Erkin A’zam

Erkin A’zam

Erkin A’ZAM
O‘zbekiston xalq yozuvchisi
(1950-yilda tug‘ilgan)

Erkin A’zam
Содержание ( Открыть / Закрыть )
  1. Tanho qayiq
  2. Birinchi qism
  3. Ikkinchi qism
  4. Savol va topshiriqlar

Tanho qayiq

Orol bobodan dramatik rivoyat
Qatnashdilar:
Orol bobo
Amet
Jumaboy
Tilovbergan
Genjamurod
O‘tagan maxsum
Qalimbet
Gulxadicha
Rohat Sobirovna

 Adabiyot darsligi mundarijasiga qaytish

Birinchi qism

Atrofi qamish chiy bilan o‘ralgan, dov-daraxtsiz yaydoq hovli. Bir yonda bahaybat duradgorlik dastgohi, tegishli asbob-anjom; yerda eski imoratlardan chiqqan uzun-qisqa taxta-yu tunuka qirqimlari, nam latta o‘rab simga tortilgan egma-qayishqoq tol novdalari-yu yirik-yirik mum palaxsalari va qirindi-payraxalar aralash-quralash bo‘lib yotibdi.
Ish chala, chala ishlar…
Qarshi tarafda tayyor mahsulot – katta-kichik qayig‘-u qayiqchalar qator qilib chetanga suyab qo‘yilgan. Biri qoramoyga bo‘yalgan, biri qizil, biri kumushrang; chetroqdagilari hali bo‘yoq ko‘rmagan – ajralib turibdi. Hovlining to‘rida – ro‘parada g‘aribgina, pasqam bir kulba. Eshigi nimochiq, derazalari lang. Zehn solib qaralsa, eshik ham, deraza qasnoqlari ham qayiqqa mengzab ketadi, allanechuk qayiqsimon namoyishda. Uyning chap tomonida bo‘g‘otga tirab qo‘yilgan narvon ham shunday; aslida-ku u eski bir qayiq bo‘lib, to‘nkarilgan-u orqasiga taxta qoqib zina yasalgan, xolos. Tom boshida ham bir qayiq!

Ammo u xiyla haybatdor, hashamatli, ikki uchida baliqsimon bezaklari ham bor. Ana shu qayiqning qoq belida kontoparlar kiyadigan soyaboni serbar allaqanday movut qalpoq cho‘qqayib ko‘rinadi. Suvda qalqib turgan kabi u goh baralla ko‘zga tashlanadi, goh «cho‘kib» ketadi… Tong bo‘zara boshlagan palla. Bir maromdagi xurrak tovushi. Tom ustidagi qayiqqa jon kirib daf’atan chayqalib ketadi-yu undan soch-soqoli o‘siq, yoshini bilib bo‘lmaydigan bir qariya bosh ko‘taradi. U ko‘kragida yotgan qalpoqni hafsalasizgina boshiga qo‘ndirib, tevarak-atrofga vazmin alanglab nazar soladi.

Orol bobomiz mana shu kishi.
O r o l b o b o (tashvishmand g‘udranib). Qum, qum… yer-u osmon qum-a, tavba! (Tikila-tikila, birdan yuzi yorishadi.) Yo‘-o‘q, suv bu, suv! Qara, oftobda shishaday yalt-yult qilyapti jonivor!.. Orol qaytib kelibdi! Orolim! Bir kechada suvga to‘libdi, yashasin, dod! Ana – mavjlari! Ana – to‘lqinlar! Vah, qayiqlar ham suzib yuribdi!.. (U huvillab qolgan ovul tomlaridagi uzoq-yaqin qayiqlarni o‘zicha sanay ketadi.) Bir, ikki, uch… yetti, sakkiz, to‘qqiz… Iye, shoshma, suv nega buncha sarg‘ish? Ana, mavjlari ham, to‘lqinlar ham sap-sariq!.. Ha-a, bo‘ldi, bo‘ldi – loyqalangan.

Loyqalanib-loyqalanib to‘ladi-da suv! Ammo… xuddiki qum deysan, qumning o‘zginasi-ya!.. Ko‘zingni yiribroq qarasang-chi, kallavaram, qum bo‘lmay nima u axir?! Orol suvga to‘lganmish! Suvlari mavjlanib yotganmish! Sen yasagan qayiqlar suzib yurganmish!.. Har erta shu ahvol-a! Tushingni ana – qumga, qumliklarga ayt! He, esini yegan telba chol! Oroling seni tashlab ketganiga necha zamonlar bo‘ldi-ku! Endi qaytmaydi u, ey nodon! Sen esa bir ovulda bir o‘zing so‘ppayib o‘tiribsan.

Qo‘ni-qo‘shni ovuldoshlaring allaqachon ko‘ch-ko‘ronini ko‘targan, hovli-joylari boyo‘g‘liga makon bo‘lib yotibdi, ana! Lekin – har birining tomida bittadan qayiq. Sen yasagan qayiqlar, shogirdlaring yasagan qayiq. Suvga tashna, suvga ilhaq. Suzadigan suv bo‘lmasa, mavj-u to‘lqinlar bo‘lmasa, yasagan qayig‘ing kimga kerak?! (Qariya ruhsiz, qayiqning ikki yonidan ushlab, eran-qaran joyidan qo‘zg‘aladi. Yotoq-qayiq uzra ajab bir qiyofada qad rostlab, osmonga boqadi.) Quyosh! Bugun ham chiqibdi. Har kuni chiqadi. Charchamaydi, erinmaydi.

Qarimasmikan shu? Qariydi, qariydi. Qishga borib bu ham qariydi. Senga o‘xshab qoladi – harsillab, qarashlari xira tortib… Ammo ko‘klam kelganda tag‘in charaqlab ketadi-da. Yasharib… Senchi, sen ham qaytib yashararmikansan? Tavba de, tavba de! O‘zingni quyoshga teng ko‘rding-a, manglayi qora! Yoshlik chog‘laring, Orol bo‘ylarida Oykumushning belidan quchganlaring yodingdan chiqibdi-da, noshukur?! Ha-a, esingni tanib, ko‘rgan-bilganing – Orol bo‘ldi. Ko‘m-ko‘k mavjlararo otang qayiqda eshkak eshib borayotir, sen uning qo‘ynida… Shundan oting «Orolbola» bo‘lib ketdi. Keyin-keyin – Orolboy, endilikda – Orol bobo.

O‘zingning oting-chi, o‘zingning chin oting nima edi? E, kimning esida bor deysiz! «Orol» bo‘lsa kerak-da… Ishqilib, yoshingni yashading, oshingni oshading endi, birodar… Uff! Nechaga kirdim o‘zi? Xuddi ming yildan buyon borman-u yana ming yil o‘lmaydigandekman-a! Yo‘-o‘q, Orolboy, hozirlikni ko‘ravering, bugun bo‘lmasa, ertaga… Yoshligingiz ham, umringiz ham Orol bilan ketgan, qaytmaydi endi u! Uff!.. (Qariya engashib, qayiq ichida qarmoqqa ilashib yotgan kattakon baliqni dumidan ko‘taradi, u yon-bu yon aylantirib qaraydi.) Yirikkina! Xudoyim bu kecha ham siylabdi.

Qulluq, qulluq! Qariya bir qo‘lida qalpog‘i, bir qo‘lida baliqni osiltirib tom qirg‘og‘iga keladi va avaylabgina qayiq-narvondan hovliga tushadi. Yonboshdagi o‘choq taraf yurib, baliqni qozonga soladi-da, ustunga ilig‘liq sochig‘ini yelkasiga tashlab uy orqasiga o‘tib ketadi. Duradgorlik dastgohining bir chetida tushlik dasturxon: non bo‘laklari, uch-to‘rt dona oqqand, qora qumg‘onda choy. Orol boboning shogirdlari – o‘spirin yigitlar Jumaboy, Tilovbergan, Genjamurod – birovi dastgoh qirrasiga suyanib non kavshamoqda, birovi yerga cho‘nqayib sopol kosadan xo‘rillatib choy ichayotir, kalta-kulta taxtadan qo‘lbola kursi yasab olgan, yana biri bekorchilikdan hushtak chalib o‘tiribdi.

