ideallarga ega? Fandan «Hodisalar qanday yuz beradi?» yoki «Ular nima uchun aynan shunday yuz beradi?» degan savolga javob berishni talab qilishning o‘zi kifoyami? Fan san’at, dinga, inson hayotining boshqa sohalariga zid emasmi? Fan insoniyatni pirovard natijada halokatga olib kelmaydimi? Degan savollar fanning haqiqatni bilish jarayonida shakllangandir.

Isbotlash va rad etish. Fanning u yoki bu qoidasining haqiqiyligi yoki soxtaligi, aniq-ravshan ko‘rinib turmaydi. Faqat eng sodda mulohazalar o‘zining haqiqiyligini tasdiqlash uchun sezgi idrokidangina foydalanishni talab qiladi: ko‘rsatish mumkin bo‘lgan narsani isbotlashning hojati yo‘q.

Fanning aksariyat qoidalari sezgi a’zolari orqali bilish darajasida va boshqa haqiqatlardan alohida emas, balki mantiqiy tafakkur darajasida, boshqa haqiqatlarga bog‘langan holda, ya’ni isbotlash yo‘li bilan haqiqiy deb qabul qilinadi. Isbotlash – ilmiy tafakkurning muhim vositasi.

Har qanday isbotda tezis, isbotlash uchun asoslar (dalillar) va isbotlash usuli mavjud. Haqiqiyligi yoki soxtaligi isbotlash yo‘li bilan aniqlanayotgan qoida tezis deb ataladi. Tezisning soxtaligini aniqlash rad etish deb ataladi. Isbotlashda foydalanilayotgan va isbotlanayotgan tezisning haqiqiyligini ko‘rsatayotgan barcha qoidalar asoslar yoki dalillar deb ataladi. Asoslar va dalillar ishonchli dalillar haqidagi qoidalar, ta’riflar, aksiomalar va ilgari isbotlangan qoidalardan tashkil topadi.

Qoidaning haqiqiyligini isbotlash u yaxshi tekshirilgan dalillar haqidagi qoidalardan bevosita kelib chiqishini ko‘rsatish demakdir. Biroq hayot shu darajada murakkabki, amalda juda ko‘p, hatto aqlga mutlaqo zid qoidalarni tasdiqlash uchun ham ayrim dalillar to‘plash mumkin. Bunda ayni shu qoidalarni rad etuvchi dalillar ham mavjudligi bir-biridan va atrof muhitdan ajratib olingan ayrim dalillar o‘zicha hech narsani isbotlamasligidan dalolat beradi. Dalillar haqidagi fikrlar o‘zaro bog‘liq holda qaralgan taqdirdagina isbotlash uchun asos bo‘lish mumkin. Isbotlash uchun asoslar jumlasiga mazkur fan asosiy tushunchalarining ta’riflari kiradi. Bu mazkur fanning barcha tushunchalari ta’riflanishi lozim degan ma’noni anglatmaydi. Ta’riflash – noma’lumni ma’lumga, murakkabni soddaga bog‘lash demak.

Isbotlanayotgan tezis tayanadigan isbotlash uchun asoslar qatoriga fanning asosiy tushunchalari ta’riflari va aksiomalardan tashqari tezisni asoslash uchun zarur bo‘lgan fanning ilgari isbotlangan qoidalari ham kiradi. Fan o‘z qoidalarining dalil-isbotlarini qancha ko‘p rivojlantirsa, har bir yangi qoidani isbotlash uchun oldingi asoslar soni shuncha ko‘payadi.

V.F.Asmus fikriga ko‘ra, asoslar va ulardan chiqarilgan xulosalarning aloqasi, agar u isbotlanayotgan tezisning haqiqiyligi tan olinishiga olib kelgan bo‘lsa, isbotlash usuli deb ataladi. Fanning ayni bir qoidasini isbotlash har xil, masalan, deduksiya, induksiyaga, analogiyadan foydalanishga, modellashtirishga asoslangan bo‘lishi mumkin.

