EVOLYUTSION TAʼLIMOT

EVOLYUTSION TAʼLIMOT

EVOLYUTSION TAʼLIMOT, evolyutsiya nazariyasi — tirik organizmlar evolyutsiyasi sabablari, harakatlantiruvchi kuchlari, mexanizmlari va umumiy qonuniyatlari toʻgʻrisidagi fan. E. t. biologiyaning nazariy asosi, xususiy biol. fanlaridan olgan natijalarni umumlashtiradi. Evolyutsion taʼlimot rivojlanishining mushohidaga asoslangan 1-davri qadimiy dunyo faylasuflari Geraklit, Empedokl, Demokrit, Lukretsiy va boshqalarning ishlari bilan bogʻliq. Ular birinchi boʻlib butun borliqning, jumladan, organizmlarning tarixiy oʻzgarishi toʻgʻrisida fikr bildirishgan. Bunday qarashlar 17 — 19-asrlar boshlarida yashagan transformizm tarafdorlari R. Guk, E. Darvin, D. Didro, J. Byuffon, E. Joffrua SentIler, I. V. Gyote va K. F. Rulye ishlarida yanada rivojlantirildi. Transformistlar yagona sistemaga ega boʻlgan taʼlimot yarata olmagan boʻlsalarda, Evolyutsion taʼlimot oʻrganadigan asosiy muammolarni koʻrsatib berishdi. Bu muammolar organizmlar tuzilishi va xilmaxilligi, turlar oʻrtasidagi oʻxshashlik va tafovutlar, tiriklikning progressiv evolyutsiyasi bilan bir qatorda turli tuzilish darajasiga ega boʻlgan organizmlarning yashab kelayotganligi; ayrim turlar va guruxdarning qirilib ketishi sabablarini aniqlashdan iborat. Bu muammolarning tushunib olinishi va ilm-fanning rivojlanishi Evolyutsion taʼlimotning yangi tarixiy davri — evolyutsiyaning dastlabki konsepsiyalari shakllanishiga zamin tayyorladi. Bu konsepsiyaning birinchisini J. ʼ. Lamark yaratdi (1809). Keyinchalik lamarkizm deb atalgan konsepsiyada ham progressiv rivojlanish va moslanuvchanlikka organizmlarning oldindan belgilab berilgan xususiyati sifatida teleologik va metafizik nuqtayi nazardan qaraladi. Ch. Darvin yaratgan evolyutsiya nazariyasi (1859) Evolyutsion taʼlimot uchun ilmiy zamin boʻldi. Darvin organizmlar evolyutsiyasining harakatlantiruvchi kuchlari — yashash uchun kurash va undan kelib chiqadigan tabiiy tanlanish ekanligini koʻrsatish orqali birinchi boʻlib Evolyutsion taʼlimotning asosiy muammolarini ilmiy nuqtayi nazardan hal etdi. Darvinizmning paydo boʻlishi bilan bir vaqtda uning dushmanlari — idealistik va teleologik konsepsiyalar tarafdorlari 20-asrning 2-yarmida lamarkizmning ayrim aqidalarini yana qaytadan tiklashdi (q. Neolamarkizm). Ammo yangi dalillar toʻplanishi tufayli darvinizm tobora keng yoyilib, deyarli barcha ilm ahillari tomonidan tan olindi.

Ensiklopediya.uz
EVOLYUTSION TAʼLIMOT