Yagona buklama brezent o‘rindiqda Orol boboning o‘zi, ensasini qashlab o‘y suradi.
O r o l b o b o (hushtakchi Genjamurodga). Ha, shaytonni chaqiryapsanmi?
G e n j a m u r o d (anqayib). Shaytonni? Nega?..
O r o l b o b o. Hushtak chalish – shaytonni chaqirish bilan barobar. Shunday gap bor, eshitmaganmisan?
G e n j a m u r o d. Hamma chaladi-ku hushtakni…
O r o l b o b o. Bilib-bilmay chalsa kerak-da. Senga o‘xshab.
J u m a b o y (iljayib). Ovulingizda shayton qoptimi, Orol bobo, hammasi har yoqqa to‘zib ketgan-ku!
O r o l b o b o. Shayton degani hamma joyda bor, hamma joydan topiladi. Odamzodning ichida bo‘ladi-da u. Sezdirmaygina kirib, in qurib oladi…
T i l o v b e r g a n. Bizning-chi, bizning ham ichimizda bormi?
O r o l b o b o (miyig‘ida kulimsirab). Qaydam deysan… Ichida borini har kim o‘zi biladi.
G e n j a m u r o d. Masalan, mening ichimda shayton-payton… hech narsa yo‘q.
T i l o v b e r g a n (qiqirlab). Shuning uchun hushtak chalib uni chaqirayotgandirsan-da. A, bobo?
O r o l b o b o. Sizlarda shayton nima qilsin, bolam! Badniyat ko‘ngilda bo‘ladi u. Sizlarning dillaring oqchorloqning to‘shidek beg‘ubor! Yo‘qsa, menga o‘xshagan bir devonaga qo‘shilib, bekordan-bekor qayiq yasab o‘tirarmidilaring!.. Hatto qo‘l chaygali bir ko‘lmak topilmasa, Orolimiz huv olislarga ketib qolgan bo‘lsa…
T i l o v b e r g a n. Bir kuni qaytib keladi, deysiz-ku o‘zingiz doim?
O r o l b o b o ( jonlanib, komil ishonch bilan). Albatta qaytadi! Men ko‘rolmasam, sizlar ko‘rasizlar o‘sha kunni, xudo xohlasa! Bu yasagan qayiqlaring nima uchun axir!..
J u m a b o y (tamshanib). Baliq yeb bunaqa totlisini ko‘rmaganman, rosti!
O r o l b o b o. Ha-a, baliqdan baliqni ajrata bilasan, sen bola! Qulboy qarmoqning nevarasisan-da, iliging baliq moyiga to‘la. O‘sha bobong men yasagan qayiqlarni minib ov ovlagan…
J u m a b o y. Eshitganman. Otam aytgan. Lekin siz har kuni bunaqasini qayoqdan olasiz-a, Orol bobo?
O r o l b o b o ( ajab bir ixlos-u qanoat bilan). Xudo beradi, bolam, xudo!
T i l o v b e r g a n (ajablanib). Xudo?! O‘z-o‘zidan beraveradimi, bekordan-bekor?.. Bu qum sahroda qayoqdan toparkan u?
O r o l b o b o. Ollohimning karomati beadad, o‘g‘lim! Kerak bo‘lsa, mana shu qumingni zarga aylantiradi. Kerak bo‘lsa…
T i l o v b e r g a n. Nimaga bo‘lmasa Orolni to‘ldirmayapti?
G e n j a m u r o d. Ha, nega quritib qo‘ydi uni?
O r o l b o b o. Tavba deb gapiringlar, bolalarim. Xudo emas, sen bilan menga o‘xshaganlar boshiga yetdi Orolning. (Shogirdlarining savolchan nazariga javoban.) G‘azabini qo‘zg‘adik-da. Hali aytdim-ku, shayton oraladi ichimizga, vasvasa soldi. Ana shuni quvsang, ana shundan xalos bo‘lsang, bir kun qarabsanki, Oroling suvga limmo-lim to‘lib turibdi-da! (Bir lahza tin olib.)

Qani, yigitlar, qo‘zg‘aldik! Bekorchidan xudo bezor… Omin, Orolimiz suvga to‘lsin, suvlari baliqqa to‘lsin, Ollohi akbar! (Qariya yuziga fotiha tortib, kaftini tizzalariga tiragancha, inqillay-sinqillay o‘rnidan turadi.) Men peshinimni o‘qib olay, sizlar… Tilov, sen bola bo‘yog‘ingni oxiriga yetkaz, xo‘pmi? Sen, Jumaboy, anovi o‘lchab qo‘yilgan taxtalarni arralab turasan. Genja qarashar… (Tashvishmand alanglab.) Amet… Ametimizdan bugun ham darak yo‘g‘-a? Nima bo‘ldi ekan? Keyingi vaqtda mashqi pastroq ko‘rinadi o‘zi shu bolaning…
J u m a b o y. Kim bilsin, har erta orqalaringdan yetib boraman, deydi-yu, keyin esa… Xuddi shu choq chetan eshik ochilib, sheriklaridan tikroq, dadilroq yigit – Ametning o‘zi ko‘rinadi.
O r o l b o b o (chehrasi yorishib). Xizrni yo‘qlasak bo‘larkan… Kel, Ametboy, tinchlikmi?
A m e t (xomushroq). Assalomu alaykum. Uyda yumush ko‘payib ketdi, oqsoqol…
O r o l b o b o. Mayli, bularingga bosh-qosh bo‘lib tur-chi, gaplasharmiz.
G e n j a m u r o d. Buningizning ichiga hali siz aytgan shayton kirib olgan bo‘lmasin tag‘in, Orol bobo!
O r o l b o b o (unga o‘qraygandek). Tilingni tiy, bola! Alhazar!

Chol o‘choq og‘zida turgan sopol oftobasini olib, uyning panasiga g‘oyib bo‘ladi. Shogirdlar topshirilgan yumushlarga unnab ketishadi. Tilovbergan bo‘yoq chelagini ko‘tarib, chetanga suyab qo‘yilgan qayiqlar tomon yuradi. Jumaboy bilan Genjamurod bir chetga uyilgan taxtalarni saralamoqqa kirishadi. Birgina Amet hovli o‘rtasida bekor qaqqayib turibdi. O‘ychan, allanechuk taraddudda.
G e n j a m u r o d (o‘girilib). Ha, shayton, sen-chi?..
A m e t (unga beparvo). Bu yoqqa kelinglar-da. Gap bor! U bolalarni girdiga yig‘ib, qo‘lida uzun bir kaltak, yerga aji-buji shakllar chizgan bo‘lib allanimalarni uqtira boshlaydi…
J u m a b o y (axiyri jig‘ibiyron bo‘lib). Kallang joyidami, Amet, shuncha shishani qayoqdan olasan axir?!
G e n j a m u r o d. Xomxayol, xomxayol! Uch kun uyda o‘tirib, topib kelgan gapini qara buning! Nima, shisha zovuting bormidiki… Egri jiydaning tagidan o‘tmaganmisan, mabodo?
A m e t. Ana – ovulni shisha bosib yotibdi! Hech kimga keragi yo‘q, egasiz! Asta ko‘chirib olaverasan-da…
J u m a b o y. Xo‘p, ko‘ndik, sen aytganday bo‘laqolsin, mayli. Lekin bu bepoyon sahroni bir ovulginadan chiqqan shisha bilan qanday to‘ldirasan, shunisidan gapir!
A m e t. Sidirg‘asiga shisha to‘shab chiqish shart emas, oshna, tushunsang-chi. Har-har joyga tashlab ketilsa kifoya, ko‘zni qamashtirib, suvday yaltirab yotaveradi. Keyin, chor tarafni shishaga to‘ldirasan deyayotganim yo‘q-ku, axir. Faqat Orol tomoni bo‘lsa bas…
G e n j a m u r o d. Umuman, shu masxarabozchilik kimga kerak o‘zi?! Sho‘rlik cholni aldab, laqillatganday bo‘lib…
A m e t. Hech kim uni aldamoqchi, laqillatmoqchi emas, jo‘ra, o‘ylab so‘zla! Ko‘ngil ovlash deydilar buni, bilsang! Mana, senu menga shuncha hunar o‘rgatdi, ustozimiz, ko‘rib ko‘zi bir quvnasin, armonda ketmasin degan niyatda edimda, xolos…
J u m a b o y. Bilamiz, bilamiz, cholning senga mehri bo‘lakcha, shogirdlarining zo‘risan. Lekin erta-indin o‘zing huv bir yoqlarga chog‘lanib turibsan-ku, bu yog‘i necha puldan tushdi?..
A m e t. Men hech qayoqqa bormayman! (Keyin sal bo‘shashganroq ko‘yda.) Ketar bo‘lsam ham… Mayli, senlar qo‘shilmasang qo‘shilma, shu ishni bir o‘zim bajarmasam, nomard sananglar meni!
G e n j a m u r o d. Katta ketmang, katta ketmang, Ametboy! Yolg‘iz o‘zingiz…
A m e t. Ana ko‘rasizlar! Men sizlarni oshna, og‘ayni deb yursam!..
O r o l b o b o (namozini tugatib qaytgan, hovli boshida to‘xtab). Yigitlar deyman… mana, Ametboyimiz kelib, saflaring to‘ldi. Qo‘sh-qo‘sh bo‘lib anovi ikki qayiqni tomga qo‘ndirib kelsalaring-chi, a?
J u m a b o y. To‘g‘ri, to‘g‘ri. Qurib yotganiga necha kun bo‘ldi!
O r o l b o b o. Shunday qilinglar, chirog‘larim.

Xuddi shu farmoyishni kutib turgandek, aslida xufya maslahatlari chala qolganidan norozi shogirdlar darhol qanot chiqarib, chetanga suyab qo‘yilgan tayyor qayiqlar sari yurishadi.
J u m a b o y (cholga o‘girilib). Kimnikiga eltamiz, bobo?
O r o l b o b o (o‘ylangan bo‘lib). Qizg‘ishini-i…
J u m a b o y (yalingannamo). Pirnazar eshkakning tomiga qo‘yaylik shuni…
O r o l b o b o (shahodat barmog‘ini tahdidli o‘qtab). Pirnazar – tog‘a qavming-da, a? Qay go‘rga ko‘ch ko‘targan o‘zi shu?
J u m a b o y (hamon ilinj bilan). Nukusga. Baland uylarga. Katta o‘g‘li o‘sha yoqda-ku, amaldor!
O r o l b o b o (cho‘rt kesib). Yo‘q! Eshkakka xiyonat qilib juftak rostlaganga qayiq yo‘q! Buni Najim muallimning tomiga o‘rnatasan. Uqdingmi?
T i l o v b e r g a n. Qorasini-chi, qorasini? O‘zim bo‘yaganman… To‘qliboy polvonnikiga olib boraylik Xiyonat qilmagan u!
O r o l b o b o. Ota-bobosining ovulini tashlab salqin tomonlarga qochgan bachchag‘arni aytasanmi? Hah, mug‘ombir! Otaginangning oshnasi edi-da u, shundaymi?
T i l o v b e r g a n. Bir serkaning ustidan otam u bilan rosa urushganlar, o‘zim ko‘rganman!
O r o l b o b o. Qo‘y, qo‘y… Biri u yoqqa tortadi, biri bu yoqqa… He, g‘irromlar! G‘irrom ustaning qo‘lidan chiqqan qayiqqa suv kiradi, bilib qo‘yinglar!
T i l o v b e r g a n (norozilangan kabi). Suv deysiz, suvning o‘zi qani?!
O r o l b o b o (yer ostidan unga o‘tkir tikilib). Suv – bo‘ladi! Suv – keladi!.. Kelmaydigan bo‘lsa nega qayiq yasab o‘tiribsan, xo‘sh? Ol, ko‘tar! Eltib buni huv ovuldan chiqaverishdagi Jang‘il momoning kulbasiga tiklab kelasanlar. Gap shu!
G e n j a m u r o d. Jang‘il momo deysizmi? Uning o‘lib ketganiga ming yil bo‘ldi-ku!..
O r o l b o b o (shashtidan qaytmay). Yana ming yil bo‘lsin! Jannati kampir edi. Boyoqishning choli Orolga cho‘kib ketgan… Ming yil emish! O‘zlari nechaga kirdilar, yigit?
J u m a b o y (yer suzib). Bu yil o‘n to‘qqizga to‘laman.
O r o l b o b o. Barakalla, o‘n to‘qqizga to‘ladigan azamatning gapini qarang! Bo‘l! Narigi boshidan ol-chi, qani!
G e n j a m u r o d (Jumaboy bilan sheriklashib qayiqni yelkasiga qo‘ndirarkan). Ovulingizning tomlari qayiqmozor bo‘lib ketdi-ku, Orol bobo!
O r o l b o b o (nogahon qahrdan bo‘kirib). O‘v-o‘v! Men senlarga necha bor aytdim, manglayi qora! Qo‘ltig‘ingga ol axir, qo‘ltig‘ingga! Nima bu, Orol bobongning tobutimidiki boshingga qo‘yib olding?! Shayton uribdi senlarni, shayton! He!..