Emotsiyalar. iroda, ishonch, ideal. Ilgari sezgilar hodisalarning muhim jihatlariga nisbatan neytral deb qaralar edi. Odatda bu neytrallik mavjud bo‘lmaydi. Bu holda sezgilar subyektga yuz berayotgan voqeaning shaxsiy ma’nosini tushunish imkonini beruvchi kechinmalar sifatida amal qiladi. Hodisalar va holatlar ahamiyatini bevosita his etish emotsiyalar deb ataladi. Ijobiy emotsiyalar – lazzatlanish, quvonch, hayrat, muhabbat va sh.k. Salbiy emotsiyalar — qo‘rquv, hayiqish, nafrat, qayg‘u va sh.k. Insonning emotsiyalar dunyosi juda murakkab bo‘lib, uni psixologiya atroflicha o‘rganadi. Falsafiy jihatdan emotsiyalar dunyosini ekzistensializm ko‘proq o‘rgangan bo‘lib, bu yerda ekzistensial deganda ko‘pincha vaziyatli emotsiyalar (kuchli ruhiy hayajonlanish, ehtiroslar) emas, balki inson borlig‘ining barqaror strukturalari tushuniladi. Inson emotsiyalariga uning butun hayot tajribasi kuchli ta’sir ko‘rsatadi. Ba’zan bir so‘z bilan ifodalangan qisqacha xabar inson o‘limiga sabab bo‘lgan hollar ma’lum.

Iroda inson ruhiyatining har xil shakllari orasida – subyektning o‘z faoliyatini o‘zi tartibga solishi muhim ahamiyatga ega. Kant va Fixte uchun iroda axloqiy tamoyillarni ro‘yobga chiqarish manbai, inson amaliy faoliyatining negizi hisoblanadi. Shopengauer va Nitsshe uchun iroda – borliqning irratsional impulsi. Bu yerda iroda ruhiyat doirasidan butunlay chiqariladi.

Ishonch insonning qadriyatlari va mo‘ljallari dunyosida biron-bir narsa yoki hodisani haqiqiy deb qabul qilish muhim ahamiyatga ega. Ishonchga shubha zamin hozirlaydi, u bir qancha ruhiy holatlar natijasida ishonchga aylanadi. Ilohiyotchilardan farqli o‘laroq, faylasuflar shubha va ishonchning o‘zaro nisbatiga ko‘proq e’tibor beradilar. Diniy e’tiqod odatda vahiyning bevosita mahsuli sifatida isbotlashga muhtoj emas deb qaraladi. Shveysariyalik taraqqiyparvar ilohiyotchi Karl Bart e’tiqodning isboti uning o‘zida deb hisoblagan. Faylasuf Karl Yaspers uchun falsafiy e’tiqod – falsafiy mushohada yuritish natijasidir.

Ideal – pirovard kelajakning muayyan obrazi emas, balki qayta ko‘rilishi mumkin bo‘lgan har xil nazariy va boshqa tasavvurlarning kelajakka qaratilgan majmui. Ideal doim ham pirovard maqsadning ustunligiga bog‘lanmaydi. Muayyan pirovard maqsadning ustunligi, ayniqsa, agar u olis kelajakda bo‘lsa, utopiyaga olib keladi. Ayrim utopistlar erkinlikning ustunligini tan oladi, boshqa utopistlar bu o‘ringa adolatni qo‘yadi, utopistlarning uchinchi toifasi faqat ijtimoiy mulkni tan oladi, to‘rtinchi toifasi esa, aksincha, xususiy mulkni hamma narsadan ustun qo‘yadi. Xullas, ideal yaratish, agar unga yetarli darajada mas’uliyat bilan yondashilmasa, utopiyaga olib keladi. Ayni vaqtda, ideal yaratish – inson yutuqlarining muhim negizi. Agar insoniyat ideal yaratish bilan shug‘ullanmaganida, o‘zining hozirgi taraqqiyotiga erisha olmagan bo‘lar edi. Biroq ideal yaratish jarayoni oqilona kechishi uchun rivojlangan, zamonga hamohang falsafa bo‘lishi lozim. To‘g‘ri falsafiy mo‘ljallar utopizmdan saqlaydi. Asosan XX asrda shakllangan noklassik falsafa ideallar bilan juda ehtiyot bo‘lib muomala qiladi.

