ESKIMOS TILI

ESKIMOS TILI

ESKIMOS TILI — paleoosiyo tillarining eskimosaleut guruhiga mansub til; RFda Chukot muxtor okrugida va Magadan viloyatining jan. sharqida, AQSHda Alyaska yarim oroli va unga yaqin orollarda, Kanada va Grenlandiyaning shim. hududlarida tarqalgan. Soʻzlashuvchilarning umumiy soni 115 ming (AQSHda — 38 ming, Kanadada — 28 ming, Grenlandiyada — 47 ming, RFda — 1,5 ming) kishidan iborat. Eskimos tili Grenlandiyada orol muxtoriyatining tili, qolgan mamlakatlarda esa oddiy soʻzlashuv tili hisoblanadi. Bir qancha belgilariga qoʻra oʻz qarindoshi — aleut tilidan keskin farq qiladi. Umuman Eskimos tilida 2 ta — yuit va inuit lahjalari, RFdagi Eskimos tilida 3 ta — chaplin, naukan, sirenik lahjalari ajratiladi. Koʻp asrlar mobaynida eskimoslarning maʼlum hududlar doirasidagina ajralib yashashi tufayli Eskimos tilining bir qator lahjalari mustaqil til belgilariga ega boʻlgan.

Ensiklopediya.uz
ESKIMOS TILI