Shogirdlar qayiqni apil-tapil qo‘ltiqlab olishadi-da, chetan eshik sari yurishadi. Hovli o‘rtasida Orol bobo yolg‘iz. Titrab turibdi.
O r o l b o b o. Nima jin urdi-ya bularni, tavba! (So‘ng ohista yerga cho‘kib.) To‘g‘ri-da axir, sen qariyaga-ku xudoyim g‘oyibdan rizq yetkazib turibdi, buginalar nima qiladi ertaga? Nima yeb, nima ichadi? He, xudbin, noinsof chol!

Kechki payt. Hovli kimsasiz. Ota-o‘g‘il – qo‘lida «diplomat» portfel, bashang kiyingan Qalimbet, uning ortidan kundalik engil-boshda Orol bobo kirib keladi.
O r o l b o b o (qo‘l siltab). Qo‘y, Qalimbet, qarigan chog‘imda sarson qilib yurma odamni. O‘z uyim – o‘lan to‘shagim debdilar…
Q a l i m b e t (o‘zini eshitmaganga solib). Hamma jihozi muhayyo! Mehmonxona-yu oshxonalarini ko‘rdingiz… Bir boshga yana nima kerak, to‘g‘rimi? («Diplomat»ini dastgoh ustiga tashlab.) Kichikroq bo‘lsayam obodgina hovli. Yozlarda karavotni qo‘yib olib…
O r o l b o b o. Kimniki o‘zi u?
Q a l i m b e t. Sizniki-da, ota, sizniki! Sizga deb olindi.
O r o l b o b o (hang-mang). Meniki?! Sotib oldingmi? Kimdan, qanchaga?
Q a l i m b e t. Uzumini yeng-u, bog‘ini so‘ramang. Hukumat bobo qurgan uni! Puli to‘lansa bas, qurib beraveradi. Qarigan chog‘ingizda bir suyuntiraylik dedik-da sizni. O‘tiring bunday, o‘tiring… (U mehribonlik bilan kiftidan tutib otasini hovli o‘rtasidagi buklama o‘rindiqqa o‘tqizadi, o‘zi shunga yondosh qo‘lbola kursidan joy oladi.) Yurasizmi endi bu cho‘lu biyobonda! El-ulus bizni ayb qilyapti-ku, shundoq o‘g‘il-qizlari shaharlarda davron surib yuribdi-yu, otalari huv bir ovloqda qarovsiz qolib ketgan, deb…
O r o l b o b o (hasratomuz). Cho‘l-u yobon deysan… Onang mana shu yerda yotibdi, bobo-momolaring shu yerda… Ularni tashlab men qayoqqa ketardim, o‘g‘lim, o‘ylab gapiryapsanmi? Onangning mozorini ziyorat qilmagan kunim dunyo ko‘zimga qorong‘i… Bu yoqda qayiqlarim, Orol…
Q a l i m b e t. Eski ashula! Orol, Orol! O‘zingiz bilasiz-ku, ota, u endi hech qachon o‘zaniga qaytmaydi, to‘lmaydi. Qayiqlaringiz ham birovga keraksiz…
O r o l b o b o ( shasht bilan bosh ko‘tarib, jo‘shib). Nima?! Qaytmaydi, to‘lmaydi… Siz qayoqdan bilibsiz, xudomisiz?! Ha, to‘lmaydi! To‘ldirolmaysan uni! Hech biring! Olim-u ulamong ham, boshqang ham! Chunki baring foydani ko‘zlaysan! Orol g‘irrom emas, senlar g‘irrom, ha! Xudo senlarga insof bergan kuni u o‘z-o‘zidan suvga to‘ladi! Xudoyim to‘ldiradi uni, bilib qo‘y! (Og‘ir xo‘rsinib.) O‘sha kunni ko‘rib o‘lsam armonim qolmasdi…
Q a l i m b e t. Mayli, mayli, otajon, qattiqroq ketibman, tavba qildim. Lekin gapning bori ham shu-da, axir. Odam ertasini o‘ylab ish tutgani yaxshi. Xudo ko‘rsatmasin-u, ertaga bir kun… Biz sharmanda bo‘lib qolmaylik deyman-da.
O r o l b o b o. Gap bu yoqda degin? Sharmanda bo‘lmaysan, qo‘rqma… (Bir zum o‘yga tolib.) Mana, o‘zing boshlading, o‘g‘lim. Mabodo bir kun ajalim yetib, suv kelganini ko‘rmay ketar bo‘lsam, aytib qo‘yay, jasadimni qayiqqa solib, Orolga eltib tashlaysan! Mayli, baliqlarga yem bo‘lay! Mayli…
Q a l i m b e t (sapchib tushgudek). Iye-iye, ota, bu nima deganingiz?! Axir, musulmonchiligimiz qayoqda qoladi unda?
O r o l b o b o (boyagi shashtidan tushmay, birmuncha muloyim, ammo qat’iy yo‘sinda). Bir musulmon bo‘lsa menchalik bo‘lar, Qalimbet! O‘g‘limmisan, mana shu aytganimni bajarasan, gap tamom! Vasiyat bu, xudoyim ham kechirar…
Q a l i m b e t (yasama bir ko‘tarinkilik bilan). E, otaboy, qo‘ying halitdan shu sovuq gaplarni! Siz hali ko‘p yashaysiz, ko‘p! Yangi uylarda davron qilib, a!.. Qalay, ma’qul keldimi o‘zi sizga?
O r o l b o b o (bo‘shashibroq, sovuqqina). Yaxshi, yaxshi… Lekin… (Qo‘l siltab.) Hay, o‘zingdan gapir. Ishlar jilyaptimi axir?
Q a l i m b e t (jiddiy tortib). Ishlarim yomonmas, ota. Yomonmas-u, shu keyingi vaqtda unchalik yaxshiyam emas. Orqaga ketgandayroq. Bir xizrsifat odam maslahat berib qoldi deng. Borib otangizning ko‘nglini obdon ovlab, duosini olib kelsangiz, bari yurishib ketadi, deydi…
O r o l b o b o. Shunday dedimi o‘sha xizrsifating? Bo‘pti, mana, duosi bizdan: iloyim, ishlaring birdan yurishib ketsin! (U yuziga fotiha tortib qo‘yadi.) Shunga keldim de?
Q a l i m b e t (norozilanib). Bunaqa duo emas-da, ota!
O r o l b o b o. Qanaqasidan bo‘lsin, ayt?.. Qulog‘ingga quyib olgin, bola: chinakam g‘ayrat bilan, toza ko‘ngil bilan qilingan ish hyech qachon orqaga ketmaydi – duosi o‘zi bilan bo‘ladi uning!