Bilish natijalarini baholash. Erishilgan natijani baholash – bilishning zarur unsuridir. Baholash yo‘li bilan inson olingan bilimning haqiqiyligi yoki soxtaligi, undan amaliy faoliyatda foydalanish mumkin yoki mumkin emasligini aniqlanadi. U olingan bilim keyingi bilish jarayonida ishtirok etishi yoki ishtirok etmasligini belgilaydi, uning insonga va shaxsning ma’naviy faoliyatiga ta’sir o‘tkazish imkoniyatlarini aniqlaydi. Shu sababli baholash uchun asos sifatida nafaqat gnoseologik, balki amaliy, mafkuraviy va axloqiy mezonlar amal qiladi.

Olim o‘z faoliyatida nafaqat o‘zining metodlari va ilmiy natijalarini baholaydi, balki ularga ilmiy jamoatchilik, hokimiyat, din namoyandalarining munosabatiga qarab mo‘ljal oladi. Umuman olganda, har qanday bilish haqiqatni izlashdir. Bu inson aqlining azaliy vazifasidir. Bilimlarimizning haqiqiyligi muammosi bilish faoliyatining har qanday turlarida muhim ahamiyatga ega. Shu sababli bilimning haqiqiyligi uning muhim asosi hisoblanadi. Haqiqat – bilishning mutlaq qadriyati.

Bilishning ma’naviy qadriyatlari. Har qanday ilmiy tadqiqotda ma’naviy qadriyatlar va me’yorlar mavjuddir. Ilmiy metod negizini obyektivlik va oqilonalik kabi an’anaviy ma’naviy qadriyatlar tashkil etishi lozim. Obyektivlik olim tadqiqot me’yorlarini tanlashga nisbatan vijdonan yondashishi, shaxsiy manfaatdorlikni siqib chiqarishi, haqiqatni guruh manfaatlaridan ustun qo‘yishini nazarda tutadi.

Ayrim ilmiy konsepsiyalar eskirishiga qarab o‘ziga xos «timsol» belgilarini kasb etadi. Eskirgan konsepsiyalardan voz kechish ko‘pincha ularni yaratuvchilarning qarshiligini bartaraf etish bilan bog‘liq. Olim ba’zan fanda inqilobga yo‘l ochuvchi yangi g‘oyalarni afzal ko‘rishga o‘zida kuch topa olmay, eskicha yondashuvlar asiri bo‘lib qolishi mumkin.

Bilim va haqiqat amalda ayniy tushunchalardir. Bilish – narsalarning haqiqiy holatiga mos keluvchi ishonchli axborotga ega bo‘lish demak. Haqiqiy bilimga erishish mumkinmi? Qanday bilimni haqiqiy deb hisoblash mumkin? Bilim haqiqiyligining obyektiv va mutlaq mezonlari mavjudmi? Bu savollarga javoblar fan va falsafaning rivojlanishiga doimo yo‘ldosh bo‘lgan. Masalan, Aristotel haqiqatni borliq bilan tenglashtirgan. Uning fikricha, o‘zgarmas narsalargina haqiqiydir, haqiqat borliqning oliy shaklidir.

