ESA “Yevklid” teleskopini uchirish uchun “Soyuz” o‘rniga Falcon 9 raketasini tanladi to’liq malumot oling
Raketa avval tanlangan “Soyuz” oʻrnini egallaydi. Yevropa kosmik agentligi (ESA) avvalroq “Yevklid” teleskopini koinotga uchirish uchun ishlatilishi rejalashtirilgan “Soyuz-ST” raketasi oʻrniga boshqa muqobilni topdi. Rossiya tomonidan “Soyuz”ning uchirilishi toʻxtatilgani sababli parvoz imkonsiz boʻlib qolgandi. Teleskop endilikda “SpaceX” kompaniyasining Falcon 9 raketasida koinotga chiqariladi deb xabar beradi Spacenews.com sayti.
“Yevklid”ning ishlab chiqilishi 2012-yilda boshlangan. Observatoriyaning foydali yuk hajmi 1,2 metrli “Korsh” teleskopi va VIS (VISible imager) va NISP (Near Infrared Spectrometer and Photometer) ilmiy asboblaridan iborat. Teleskop qora energiya va qora materiya sohasidagi tadqiqotlar bilan shugʻullanadi, koinotning kengayish tezligini aniqlaydi va koinotdagi galaktikalarning uch oʻlchovli tarqalish xaritasini yaratishga yordam beradi.
Oʻtgan yilning oxirida teleskopning kriogen sinovlari muvaffaqiyatli yakunlandi, endilikda u Turindagi Thales Alenia Space kompaniyasida yigʻilgan holda termal vakuum sinovidan oʻtishga tayyorlanmoqda.
Dastlab shu yil oxirida “Yevklid”ni Fransiya Gvianasidagi Kuru kosmodromidan koinotga uchirish rejalashtirilgandi. Parvozda “Soyuz-ST-A” raketasidan foydalanilishi kerak edi. Biroq joriy yil fevral oyida Roskosmos Yevropa Ittifoqi sanksiyalariga javoban “Soyuz-ST” raketasini tijoriy maqsadlarda uchirishni tashkil etish boʻyicha yevropaliklar bilan hamkorlikni toʻxtatib qoʻydi. Shu sababli ESA oʻzining yangi Ariane 6 raketasini ishga tushirish bilan bogʻliq qiyinchiliklarni boshdan kechirgan holda boshqa raketani qidirishga majbur boʻldi.
Natijada agentlik Amerikaning SpaceX xususiy kompaniyasiga tegishli Falcon 9 raketasini tanladi. Endi parvoz 2023-yilga moʻljallangan. Shu bilan birga ESA transfer narxini, jumladan, “Soyuz” bilan tijorat parvozining bekor boʻlishi tufayli yoʻqotilgan mablagʻlar qanchaligini oshkor qilmadi. Koinotga chiqarilgach, obsevatoriya Quyosh—Yer tizimidagi ikkinchi Lagranj nuqtasiga 30 kunlik parvozni boshlaydi va uning atrofida olti yil davomida orbitada faoliyat olib boradi.
“Yevklid”dan tashqari, Falcon 9 yana bir missiyani, hozirda ESA tomonidan tayyorlanayotgan uchta Hera fazoviy uskunalarini koinotga olib chiqish uchun tanlangan. Ushbu uskunalarning parvozlari 2024-yilda amalga oshiriladi va ular avvalroq DART zondi bilan zarba berilgan Dimorf asteroidini tadqiq qilishga boradi.
Muallif: Aleksandr Voytyuk. Ushbu maqola nplus1.ru saytidagi “ESA выбрало Falcon 9 взамен «Союза» для запуска телескопа «Евклид»” nomli maqolaning tarjimasi.
Muqova surat: NASA, ESA
Boshqa mavzular
ESA “Yevklid” teleskopini uchirish uchun “Soyuz” o‘rniga Falcon 9 raketasini tanladi