Bir damlik sukut.
Q a l i m b e t. Ha, aytganday, eshitdingizmi – Gulxadichamiz deputat bo‘lmoqchi!
O r o l b o b o. Deputat? Qanday deputat?
Q a l i m b e t. Jo‘qorg‘i Kengesga!
O r o l b o b o. Uniyam duo qilib qo‘yish kerakmi? Nima deb? Jo‘qorg‘i Kengesga o‘tsin debmi, undan narigami?..
Q a l i m b e t. O‘zimizdan chiqqani yaxshi-da, ota. Foydasi tegib turadi: sizga ham, menga ham, o‘ziga ham…
O r o l b o b o. Menga?! Nima, Orolni to‘ldirib beradimi?
Q a l i m b e t. To‘ldirib berar… (kulib) gap bilan! Qizingiz mahmadona-ku, shuning uchun saylanyapti-da.
O r o l b o b o. Navzanbilloh, navzanbilloh… (Daf’atan yumshab.) Qo‘zi-qo‘chqorlaring yaxshi yuribdimi? Bir olib ham kelmaysan, nevaralarimni ko‘rmaganimga necha zamon bo‘ldi…
Q a l i m b e t. Hozir, hozir… (U shosha-pisha turib, dastgoh ustida yotgan «diplomat»idan allanarsa – planshetini oladi-da, tugmachalarini bosa-bosa otasining boshiga keladi.) Mana, ko‘ring… Qani, toping-chi, manavi kim?
O r o l b o b o (sinchiklab-suqlanib). Kamolingmi? Voybo‘-o‘, arslondek bo‘lib ketibdi-ku! (Yuzini chetga olib.) Tuftuf, yomon ko‘zlardan asragaysan iloyim! (So‘ng jur’atsizgina engashib, planshetga lab tegizib qo‘yadi – o‘pgan bo‘ladi.) Shuginani qavatimga qo‘yib ketmading-da, Qalimbet. To‘ng‘ich nevara – bobosiniki degan udumlar bo‘lgich edi…
Q a l i m b e t. Nima, ovulma-ovul tezak terib yursinmidi!..
O r o l b o b o (orzumandona). Qayiqsoz qilardim. Zo‘r qayiqsoz usta!
Q a l i m b e t (eshitmaganga olib). Bunisini taniyapsizmi? Kim?.. (Chol tikila-tikila topolmagach.) Gulzira-ku, Gulzira! Yaxshilab qarang…
O r o l b o b o. Qiz maxluqning shaytoni bo‘larmish, qulog‘idan tortib o‘stiraverarmish… Cho‘zilib qolibdi qizing. Omon bo‘lsin, omon bo‘lsin.
Q a l i m b e t. Mana bunisi-chi?..
O r o l b o b o (qaray-qaray, bo‘yniga oladi). Buningni taniyolmadim, rosti. Ko‘rmagan ekanman. Kenjatoying bo‘lsa kerag-a?
Q a l i m b e t. Ha, oti ham Kenjabek.
O r o l b o b o. Umrini bersin iloyim.
Q a l i m b e t. Keling, endi dunyoga sayohat qilamiz! (U «mo‘jiza»sining tugmachalarini bir-bir bosib, izoh bera boshlaydi.) Mana bu yer Arabiston, Saudiya Arabistoni… Ka’bamiz shu yerda, qarang… Bunisi – Hindiston, bunisi – Pokiston… Mana – O‘zbekistonimiz! Orolni toping-chi, qani, ko‘raylik… (Chol hadeb tikilavergach.) Mana, mana!
O r o l b o b o (hafsalasi pir bo‘lib). Shuginami? Orol shumi? E-e, ko‘tar! (U qo‘lining orqasi bilan planshetni nari suradi.)
Q a l i m b e t (kulib). Shugina!.. Sizga qolsa, butun dunyo Oroldan iborat bo‘lsin-da, a? O‘-o‘rtasida bitta qayiq – yakka, tanho qayiq, unda – siz…
O r o l b o b o ( kufri qo‘zib). Tur, jo‘na, uy-puying kerak emas menga!

Qalimbet mulzam o‘tira-o‘tira, dastgoh ustidan «diplomat»ini yulqib olib planshetni joylaydiyu otasi tomon bir o‘qrayib, hovlini tark etadi.

Orol boboning hovlisi. Qulog‘iga qalam qistirgan, bo‘ynida metr o‘lchagich tasma – qariya dastgoh qoshida taxta chamalash bilan mashg‘ul. Dastgohning narigi boshida eski tranzistor g‘o‘ng‘illab turibdi. Tashqaridan otning kishnagani, tepingani eshitiladi. Hayal o‘tmay chetan eshikni g‘iyqillatib,
qo‘lida bejama qamchi, g‘o‘ddayganroq bir kishi – Ametning otasi O‘tagan maxsum kiradi.
O ‘ t a g a n. Hormang, oqsoqol, hormang! Assalomu alaykum.
O r o l b o b o (taniyolmagan kabi kaftini peshonasiga soyabon qilib). O‘taganboyga o‘xshaydimi? Keling, keling, inim.
Qo‘shqo‘llashib ko‘rishadilar. Orol bobo xos o‘rindig‘idan, O‘tagan maxsum qo‘lbola kursidan joy oladi.
Qani, baxayr?
O ‘ t a g a n. Sizni bi-ir ziyorat etaylik deb…
O r o l b o b o. Xush kelibsiz, hoji maxsum, xush kelibsiz!
O ‘ t a g a n (og‘ringannamo). Kulyapsiz-da, boboy?
O r o l b o b o. Kulganim yo‘q, kulganim yo‘q. Ilgari kimsan – mulla Gulboyning o‘g‘li, O‘tagan maxsum edingiz. Qayta-qayta haj qilib, mana, hoji bo‘ldingiz. «Ham hoji, ham maxsumman» deb el-ulusga yoygan o‘zingiz-ku, biz nima deylik?!
O ‘ t a g a n. Mayli, mayli… (Har yonga alanglab.) Hammayoqni qayiq qilib yuboribsiz-ku! Zo‘r, zo‘r.
O r o l b o b o. Bu o‘ramlarga qo‘lingiz tushmaganiga ko‘p bo‘ldimi deyman, maxsum, ko‘rmagan ekansiz-da? Ota-bobomizdan qolgan hunar, qo‘limizdan boshqa ish kelmasa…
O ‘ t a g a n. Bekorchi hunar deng… Zo‘r, zo‘r. Shogirdlar ko‘rinmaydi?
O r o l b o b o. Bir yumushga jo‘natuvdim, hozir kepqolishadi. (Chetan devordagi bo‘yog‘i chala qayiqni ko‘rsatib.) Huv anovinisini o‘g‘lingiz, Ametboy yasagan. Qarang, qandoq bejirim! Mullazodalardan ham usta chiqarkan, duppa-durust qayiqsoz bo‘lib qoldi bola!
O ‘ t a g a n (ensasini ermakka qashlab). O‘shanga keluvdim, oqsoqol. Men uni Leningradga yubormoqchiman. Akasining oldiga. To‘g‘ri-da, qachongacha tezak bosib, laylak haydab
yuradi bu yerda!
O r o l b o b o (o‘zicha maroqlanib). Laylak haydab deysizmi? Laylak qoptimi, inim! Laylagu g‘ozigacha qirilib bitgan…
O ‘ t a g a n. Boyo‘g‘lining makoni deng! Bosh boyo‘g‘li – o‘zlari…
O r o l b o b o (hazilga burib). Yumronqoziqdan kelsangiz-chi, maxsum!
O ‘ t a g a n (battar achitmoqchidek). Shuni aytaman-da, yumronqozig‘-u bitta siz qolgansiz bu biyobonda!
O r o l b o b o (murosa yo‘liga). Nasiba-da, maxsum, peshonaga yozilgani shu ekan… Leningradga jo‘nataman, dedingizmi? Nima qiladi u yerda Amet?
O ‘ t a g a n. Bu yerda nima qiladi?
O r o l b o b o. Bu yerda… (hovliga alanglab) mana, qayiq yasaydi!
O ‘ t a g a n. Yasagan qayig‘i kimning dardiga shifo, oqsoqol?! O‘sha yoqlarga borsin, tayinli bir ishning boshini tutsin, pul topsin deyman-da!
O r o l b o b o (dami ichiga tushib). Tayinli ish… Nima ish ekan, nimaga yubormoqchisiz uni?
O ‘ t a g a n. Salat kesishga.
O r o l b o b o (rostdan ham tushunmay). Sallat? Nima degani u? Nega kesadi?
O ‘ t a g a n. Sala-at… Shu, o‘t-po‘t-da. Ko‘kat deymiz-ku…
O r o l b o b o (lol qolib). Shoshmang, Amet kelib-kelib o‘t kesadimi? Ametimiz-a?! Qayiq yasaydi-ku u, qayiqsoz usta!
O ‘ t a g a n. Qayig‘ingizni yeb bo‘lmasa! Salatni esa (u barmog‘ini dastgoh qirrasiga urib-urib) to‘g‘rab-to‘g‘rab, maza qilib tushiriladi.
O r o l b o b o. Shuginani o‘zlari to‘g‘rab yesa bo‘lmasmikan, maxsum, nimasi qiyin?
O ‘ t a g a n (qo‘lidagi qamchini tizzasiga urib). Bo‘lmaydi, oqsoqol, bo‘lmaydi. U yoqlarda birov kesib beradi, birov yeydi. Restoran deganini aytyapman-da.
O r o l b o b o. Keyin shuni kesgani uchun pul ham oladi?
O ‘ t a g a n. Xuddi shunday! Qayiq yasagani uchun esa shamataloq ham olmaydi!..
O r o l b o b o (ma’yus tortib). Navzanbilloh, navzanbilloh…
O ‘ t a g a n. Qaytaga, uy-uyidan ul-bul ko‘tarib kelib sizni boqadi, shundaymi?
O r o l b o b o. Unaqa minnatni qo‘ying, maxsum. Men shogirdlarim olib kelgan nonning ushog‘iga ham sheriklik qilmayman…
O ‘ t a g a n. O‘zim yasagan qayiqlarni g‘ajib-g‘ajib kun ko‘ryapman desangiz-chi!.. Qo‘ying-e, oqsoqol!
O r o l b o b o. Iya, nega? Xudo bergan rizqim bor, inim! Men baliq go‘shti yeyman, bilsangiz!
O ‘ t a g a n. Opqoching-a, opqoching! Tush-push ko‘ryapsizmi deyman. Shu dasht-u biyobonda baliqni kim berarkan sizga?!
O r o l b o b o (qo‘llarini baravar osmonga cho‘zib). Xudo! Hoji bo‘lmasak ham, maxsum bo‘lmasak ham – beradi. Kuniga bittadan. Bizniki ana shunday, hoji maxsum, kunbayi!

Chetan eshik ochilib, orqama-ketin yigitlar ko‘rinadi. O‘tagan maxsum qamchinini havoga sermab o‘rnidan turadi-da, Amet tomon bostirib boradi.
O ‘ t a g a n (unga qahrli o‘qrayib). Sen bolaga nima degan edim?! Qani, oldimga tush-chi! Qaytib shu yerga qadam bossang!..
O r o l b o b o (qaltiray-qaltiray qo‘zg‘alib). Hay, hay! Shaytonga hay bering, maxsum!..
O ‘ t a g a n (ijirg‘anib). E-e, aljirama, tentak chol!