Skeptitsizm vakillari, aksincha, bilimning predmetga muvofiqligi masalasi bahsli bo‘lib, uni isbotlash mumkin emas, chunki bilishni chalg‘ituvchi yoki unga monelik qiluvchi omillar mavjud, deb hisoblaganlar. Bilimning nomuvofiqligi sabablari bilish obyektining tarkibida bo‘lishi mumkin. Dunyo shu darajada cheksizki, inson o‘z tafakkuri bilan uni qamrab olishga qodir emas. Haqiqiy bilimga erishishga biluvchi subyektning xossalari ham monelik qilishi mumkin. Inson sezgi a’zolarining aldamchiligi va ishonchsizligi antik davrdayoq qayd etilgan edi. Keyinchalik Yum, Berkli va uning izdoshlari insonning sezgilar dunyosini mutlaqo subyektiv deb ko‘rsatdilar va shu yo‘l bilan insonning sezgi a’zolariga ishonchsizlik bildirdilar.

Bilishning taraqqiyoti jarayonida olimlar bilimlar haqiqiyligining ishonchli mezonlarini topish yo‘lida ham izlanishlar olib bordilar. Haqiqatning mutlaq mezonlari mavjudmi? Bu mezonlarni bilimning barcha turlariga nisbatan tatbiq etish mumkinmi yoki u faqat ilmiy bilimga nisbatan amal qiladimi? Falsafada bilimning barcha turlariga nisbatan tatbiq etilishi mumkin bo‘lgan mezonlar, shuningdek faqat ilmiy bilim talablariga javob beradigan mezonlar yaratilgan. Ular orasida quyidagilar qayd etilgan: umumiy ahamiyatga moliklik mezoni (ko‘pchilik qabul qiladigan narsa haqiqiydir); g‘oyaning foydaliligi, amaliy samaradorligi va ishga yaroqliligi, uning u yoki bu maqsadga erishish uchun foydaliligi mezoni (pragmatizm). Odamlar ishonadigan narsalar, olimlar o‘rtasidagi shartli kelishuvga mos keladigan narsalar va hodisalar (konvensionalizm), mavjud nazariyaga muvofiqlik mezoni talablariga javob beruvchi narsalar va hodisalar haqiqiy deb atalgan.

Verifikatsiya tamoyili. Bu tamoyilga binoan dunyo haqidagi har qanday fikrning haqiqiyligi pirovard natijada uni sezgi a’zolari orqali olingan ma’lumotlarga taqqoslash yo‘li bilan aniqlanishi lozim. Shu nuqtai nazardan parapsixologiyaning «energiya», «prana», «biomaydon» kabi tushunchalari mantiqqa ega emas, chunki verifikatsiyalanmaydi. Bu prinsipni e’lon qilgan pozitivistik falsafa go‘yoki bilishda ahamiyatga ega bo‘lmagan falsafiy tushunchalarni ilmiy muomaladan chiqarishga harakat qilgan. Biroq mazkur prinsip izchil qo‘llanilgan holda sezgi a’zolari orqali olingan ma’lumotlar bilan tasdiqlanmaydigan ko‘pgina nazariy qoidalarni ham ilmiy muomaladan chiqarish kerak bo‘ladi.

Karl Popper nazariy tizimlarning falsifikatsiyalanish mezonini taklif qildi. Bu mezonga ko‘ra amalda sinash va rad etish mumkin bo‘lgan nazariyalar ilmiy hisoblanadi. Popper verifikatsiya bilan falsifikatsiya o‘rtasida nomutanosiblikning mavjudligini mezon sifatida qaragan: agar verifikatsiya qilish uchun oqibatlarning cheksiz soni tasdiqlanishi lozim bo‘lsa, falsifikatsiya qilish uchun bitta qarshi misolning mavjudligi kifoya. Amalda falsifikatsiyalanish talabi inson bilimi natijalariga nisbatan tanqidiylik talabining muayyanlashtirilishidir. Krititsizm fan ruhini eng oqilona ko‘rinishda ifodalaydi.

