Erkin Vohidov hikmatlaridan to’liq malumot oling

Erkin Vohidov hikmatlaridan to’liq malumot oling

She’r shoir qalbida tug‘ilgan hayotiy tuyg‘ularni ifoda qiladi va shu bilan o‘quvchi yuragini rom qiladi. Shoir o‘zi yonmasa, boshqalarni yondirolmaydi, qalb hislarida otash bo‘lmasa, boshqa qalblarga harorat berolmaydi. Bu sehrli otashsiz har qanday she’riy jimjimalardan, badiiy vositalardan, mahoratdan naf yo‘q.
Mundarija скрыть

Bu olamda yo‘qotishlar ichidagi eng og‘ir yo‘qotish insonning o‘zligini yo‘qotishidir. Odamzod tafakkur va ehtiros, ruhiyat va imon dunyosida yashaydi. U yuragidagi e’tiqod bilan, ishonch bilan tirik va butun. O‘zlikni yo‘qotmoq ana shu olamdan judo bo‘lmoqdir, inson imoratidagi ruknlarning – ustunlarning sinmog‘idir.

Iste’dod – bu avvalo did, yaxshi did egasi bo‘lish qobiliyati, deguvchilar ham bor. Iste’dod – bepoyon tushuncha. U ta’rifga siqqanda edi, uni ma’lum xususiyatlar doirasida chegaralash mumkin bo‘lganda edi, odamlar yo‘q iste’dodni tarbiyalab bor qilgan bo‘lardilar. Gorkiy, iste’dodning 99 foizi mehnat deganini tug‘ma iste’dodi bo‘lmagan odam mehnat bilan chinakam shoir yoki bastakor bo‘lishi mumkin deb tushunmaslik kerak. Har qalay 99 degani yuz emas. Suv normal sharoitda yuz gradusda qaynaydi. 99 gradus isigan suv – qaynagan suv emas. Fors tilida qaynashni “jo‘shidan” deydi. Ya’ni jo‘shmoq. She’riyat ham jo‘shmoqdir. Jo‘shmoq uchun esa 99 foizdan tashqari o‘sha kamtarin bir foiz – ya’ni tug‘ma iste’dod kerak.

Shoirlikning “qora ishi”ni ko‘z oldiga keltirmay, bu nomning o‘ziga, obro‘ va shuhratiga qiziqib she’riyat maydoniga intilganlar xato qiladilar. Ko‘pincha bunday xato juda qimmatga tushadi. Xato qilgan odam uchun ham, she’riyat uchun ham. Shu sababli “yoshlarga g‘amxo‘rlik” deganda faqat ularni qo‘llab-quvvatlash yo‘g‘ini bor qilib ko‘rsatish emas, balki ularga rost gapni aytish, yanglishishdan qaytarish ham tushuniladi.

Bizning savodxon asrimizda, ayniqsa, adabiyotda iste’dod bilan havaskorlikni ajratish mushkul bo‘lib qoldi.

O‘quvchi uchun avtorning yoshu qarisi, unvonli, unvonsizi yo‘q. U hamisha yozilgan satrlarga qarab muallifga o‘z munosabatini bildiradi: yo qalbiga jo qiladi, yo unutadi, yo‘qlikka mahkum etadi.

Insonga bir marta beriladigan hayotda u umridan, o‘tgan kunidan qoniqib yashashi kerak. Vijdoniga xilof ish qilmay yashasa – bundan ulug‘ baxt yo‘q. Har bir aytgan so‘zing, ishing o‘zingning xohishingga muvofiq bo‘lsa – eng katta baxt shu. Aksincha, insonning o‘z ichki intilishlari, qalbi, e’tiqodi, so‘zi bilan ishi o‘rtasida ziddiyat paydo bo‘lsa, vijdoni buyurganini qilolmasa, bu – inson uchun juda katta baxtsizlikdir.

Adabiyotga sadoqat va e’tiqod masalasi avvalo so‘z san’atining kelajagi to‘g‘risida qayg‘urishdan boshlanadi.

Raqobatli dunyoda kitobning qudratli, sehrgar raqiblari ko‘p.

Har bir millatning kelajagi istaymizmi-yo‘qmi, o‘qituvchilar saviyasiga bog‘liq. Bu haqiqatni hech qachon esdan chiqarmasligimiz lozim.

Biz endilikda sho‘rocha mafkuradan, adabiy mezonlardan butunlay qutuldik. Adabiyotimizni, xususan, mumtoz adabiyotimizni butun bo‘y-basti bilan ko‘rsatadigan vaqtlar keldi.

Mumtoz adabiyotimiz namunalari orasida ba’zan shunday baytlar, misralar borki, ularni mutolaa qilgan inson qalbi va ruhiyatida ajib bir o‘zgarish, poklanish sodir bo‘lganini his etadi. Bu g‘azallar oddiy ilhom lahzalarida emas, ilohiy ilhom to‘lqinlaridan tug‘ilgan bo‘lsa ajabmas. Bolalarimiz mana shu bebaho va beqiyos ma’volardan bebahra qolmasligi kerak.

Shoir, yozuvchilar to‘yga yurmaydilar, televizorda chiqishdan manfaatlari yo‘q, oynai jahondan o‘zlarini tortib yuradilar. Bu to‘g‘ri emas, albatta. Elga ko‘rinib turish, el ichida bo‘lish odamlarda adabiyotga, kitobga mehr uyg‘otish uchun kerak. Axir mehr ko‘zda degan gap bekorga aytilmagan.

Biz o‘zbeklarda istihola kuchli. O‘zni namoyon qilishdan tortinamiz… Endi o‘sha istiholani yig‘ishtirib, xalq bilan muloqotning hamma shakllaridan foydalanishimiz lozim. Bu zamon oldidagi, Vatan oldidagi burchimizdir.

Adabiyot hamisha ma’naviyatning oldingi qatorida borgan va shunday bo‘lishi kerak.

Orif Tolib tayyorladi.

«Yoshlik» jurnali, 2016 yil, 12-son

Aforizmlar
Erkin Vohidov hikmatlaridan