Amet avval Orol boboga, so‘ng sheriklariga o‘kinchli bir nazar tashlaydi-da, sekin burilib otasining izidan chiqadi. Ammo shu zahoti qaytib kiradi. O‘rtoqlari bilan bir-bir quchoqlashib xo‘shlasha boshlaydi.
J u m a b o y (ta’na aralash ming‘irlab). E qo‘y-e, Amet, bo‘lmading, oshna!
A m e t ko‘cha tarafga imo qilib, g‘amgin yelka qisadi: nachora, otam!..
G e n j a m u r o d (achitib). Anuv ishni boshlab qo‘yib, endi qochish ekan-da, a?
A m e t (chol tomon xavotirli nigoh tashlab olib, pichirlaydi). U yog‘ini o‘zlaring…
J u m a b o y. Ketaver, ketaver, bir hisobi bo‘lar.
T i l o v b e r g a n (chapanichasiga qo‘l tashlashib). Yaxshi bor, do‘st!

Amet gunohkorona bosh egib, xos o‘rindig‘ida xomush qotgan Orol boboning qoshiga keladi. Chol uni bo‘ynidan quchib, bir muddat so‘zsiz qoladi.

Ta’sirli holat!
O r o l b o b o (nihoyat tilga kirib). U yoqlarda faqat o‘t kesish bilan bo‘lib yuraverma, bola. Yaxshi-yomonni ko‘r, bil, xo‘pmi? (So‘ng birdan o‘pkasi to‘lib, ko‘zlari yoshlangandek.) Bizlarni unutsang unut, Orolni esdan chiqarma, Orolimizni!..

Tashqaridan O‘tagan maxsumning dag‘dag‘ali ovozi eshitiladi: «Ame-et!..» Amet tag‘in barchaga bir-bir xomush bosh silkib chiqadi-da, shalvirabgina chetan eshik tomon yuradi. Orol bobo o‘rindig‘iga cho‘kkancha mung‘ayib qolgan. Yigitlar ham parishonhol serrayib turibdi. Tashqarida otning kishnashi, tepingani, qamchi tovushi…
O r o l b o b o (hasratomuz). Borib-borib huv do‘zaxiy pirga o‘xshab bir o‘zim sho‘ppayib qolmasam deng…
Shogirdlar tushunmay unga anqayib qaraydi.
O r o l b o b o (rivoyatga kirishib). Pirning qirq muridi bor ekan. Sizlarga o‘xshagan shogirdi. Qirq yil ichida kamaya-kamaya, oxiri shulardan bittaginasi qolibdi. Ameting misoli birin-sirin tashlab ketgan-da. Pir o‘sha qolgan murididan so‘rabdi: «Bularing nega bunday qildi ekan?» Murid chaynala-chaynala aytibdi: «Ular sizning ta’limingiz bilan Mangu kitobni o‘qiydigan maqomga yetdi. U kitobda esa…» «Gapir-gapir», deb qistabdi pir. «U kitob sizni do‘zaxiy deb yozgan ekan, ustoz…» «Bilaman, – debdi pir. – Haqrost, shunday yozilgan. Ammo men jannatdan ham ulug‘rog‘ini ko‘zlaganman-da… Ular-ku jannat ilinjida ketibdi, xo‘sh, sen nega qolding?» «Chunki o‘sha kitobni o‘qishni sizdan o‘rganganman-da, pirim», debdi murid. Qarang, qanday oqibatli ekan-a shogirdi!..

Yigitlar rivoyatdan ta’sirlangandek o‘yga toladi.
G e n j a m u r o d. Bobo-o, jannatdan ham zo‘r deyapsiz, qanaqa joy u?
O r o l b o b o. Bor, o‘g‘lim, shunday joy bor. Haq, haqning dargohi deydilar uni. Bandasi umidvor-da. Mana, bobong ham umid bilan yashayapti-ku!..

Ikkinchi qism

O‘sha hovli. Tun. Osmonda yulduzlar charaqlaydi, erinibgina oy suzadi. Shamolning bir maromda uvullashi; olislardan chiyabo‘rilarning «hi-hi, hi-hi»lagan tovushi sado beradi. Boshiga serbar oq qalpoq ilgan bir ko‘lanka harsillay-harsillay kulba biqinidagi qayiq-narvonga tirmashib, tomga chiqib borayotir.
Orol bobomiz! Tom ustiga chiqib olgach, u bir muddat nari-beri borib keladi. Osmonlarga qaraydi, oy-u yulduzlarni tomosha qilgan bo‘ladi. So‘ng asta kelib qayig‘iga o‘rnashib o‘tiradi-da, tevarak-atrofni yana bir qur ko‘zdan kechirgach, ikki yondagi eshkaklarni qo‘lga oladi. Eshkak esha boshlaydi. Avvaliga sustroq, bir maromda, keyin esa navqiron bir g‘ayrat bilan. Shamol uvullashi-yu chiyabo‘rilarning «hi-hi»lashi nogahon suv shovqiniga – mavj-u to‘lqinlar sasiga aylanib-qorishib
ketadi. Shalop-shulup, shalop-shulup… Oy yog‘dusida charx etayotgan dengiz qushlari – chag‘ala-yu oqchorloqlarning suvga to‘sh urib uchishlari, kumush qanotlari nimqorong‘ilikda yalt-yult akslanib ko‘zga chalinadi… Chol bir zamon eshkak eshishdan tinib, timirskilay-timirskilay qayiq ichidan uzun
allanimani oladiyu uzoqni chamalab uni havoga – «suv»ga uloqtiradi. Shalop-shulup… «Baliqchi» kaftlarini quloqpana qilib pastga engashgan – nimadir sasni eshitmoqchi…
Sukunat, sukunat…
Bir payt qayiq chetida ko‘ndalang yotgan egma xoda qimirlab ketib, shalop-shulup tovush chiqaradi. «Baliqchi» shosha-pisha xodani «suv»dan ko‘taradi. Naqd tumshug‘idan ilingan laqqa oy yorug‘ida bilanglab turibdi!..
O r o l b o b o (uni zavq bilan aylantirib tomosha qilarkan, shodon). Berganingga shukr! Berganingga shukr, Tangrim!..
So‘ngra u baliqni qarmoqdan uzib, qayiq ichiga tashlaydi. Ov ashyolariyu eshkaklarni joy-joyiga qo‘yib saranjomlagach, qayiq bo‘ylab ohista cho‘ziladi. Ko‘ksi uzra tanish oq qalpoq!..
O r o l b o b o (horg‘in, uyquli ovoz). Berganingga shukr, Egam! Berganingga shukr!..
Tun. Ko‘kda yulduzlar charaqlaydi, erinibgina oy suzadi. Shamolning bir maromda uvullashi, olislarda och chiyabo‘rilar sasi…

Hovli. Kunduz kuni. Uch shogird – Jumaboy, Tilovbergan va Genjamurod qayiq yasash yumushlari bilan band. O‘choq ustidagi yarmi kesilgan bochka idishdan qoramtir dud ko‘tariladi – mum eritilmoqda. Shoshib-hovliqib Qalimbet kirib keladi. Odatdagidek, qo‘lida «diplomat».
Q a l i m b e t (alang-jalang qilib). Otam qani?.. (Yigitlarga qarab.) Ho‘v ukalar! Qani, yuguringlar! Ovulning og‘ziginasida moshinamiz qumga botib qoldi, chiqarishvoringlar. Ha, barakalla!.. (Kulba eshigida bir uchi cho‘michsimon uzun kosov ko‘targan Orol boboni ko‘rgach.) «Jip» deng
tag‘in! Shunday moshinaki botib qolganidan keyin ahvolni bilaver-da!

Orol bobo amriga mahtal shogirdlariga «mayli, borib qarashinglar» degandek ishora qiladi. Usti-boshini qoqa-qoqa, ular hovlidan chiqib ketishadi. Cholning o‘zi indamay o‘choqboshi tarafga yuradi.
O r o l b o b o (qo‘lidagi anjom bilan «qozon» kavlamoqqa tusharkan). Ke, Qalimbet, shovqin solib yuribsan?..
Q a l i m b e t («diplomat»ini tizzasiga qo‘yib kursiga o‘rnasharkan, yasama xushnudlik bilan). Bir o‘ynab berasiz endi, otaboy, zo‘r syurprizimiz bor sizga! (Sinovchan sukutdan so‘ng, shirin qilib.) Bi-ir hajga borib kelsangiz-chi, a? Hamma bizni izza qilyapti-ku: shundoq puldor-u badavlat o‘g‘illari, qizlari bo‘laturib, otalarini hajga jo‘natmayapti, deb.
O r o l b o b o (ishidan chalg‘imay). Buniyam huv anovi xizrsifat maslahatgo‘ying aytgandir?
Q a l i m b e t. Topdingiz, u ham shunday degan edi.
O r o l b o b o. Qulluq, qulluq. Lekin otang hech qayoqqa bormaydi, ovora bo‘lma.
Q a l i m b e t. Iye, iye! Hajga ham-a? Hajdan bo‘yin tovlagan mo‘minni endi ko‘rishim! Ota, o‘ylab gapiryapsizmi o‘zi? Axir, haj muborak har bir musulmonga…
O r o l b o b o. Bilamiz, bilamiz – farz.
Q a l i m b e t. Bilsangiz, nega bunday oyoq tirayapsiz? Ba’zilar hatto ot minib, pul ko‘tarib chopib yursa-yu, siz bo‘lsangiz…