Yolg‘on. Yolg‘on haqiqatning qarama-qarshisi. Yolg‘on odatda noto‘g‘riligi ayon bo‘lgan tasavvurlarni bila turib haqiqat darajasiga ko‘tarish sifatida tushuniladi.

Yolg‘on kundalik va ijtimoiy hayotda keng tarqalgan bo‘lib, odamlar o‘zaro aloqa qiluvchi hamma joyda uchraydi; u individlar va ijtimoiy guruhlar manfaatlarining «uchrashuvi» yuz beradigan har qanday insoniy munosabatlar funksiyasidir. Gap yolg‘on mavjud yoki mavjud emasligida emas (oddiy hayot tajribasi uning mavjudligidan dalolat beradi), balki har bir muayyan holda uning ulushi qanchaligidadir.

Beruniy fikricha”Shunday kishilar bo‘ladiki, ularning tabiatiga yolg‘on xabar tarqatish o‘rnashib qolib, go‘yo unga shu vazifa yuklatilgandek bo‘ladi va yolg‘on xabar tarqatmasdan turolmaydi…Ba’zan kishi yolg‘on xabar tarqatuvchiga taqlid qilib, bilmasdan yolg‘on xabar tarqatadi. Bu xabarchilar birinchi marta ataylab yolg‘on xabar tarqatgan kishi bilan eng keyin yolg‘on xabarni eshituvchi oralig‘ida vositachi bo‘ladilar. Yolg‘onchilik kishini adolatdan yuz o‘girtiradi, zulm, yolg‘on guvohlik, omonatga xiyonat qilish, boshqalar mulklarini hiyla bilan bosib olish, o‘g‘irlik, dunyo va xalqning buzilishiga sabab bo‘ladigan boshqa yomon xulqlarni kishilar yaxshi qilib ko‘rsatadilar.”1 Beruniy insonni rostgo‘ylik qolib, yolg‘onchilik yo‘lidan yurmasligi, boshqalarga yaxshilik qilish, yaxshilik qilish imkoniyati bo‘lmasa, yaxshi tilaklar izhor qilishga chorlaydi. Rostgo‘ylik, odillik Beruniy fikricha yuksak ma’naviyat, go‘zal odob – axloq belgisidir.

Insonning individual rivojlanish jarayonida yolg‘on bolada jazodan qutulib qolishga harakat qilish, kattalar o‘rnagi va shu kabilar orqali shakllanadi. Keyinchalik bunda jamiyat kuchliroq ta’sir ko‘rsatadi. Insonni bu tomonga itaruvchi omillar majmui orasida ehtiroslar, shu jumladan muhabbat tobora kengroq o‘rin egallay boshlaydi. Muhabbat «son-sanoqsiz yolg‘onni vujudga keltiradi. Oshiq odam o‘zining narxini oshirish uchun yolg‘on so‘zlaydi, o‘z raqibining obro‘sini tushirish uchun, rashk o‘tini yoqish uchun… sovib borayotgan muhabbat otashini qayta o‘t oldirish uchun aldaydi, nihoyat, muhabbat yo‘qolgan holda yolg‘on gapiradi»[3]. Yolg‘on takabburlik, irodasizlik, muvaffaqiyatga intilish, pulga, hokimiyatga o‘chlik va hokazolar zaminida yuzaga keladi.

Yolg‘on individlar uchun ijobiy ma’noda ham muhimdir (bu jihatdan o‘layotgan odam to‘shagi oldida yolg‘on gapirish hollari diqqatga sazovor). Lekin yolg‘on ko‘pincha o‘zgalar hisobidan va ularning manfaatlariga zid ravishda qandaydir afzalliklarni qo‘lga kiritish bilan bog‘liq. Yolg‘onni yashash uslubiga aylantirgan odamlar ham bor.