Chol qo‘lidagi kosovni «qozon» chetiga qo‘yib, o‘rindig‘iga kelib joylashadi.
O r o l b o b o. Hajga qilgan-kechgan gunohlaridan tavba etmoqqa borilardi chog‘i, shundaymi axir?
Q a l i m b e t. Iye, albatta, buning uchun ham…
O r o l b o b o. Unda otang qaysi gunohini yuvgali borsin, xo‘sh?
Q a l i m b e t. E, e, Orol bobo, kufr ketgandaysiz, begunoh banda bor ekanmi bu dunyoda?!
O r o l b o b o. Shoshma, og‘zimga urmay tur… Yolg‘on gapirganimni yo birovga firib berib ish bitirganimni bilasanmi? (Qalimbet yelka qisadi.) Gapir, gapir, eshitganmisan hech?
Q a l i m b e t. Yo‘q…
O r o l b o b o. Birovning haqiga xiyonat qilgan joyim bormi, ayt?
Q a l i m b e t. Ota…
O r o l b o b o. Kimsaning moli yo jufti haloliga ko‘z olaytirganimni-chi? Quloq-pulog‘ingga chalingan chiqar?..
Q a l i m b e t. E, ota, izzaga qo‘ymang-da odamni. Faqat shular uchungina haj qilinmas…
O r o l b o b o. Ha, nima uchun borilar ekan bo‘lmasa? Shunchaki sayr-u tomoshagami? Yo nomchiqarargami? To‘g‘ri, unaqalarini ham bilamiz. Ana – o‘zimizning O‘tagan maxsum.
Yil sayin qatnaydi. Nima, avliyo bo‘lib qoptimi u? O‘sha o‘sha, kelib tag‘in gunohga botgani botgan… Yo‘q, o‘g‘lim, haj ziyoratining shartlari, qonun-qoidalari bor. U yerga obdon hozirlik ko‘rib, riyozat-u mashaqqatlar chekib boriladi!
Q a l i m b e t. Eski zamonlarning gapini qo‘ysangiz-chi, ota. Mashaqqat chekib nima foyda? Hozir tap-tayyor samolyot, oppa-osongina borib kelinaveradi. Bu ham Tangrining marhamati-da, axir!
O r o l b o b o. Qulluq, qulluq. Ammo… tavba qildim, tavba qildim, ko‘nglida bir toza niyat-u chin ixlosi bormi yo‘qmi, duch kelgan odam haj ekan deb jo‘nayversa… Xuddi to‘yga otlanganday… Ziyorati qabul bo‘larmikan?.. Axir, bandasi poklanib, tozalanib bormaydimi unaqa joylarga?!
Q a l i m b e t. Men ham shuni aytyapman-da, ota! Haligina o‘zingiz isbotlab berdingiz: birovga yomonlik qilmagansiz, xiyonat qilmagansiz, ko‘z olaytirmagansiz… Siz bormay kim borsin hajga?!
O r o l b o b o (erib ketib). Rosti, bir-ikki daf’a chog‘lanib ham ko‘rganman. Yurak dov bermadi-da: o‘zing kim bo‘psan-u, hajni orzu qilsang deganday. Biz-ku bir xashaki banda, haj ziyorati nasib etmagan ne-ne ulug‘ zotlar o‘tgan, o‘g‘lim! Lekin ichimdagi bir sirni senga aytsam: ba’zan xuddiki borib kelganga o‘xshayman! Niyati bilan-da…
Q a l i m b e t (jonlanib). Ana endi chinakamiga borib kelasiz, otaboy! Mana, hamma hujjatingiz tayyor! (U shosha-pisha «diplomat»ini ochib, bir dasta qog‘oz chiqaradi.) Mana…
O r o l b o b o (og‘zi ochilib). Iya, bir og‘iz so‘ramadingku, Qalimbet, mensiz qanday qilib?..
Q a l i m b e t. U yog‘i bilan ishingiz bo‘lmasin, otaboy. Biz kirishdikmi, bitmaydigan ish yo‘q!
O r o l b o b o. Baribir oldimdan bir o‘tishing kerak edida, axir…
Q a l i m b e t. O‘tsam-o‘tmasam, endi masala hal! Azzabazza bittasining o‘rniga gaplashganman-a!..
O r o l b o b o. Nima? Birovning o‘rniga?! (U balodan qochgan kabi, ikki qo‘li oldinda, tislanib.) Yo‘q-yo‘q, bormayman! Minba’d! Birovning o‘rnini tortib olib hajga jo‘nash!.. O‘ylab qildingmi shu ishni, Qalimbet? Gunoh-ku bu axir, gunohi azim!
Q a l i m b e t (suv yuqtirmay). He, ko‘chadagi bittasi borgandan ko‘ra – siz, mening otam borgani yaxshi emasmi?!
O r o l b o b o (qat’iy turib). Yo‘q dedimmi, yo‘q! Kimning o‘rnini olgan bo‘lsang, o‘shaning o‘ziga eltib topshirasan, gap tamom! Xudoyim o‘zi kechirar, otangning sig‘inadigan ziyoratgoh-u ibodatgohi ham mana shu o‘zi tug‘ilib o‘sgan tashlandiq ovuli bugun qurib qolgan bo‘lsayam, umrini bergani – Orol! Shundan o‘zga hech narsa kerak emas unga, bilib ol, bola!
Q a l i m b e t. Orol, Orol… Hah, Orol otaginamdan! (U quvlik bilan yaltoqlanib cholning yelkasidan quchadi.) Ishni buzdingiz-ku, boboy, endi nima qildig-a?..

Talay zamon mum tishlab qoladilar.
Bu orada chol o‘choqboshiga borib, olovini tortib keladi.
O r o l b o b o (kufridan tushgan; iltijoli ohangda). Qalimbet, huv birda ko‘rsatgan matohingni menga tashlab ketsang-chi, a? Nevaralarimni sog‘inganda tomosha qilib o‘tirardim. Mayli, anovi uy ham, haj safari ham seniki, o‘zingga siylov…
Q a l i m b e t (mug‘ombirona bosh chayqab). Yo‘-o‘q, boboy…
O r o l b o b o (qalpog‘ini qo‘lida g‘ijimlab o‘rnidan turadi). Bo‘pti, men ketdim unda.
Q a l i m b e t. Iya, qayoqqa?
O r o l b o b o. Onangning oldiga, mozorga. Ertalab xabar ololmagan edim…
Q a l i m b e t (bo‘g‘ilib). Mendan nima gunoh o‘tdi, ota? Aybim – sizni hajga jo‘natmoqchi bo‘lganim-u yangi uy tortiq qilganimmi?!
O r o l b o b o. Beayb – parvardigor, mening ham bir gunohim bor bu dunyoda. Nimaligini aytaymi? Seni, sendaylarni dunyoga keltirganim!..
Q a l i m b e t (alam-iztirob ila). Ota-a!..

Orol bobo qalpog‘ini boshiga bosib, hovlidan chiqib ketadi.
Q a l i m b e t (bir lahza sukutdan so‘ng, ijirg‘anib). Miyasi aynib qopti bu cholning… (U yonidan telefonchasini olib, qo‘ng‘iroq qila boshlaydi.) Gul, o‘zingmisan? Hech gapga unamayapti-ku bu qaysaring. Shahar yaqinidan yap-yangi hovli olib berdim, mana, hajga to‘g‘rilab qog‘ozlarini keltirib o‘tiribman – qani, ko‘nsa! O‘zing bir yo‘lini topmasang bo‘lmaydi, singil. Senga mehri bo‘lakcha, yaxshi ko‘radi…

Oqshom. Orol bobo odatdagi o‘rindig‘ida; horg‘in, behafsala ko‘rinadi. Yonboshdagi qo‘lbola kursida omonatgina bo‘lib qizi Gulxadicha o‘tiribdi; tizzasida sumkachasi, o‘ta zamonaviy kiyingan. Shogirdlar ish bilan mashg‘ul. Ora-orada ota-bola tomon qarab qo‘yishadi.
O r o l b o b o. Deputatlikka chog‘langanmishsan, shu rostmi? Ering boshingda, bu yoqda jujuqlaring – nima keragi bor edi, qizim?
G u l x a d i c h a. Ha, Jo‘qorg‘i Kengesga. Bo‘lasanchi bo‘lasan deb qo‘yishmadi-da, ota… (Birdan tumshayib.) Lekin boshim qotib qolgan. Ustimdan yoza-yoz!
O r o l b o b o. Iya! Nima deb yozadi, kim?
G u l x a d i c h a (ko‘zlarini yoshlab). O‘lgur raqiblarim-da, dushmanlarim!
O r o l b o b o. Senda dushman nima qilsin? Ajab gaplarni gapirasan-a!
G u l x a d i c h a. Birga ot surib yurganlar dushman bo‘lmay nima? Bari o‘zim deputat bo‘lay, bu qolib ketsin deydi, yaramaslar!
O r o l b o b o. Qanday aybing bor ekan, xo‘sh?
G u l x a d i c h a (barmoq uchi bilan qovoqlarini artib, arazlagan singari). E-e, sizni aytib yozadi-da!..
O r o l b o b o (yoqasini juftlab). Meni?! Men nima qipman ularga? Birortasini tanimasam, bilmasam…
G u l x a d i c h a. «Tuqqan otasini bir go‘rlarga tashlab qo‘ygan, qaramaydi, borib holidan xabar olmaydi! Shunday oqpadar inson deputat bo‘lishi mumkinmi?» va hokazo. Ishqilib, oyog‘imdan chalsa, badnom qilsa bo‘ldi ularga!
O r o l b o b o (xijolatga tushib). Men hech kimga arz qilganim yo‘q-ku, jonim qizim… Senlardan biror narsa kerak emas, o‘z holiga qo‘ysalaring… iya, tinchgina yursa kifoya otalaringga. Shunday-shunday gap deb, to‘g‘risini tushuntirmaysanmi o‘shalarga?
G u l x a d i c h a. Kimga tushuntiraman? Saylovchilargami? Xalqqami? Xalqingiz tushunmaydi baribir! Ishonmaydi-da…
O r o l b o b o. Shuginani tushuntirolmasang, shunga ishontirolmasang, deputat bo‘lib nima qilasan, qizim?!
G u l x a d i c h a. E-e, siz ham tushunmayapsiz, ota. Qo‘ymayapti-da axir! O‘zimga qolsa-ku, allaqachon tuf deb yuborardim. Bezorim chiqib bo‘ldi o‘zi!
O r o l b o b o (ajablanib). Kim qo‘ymayapti, kim? O‘sha saylovchilarmi?
G u l x a d i c h a. Ular ham… Kuyovingiz, kuyovingiz! Bu yoqda og‘am – Qalimbet. Bizneslariga yordam bo‘larmish…
O r o l b o b o. Obbo-o! Erkakman deb beliga kamar boylagan azamatlar bir zaifani o‘rtaga solib, shuning soyasida… Suf-e senlarga!.. Hay, meni yo‘qlab qolibsan? Shu gapni aytgani keldingmi yo?
G u l x a d i c h a (kuyingan kabi aftini burishtirib). Rang-ro‘yingizni qarang, otajon, ko‘rgan kishining rahmi keladi-ya!
O r o l b o b o (sarosimada qolib). Rangimga nima qipti, Gulxadicha? Soppa-sog‘man, hyech bir joyim og‘rimasa…
G u l x a d i c h a. Shunday bo‘lsayam bir-ikki kun dam olib kelsangizmi devdim. Zo‘r bir joyga olib borsam sizni… Vuy, bog‘larini ko‘rsangiz – gulu gulzor!..
O r o l b o b o. Qanaqa joy ekan u? To‘ppa-to‘g‘ri jannat bo‘lmasin tag‘in!..
G u l x a d i c h a. Undan ham zo‘r! Hozir… (U dik etib o‘rnidan turadi-da, bir kaftini og‘ziga karnay qilib ko‘cha tomon ovoz soladi.) Rohat Sobirovna! Rohat Sobirovna!

Chetan eshik ochilib, qo‘lida yaltiroq qutisi, yasan-tusanda Gulxadichadan qolishmaydigan oq xalatli juvon – Rohat Sobirovna kiradi.
R o h a t S o b i r o v n a (hovliga alanglab, atay xushhollik bilan). Voy-bo‘-o‘, hammayoq qayiq-ku! Suvimiz qani, suv?.. Assalomu alaykum, otaxon, bormisiz? Shundoq pustinyada bir o‘zingiz-a! Ne ponimayu, ne ponimayu. (Dashnom ohangida.) Gulyaxon, adangizni biroz charchatib qo‘yibsizmi
deyman-a, o‘rtoq? (U qutisini tagiga qo‘yib ro‘baro‘ o‘tiradi-da, go‘yoki sehrlamoqchidek, Orol boboga qattiq tikiladi. Chol xijolat, ko‘zini qayoqqa yashirishni bilmaydi.) Qani, boshladikmi? Tilingizni ko‘rsating-chi, otaxon…
O r o l b o b o. Tilimni?.. (Dovdirab Gulxadichaga qaraydi.) Birovga og‘zingni ochib tilingni ko‘rsatish noqulay-ku, qizim? Mazax qilganday gap-da bu.
G u l x a d i c h a. Ko‘rsating, ko‘rsatavering, ada, bu kishi do‘xtir-ku! (Kulib.) Sug‘urib olmaydilar, qo‘rqmang.
O r o l b o b o (taajjub aralash). Nima? Nima deding? Bir so‘z aytganday bo‘lding… Gulxadicha «jim o‘tiring endi» degan kabi uni sekingina turtib qo‘yadi. Chol battar mulzam, tishsiz milklari orasidan
arang tilining uchini chiqaradi… Do‘xtir qutisidan olgan igna-yu bolg‘achalarini ishga solib, bemorni obdon tekshirib ko‘rgach, savolga tutadi.
R o h a t S o b i r o v n a. Ko‘p tush ko‘rasizmi, otaxon? Masalan, nimalar kiradi tushingizga?
O r o l b o b o. Ha, unda-bunda ko‘rib turamiz. Har xil tush-da, qizim… Ko‘pincha rahmatli kampirim kiradi tushimga, mana buning onasi.
R o h a t S o b i r o v n a (Gulxadichaga yuzlanib, shunchaki). Oyingizlarmi?
G u l x a d i c h a (eshitilar-eshitilmas). Oyim, oyim, Rohat Sobirovna.
R o h a t S o b i r o v n a. Otaxon, ayting-chi, tushlaringizda baliq ham tutasizmi?
O r o l b o b o (ensasi qotib). Nega endi tushimda ekan? Tushimda emas, o‘ngimda tutaman baliqni. Har kecha!
R o h a t S o b i r o v n a. Har kecha deysizmi? Zo‘r-u! Qayerdan ovlaysiz uni, suvdanmi?
O r o l b o b o (toqati toq bo‘lib). Suvdan bo‘lmay qumdan ovlanarmidi u jonivor?! Suvdan-da, albatta. Orol suvlaridan!
R o h a t S o b i r o v n a (Gulxadicha bilan o‘g‘rincha ma’nodor ko‘z urishtirib olib). Orol deganingiz olis-ku, otaxon, juda olisda! Qanaqa qilib borasiz u yerga har kecha?
O r o l b o b o (do‘xtirga uzoq tikilib). Nima desam ekan sizga? Aytganim bilan baribir ishonmaysiz-da, qizim. Hech kim ishonmaydi bunga… (U alam bilan mung‘ayib, boshini solintirib oladi.)

Rohat Sobirovna Gulxadichani chetga imlab, uning kiftiga hamdardona qo‘l tashlaydi.
R o h a t S o b i r o v n a (pichirlab). Vsyo yasno. Simptomi nalitso. Opketamiz, deputatim! Tayyorlang…
G u l x a d i c h a. Ukolmi? Bo‘lmasa ko‘ndirolmaysiz, tochno!
R o h a t S o b i r o v n a. Da, ukol!
G u l x a d i c h a (orqadan kelib cholni bo‘yni aralash quchadi). Ota… iya, ada… Do‘xtir opa aytyaptilarki, sizni ukol qilmasa bo‘lmas ekan. Qo‘rqmang, qo‘rqmang, bilagingizga. Bittagina, xolos. Hecham og‘rimaydi, mana ko‘rasiz…
O r o l b o b o (vazmin bosh burib). Mening nimamni ukol qilasan, qizim, hech joyim og‘rimasa…
G u l x a d i c h a (to‘satdan jazavasi qo‘zib). Og‘riydi, og‘riydi! Ana – aftingizga qarang! Gapirib o‘tirgan gaplaringiz-chi!.. Ey-y, hammang jonimga tegding! Birovi «Deputat bo‘lsang – bo‘lganing, yo‘qsa, to‘rt tomoning qibla» deb shart qo‘ysa! Unisi «Deputatlikka chiqmasang, senday singlim yo‘q» deb siyosat qilib tursa!.. Nima qilay? Nima qilay axir, ayti-ing?! (U alamidan yig‘lamsiragan bo‘ladi.)
O r o l b o b o. Mayli, mayli, senga shu kerak bo‘lsa, ma, qilaqol ukolingni… (U hafsalasiz qo‘lini uzatadi.) Gulxadicha otasining bilagidan tutib turadi, Rohat Sobirovna abjirlik bilan ignasini sanchadi. Hayal o‘tmay Orol bobo o‘rindiqqa cho‘zilib qoladi. Bolalar hang-u mang, tashvishga tushib qolgan, o‘zaro pichir-pichir.
J u m a b o y. Ho‘ opa, bobomizni nima qildingiz?
Gulxadicha o‘girilib ham qaramay, «e, ishingni qil» degan kabi ular tomon jahl bilan qo‘l siltaydi.
R o h a t S o b i r o v n a. Chaqiravering.
G u l x a d i c h a (ko‘cha tomon chinqirib). Og‘a-a! Og‘a-a! Bo‘ldi, tayyor!
Qalimbet va haydovchisi paydo bo‘lib, cholni qo‘ltig‘idan ko‘targancha tashqariga sudraydi. Gulxadicha bilan Rohat Sobirovna bir-birining yelkasiga qo‘l tashlashib ularning ortidan yuradi. Shogirdlar beixtiyor chopib borib yo‘lni to‘smoqchi bo‘ladi.
J u m a b o y. Iye, og‘a, qayoqqa opketyapsiz bobomizni?!
Q a l i m b e t (zarda bilan). Enangning uyiga!
T i l o v b e r g a n (unga tarmashib). Opketmaysiz, yo‘q!
Q a l i m b e t (tizzasi bilan uning quymuchiga bir tepib). Nari tur-e, maymoq!
Tilov uchib ketib, bir chetga ag‘nab qoladi. Bolalar sarosimada, noiloj tek qotgan.
R o h a t S o b i r o v n a (yo‘l-yo‘lakay, hovliga yana bir qur ko‘z tashlab). Chudak! Nastoyashiy chudak!

Namozshom payti. Jumaboy va Genjamurod qayiqsozlik bilan band. Odatdagi yumushlar: o‘lchash, taxta qirqish, yelimlash, bo‘yoq-so‘yoq…
J u m a b o y (tuyqus ishdan bosh ko‘tarib). Bobomizni qayoqqa opketdi-ya bular?
G e n j a m u r o d. Ota – ularniki, xohlagan joyiga olib ketaveradi-da.
J u m a b o y. Soppa-sog‘ odamni ukol qildi-ya, tavba!
G e n j a m u r o d (bilag‘onlik ko‘rsatib). Qiladi! Kerak bo‘lganda qarab o‘tirmaydi. O‘zim ko‘rganman! Japaq amakimni bilarding-a, do‘xtirlar uni mana shunday ukol sanchib, moshinaga bosib ketishgan, esimda.
J u m a b o y. Amaking to‘rt tumanga nomi ketgan bir jinni-sang‘i edi-da! Bobomiz axir…
G e n j a m u r o d (nafsoniyati qo‘zib). Bobong nima, sog‘ ekanmi? Hamma uni «devona, savdoyi» deb yuradi-ku!..
J u m a b o y. Aytib qo‘y, o‘shalaringning o‘zi devona, o‘zi savdoyi! Shuni gap deb ko‘tarib yurgan sen ham sog‘ emas, Genjaboy!
G e n j a m u r o d. O‘zing ham shu! Tilovning ham… Boboning girdida yurganlarning barini el-ulus shunaqa deb o‘ylaydi, bilsang!
J u m a b o y. O‘ylayversin! (Mushtumini do‘laytirib.) Qani, birortasi kelib o‘zimga shunday deb ko‘rsin-chi!..