Shunga qaramay, halol, vijdonli odamlar ko‘proq. Ularni yolg‘onchilardan qanday farqlash mumkin? Chinakam samimiyat ikki asosiy belgi: «achchiq haqiqat bilan birovga ozor yetkazishga va o‘z xatolarini ochiq-oydin tan olishga qodirlik» bilan ajralib turadi. «Xayrixoh bo‘lgan holda, yolg‘on gapirmay sizga ozor yetkazishi mumkin bo‘lgan odamni, siz xohlagan va kutgan javobni berish o‘rniga, sizni xafa qilishdan cho‘chimay, haqiqatni yuzingizga aytgan odamni samimiy deb hisoblash mumkin. Lekin samimiy odamni uning o‘z xatolarini tan olish jasoratiga ko‘ra farqlash mumkin, ya’ni rostgo‘y odam o‘zining nomaqbul qilmishiga hech qanday vaj-korsonlarsiz iqror bo‘ladi, deb aytish mumkin. Yolg‘onga bunday iqror bo‘lishni afzal ko‘rish – rostgo‘ylikning shak-shubhasiz mezonidir»[4].

Yanglishish. Haqiqat yoyilishi va teranlashuvining barcha bosqichlarida uning doimiy va zaruriy hamrohi yanglishishdir. Haqiqat nima va uni yanglishishlardan (Bekon ta’biri bilan aytganda, «tafakkur butlari»dan) qanday qilib xalos etish mumkin, degan savollar odamlarni (faqat fan sohasidagina emas) doim qiziqtirib kelgan. Haqiqat va yanglishish kategoriyalari bilish nazariyasidagi yagona bilish jarayonining ikki qarama-qarshi, lekin bir-biri bilan uzviy bog‘liq bo‘lgan ikki tomonini ifodalovchi asosiy kategoriyalardir. Bu tomonlarning har biri o‘ziga xos xususiyatga ega bo‘lib, ularni quyida ko‘rib chiqamiz.

Yanglishish – o‘z predmeti bilan mushtarak bo‘lmagan, unga mos kelmaydigan bilim. Bilimning noto‘g‘ri shakli bo‘lgan yanglishishning bosh manbai ijtimoiy-tarixiy amaliyot va bilishning cheklanganligi, norasoligi yoki zaifligidir. Yanglishish o‘z mohiyatiga ko‘ra borliqning ayrim jihatlarini bilish natijalarining mutlaqlashtirilishi natijasi sifatida yuzaga keluvchi borliqning noto‘g‘ri in’ikosidir. Masalan, «nazariy astrologiya», garchi unda haqiqatning ayrim unsurlari mavjud bo‘lsa-da, umuman olganda yanglishish hisoblanadi. Xuddi shuningdek ilmiy astronomiyada ham yanglishishlar mavjud, lekin umuman olganda bu kuzatishlar jarayonida o‘z tasdig‘ini topgan haqiqiy bilim tizimidir.

Yanglishishlar haqiqatning tagiga yetishni qiyinlashtiradi, biroq ular muqarrardir, bilishning haqiqat sari harakatining zaruriy unsuri, mazkur jarayonning mumkin bo‘lgan shakllaridan biridir. Masalan, moddalar haqidagi fan – kimyoning shakllanishi «ulkan yanglishish» — alximiya shaklida yuz bergan.

Yanglishishlar o‘z shakllariga ko‘ra rang-barangdir. Ilmiy va noilmiy, empirik va nazariy, diniy va falsafiy yanglishishlarni farqlash lozim. Xususan, falsafiy yanglishishlar orasida empirizm, ratsionalizm, sofistika, eklektika, dogmatizm va relyativizm mavjud.

Yanglishishni yolg‘ondan – haqiqatni g‘arazli maqsadlarda ataylab buzib ko‘rsatish va bu bilan bog‘liq bo‘lgan soxta bilim berish, dezinformatsiyadan farqlash lozim. Yanglishish bilim xususiyati bo‘lsa, xato – individning inson faoliyati muayyan jabhasidagi noto‘g‘ri harakatlari natijasidir: hisoblashdagi, siyosatdagi, turmushdagi xatolar va h.k. Mantiqiy xatolar – (formal yoki dialektik) mantiq prinsiplari va qoidalarini buzish va predmetni, ishlarning asl holatini bilmaslik bilan belgilanuvchi haqiqiy xatolar farqlanadi.

Xulosalar. Haqiqat bilishning mezonidir. Inson amaliy faoliyati haqiqatni aniqlashga yo‘naltirilgan. Biroq haqiqat yolg‘on bilan yonma-yon turadi. Yolg‘on inson hayotining tarkibiy qismi sifatida amal qiladi.

Amaliyot va bilishning rivojlanishi u yoki bu yanglishishlar ertami, kechmi bartaraf etilishi: yo sahnadan tushishi (masalan, «abadiy dvigatel» haqidagi ta’limot kabi), yo haqiqiy bilimga aylanishi (alximiyaning kimyoga aylanishi)ni ko‘rsatadi. Yanglishishlarni yuzaga keltirgan ijtimoiy sharoitlarni o‘zgartirish va takomillashtirish, ijtimoiy-tarixiy amaliyotning yetukligi, bilimning rivojlanishi va teranlashuvi yanglishishlarni bartaraf etishning muhim omillaridir. Bu esa borliqqa nisbatan apologetik (himoyalovchi-oqlovchi) yondashuvni emas, balki konstruktiv-tanqidiy yondashuvni, «sinovlar va xatolar» metodini amalga oshirishni (Popper) taqozo etadi.

Tajribaviy amaliy matnlar

Haqiqat, obyektiv haqiqat, mutlaq haqiqat, nisbiy haqiqat, haqiqatning pragmatik konsepsiyasi, isbotlash, rad etish, emotsiyalar, ideal, iroda, ishonch, shubha, bilish natijalarini baholash, bilishning ma’naviy qadriyatlari, verifikatsiya tamoyili, yolg‘on, yanglishish.

Qo‘shimcha va tushuntiruvchi matnlar

Adabiyotlar

Nazarov Q. Bilish falsafasi –T.: Universitet, 2005.

Falsafa asoslari. Nazarov Q. tahriri astida. -T.: Sharq, 2005.

Shermuxamedova N. Falsafa va fan metodologiyasi. –T.: Universitet, 2005.

Vrigt G.X. Logiko-filosofskiye issledovaniya. –M.: 1986.

Ilin V.V. Teoriya poznaniya. Epistemologiya. –M.: 1994.

Kochergin A.N. Metodi i formi nauchnogo poznaniya. –M.: 1990.

Nikiforov A. Filosofiya nauki. Istoriya i metodologiya. –M.: 1998.

Svinov V.I. Zablujdeniye, loj, dezinformatsiya // Filosofskiye nauki. 1982. №1.

Popper K. Loj i istina nauchnogo znaniya. –M.: Znaniye, 1993.

Tishenko A.V. Istina v istoricheskom poznanii : dissertatsiya … kandidata filosofskix nauk : 09.00.11. Yoshkar-Ola, 2005.

Berejnoy, Sergey Borisovich Kategorii «bitiye», «nichto», «istina» kak predmet sravnitelnogo analiza : Martin Xaydegger i buddiyskaya ontologiya : avtoreferat dis. … kandidata filosofskix nauk : 09.00.01 / Mosk. gos. un-t im. M.V. Lomonosova. Moskva, 2007.

[1] Qarang.S.M. Hotamiy Islom tafakkuri tarixidan. –T.: Minhoj, 2003.-B.126

[2] Qarang: Gegel. Fenomenologiya duxa. – M.: Nauka, 1994. – S.196

1 Beruniy A. Hindiston. -T.: Fan, 1966 –B. 25.

[3] Militan V. Psixologiya lji. -M.: AST,1993. –S.39

[4] Tam je,  –S. 39.

Boshqa mavzular
Falsafada haqiqat muammosi