Bir o‘ram eski sim ko‘tarib hovliga Tilovbergan kiradi.
T i l o v b e r g a n (qo‘lidagini yerga tashlab). Juma-a, ovulingda shisha degan matoh qolmabdi-yov! Amet bilib aytgan ekan: kecha ertalab bu yoqqa kelayotib, Jang‘il momoning tomiga chiqib qarasam, rostdan ham Orol taraf suvga to‘lganday, oftobda charaqlab ko‘zni oladi!
J u m a b o y (ishdan bosh ko‘tarib). Men ham ko‘rdim. Xuddi suvning o‘zi! Shu ish Ametning xayoliga qayoqdan kepqoldi ekan-a?..
T i l o v b e r g a n. Bilasan-ku, kitobni ko‘p o‘qigan u. O‘ziyam kallali. O‘tagan maxsumning bolasi-da, mullazoda!
G e n j a m u r o d. Mullangning bolasi bugun allaqaylarda salat kesib yuribdi. Kallali emish!..
J u m a b o y. Kim nima desa desin, baribir zo‘r ish bo‘ldi shu. Malades Amet!
G e n j a m u r o d. Bobong ko‘rmaganidan keyin bu hammasi bir pul, oshnam! O‘sha kishi uchun qilindi-ku, to‘g‘rimi?
T i l o v b e r g a n. Shunday, shunday…
Xuddi shu choq chetan eshik g‘iyqillab, Orol bobomizning o‘zi paydo bo‘ladi! Bir lahza hayratda qotgan shogirdlar guvva borib, talasha-tortisha uning bo‘yniga osiladi: «Keldingizmi, bobojon, keldingizmi?», «Ustoz, ustoz!», «Sog‘inib ketdik sizni, bobo!..»
O r o l b o b o (ularni baravar bag‘riga bosib, ko‘zlari jiqqa yosh). Chirog‘larim!.. Sherlarim, burgutlarim…
Shogirdlari cholni ko‘tarib kelib, e’zoz bilan xos o‘rindig‘iga o‘tqazadilar. O‘zlari yon-verida cho‘nqayib, allanechuk achinish aralash unga ko‘z tikadilar.
T i l o v b e r g a n (yig‘lamsirab). Nima bo‘ldi sizga, bobojon, buncha qolib ketdingiz?
O r o l b o b o (qo‘l siltab.) E, so‘ramanglar, bolalarim… Qochdim, qochib keldim! Ko‘rdilaring, «mazangiz yo‘q, mazangiz yo‘q» deya nima balodir qilib uyiga olib ketdi-yu, qamab qo‘yganday ahvolga soldi-ya meni! Anovi do‘xtir dugonasi kunda ikki mahal ukol qilib ketadi, uxlaganim uxlagan, ko‘zlarimni ocholmayman! Deputatligiga kerakmish-da kasofatning… Sizlarni sog‘indim-u qo‘ygan poyloqchilarini ham dog‘da qoldirib, bugun ko‘zni ishqay-ishqay yo‘lga tushdim… Hay, o‘zlaringdan gapiringlar, qani? Ametboyimiz ko‘rinmaydi?.. (Shogirdlari yerga qarab qolgach, taassuf ila bosh chayqaydi, og‘ir xo‘rsinadi.) Bola ketibdi-da baribir. Atta-ang, atta-ang. Yaxshigina usta bo‘lib qoluvdi-ya, kasofat!
G e n j a m u r o d (g‘ashi kelib). Kasofatingizning o‘rnini bildirmayapmiz lekin, bobo! Ana, siz yo‘g‘ingizda bir emas, ikkita qayiq yasab qo‘yganmiz!
O r o l b o b o (ruhlanib). Barakalla, chirog‘larim, barakalla! Xo‘sh, yana nima yangilik?
T i l o v b e r g a n. Siz birdan ketib qoldingiz, mana, bugun birdan kelib qoldingiz – yangilik shu!
Baravariga kulib yuborishadi.
O r o l b o b o (o‘rnidan og‘ir qo‘zg‘alib). Asr payti kep qolgandir, men namozimni o‘qib olay endi…!

Chol o‘choqboshidan oftobasini olib, uy orqasiga o‘tadi. Yigitlar qaytib ishga tutinadi. Jumaboy qandaydir taxtani aylantirib ko‘zdan kechirayotganida uning bir uchi dastgoh adog‘ida turgan tranzistorga tegib ketadi-yu sho‘x yalla yangraydi. Qoraqalpoqlarning mashhur «Dembermas»i!.. Ana shu tarona asnosi hovli qorong‘ilashib, keyin yana asta yorisha boshlaydi.

Tong! Uzoqlardan kelayotgan dengiz shovqinlari boyagi qo‘shiqqa qorishib, uni bosib ketadi. Ana – to‘lqinlar bir-biriga urilib shaloplashi, jonsarak mavjlar shiviri, eshkaklarning bir maromdagi g‘ichir-g‘ichiri… Ana – chag‘alaylarning betinim chug‘ur-chug‘uri-yu suvga to‘sh urib uchayotgan oqchorloqlar sasi… Yer-u osmon g‘ayrioddiy, g‘ayritabiiy bir yog‘dular, charog‘onlik qo‘ynida… Tom boshidagi ona qayiqda Orol bobomiz tik turibdi. Qalpog‘i qo‘lida, quvonchdan ko‘zlari chaqnab har yonga alanglayotir. Chetan ortidan shogirdlar sasi eshitiladi: «Ko‘rdi! Ana, qaranglar – ko‘rdi!»
O r o l b o b o (hayqira-qiyqira). Mana, keldi! Axiyri keldi! Suv, suv!.. Orolimiz suvga to‘ldi, odamlar! Yashasin, dod! Shu kunni ko‘rdim-a! Endi o‘lsam armonim yo‘q… (Qo‘llarini ko‘kka cho‘zib.) Omonating olsang ham roziman, bariga roziman! Shukr, shukr…

Chol shunda bir qalqiydi-yu oyoqlari mayishib, bo‘shasha-bo‘shasha, baayni suvga cho‘kayotgan misol, qayiq ichida ko‘rinmay ketadi. Atrofni sukunat chulg‘aydi – purhikmat, tantanavor bir sukunat!.. Chol qayiq ichiga «cho‘kib» ketgach, andak sukunatdan so‘ng, chamasi, chetan ortida bu manzarani – nima bo‘lishini kuzatib-poylab turishganmi, birin-ketin shogirdlar kirib keladi. Ular hovli o‘rtasida saf tortib, tomboshiga baqraygancha qotib qolishadi. Bir vaqt chetan eshik og‘zida yelkasiga safarxalta osgan notanish libosli yigit paydo bo‘ladi. Amet! U ohista yaqinlashib, uch o‘rtoqni orqasidan birvarakay quchib oladi.
T i l o v b e r g a n (vahima ichida). Amet! Senmisan? Osmondan tushdingmi, nima balo?..
A m e t (aybdorona). Keldim. Ko‘nglim bir nimani sezganday bo‘laverdi…

To‘rt o‘rtoq yig‘lamsiragancha quchoqlasha ketadi. Sizlarni… Orolni unutolmadim, jo‘ralar. Keldim. Bobomiz qani?
J u m a b o y (tomboshiga ishora qilib). Yuragi yorilib o‘lib qoldi… Ko‘zlariga ishonmagan-da!
A m e t (yuzini changallab). Men, hammasiga men aybdor!.. (U jahl bilan yelkasidagi safarxaltani yerga otadi.)
T i l o v b e r g a n. Endi nima qildig-a, bolalar, nima qildik?
J u m a b o y (sarkorlikka o‘tib). Yuringlar. Olib tushish kerak…

Birin-birin qayiq-narvonga tirmashib, tomga chiqa boshlaydilar.
G e n j a m u r o d (chiqayotib). Aytib edim-ku, bu ishimizning oxiri zil bo‘lib chiqadi, deb!..
J u m a b o y (tepadan, jerkib). Qo‘y endi sen ham shu paytda!.. Har ne bo‘lgandayam murodiga yetdi-ku bobomiz! Suvni ko‘rganday bo‘lib ketdi…

Yigitlar tomda qayiqni qurshab, baravariga unga engashadilar. Amet beixtiyor cholning qalpog‘ini olib, boshiga qo‘ndiradi.
T i l o v b e r g a n (izillab). Bobojon, o‘lmang! Ko‘zingizni oching…
A m e t. Kechiring, ustoz, beoqibat shogirdingizni kechiring…
J u m a b o y (o‘qrayib). Bo‘ldi!.. Qani, oldik!

Tomboshida to‘rt o‘g‘lon – to‘rt shogird qayiq-tobutni dast ko‘tarib turibdi! G‘oyibona vidolashuv…
O r o l b o b o (ovozi). Kelganing chinmi, Amet bolam? Bobongning o‘lishini kutib yurganmiding yo?..
A m e t (ovozi, titrab). Unday demang, bobojon, unday demang. Keldim, mana. Butunlay keldim.
O r o l b o b o (ovozi). Bilib qo‘y, Orol chaqirdi seni, Orolimiz! Ishonmasang, ana – atrofga boq, suvning o‘zidan so‘ragaysan!
A m e t (ovozi). Sizlarni tashlab qayoqqa ham borardim, bobo?!
O r o l b o b o (ovozi). Ota bolasi emas, Orol bo‘lib qaytdim de? Barakalla, chirog‘im! Bobongning vasiyati – anovi qalpoqni hech qachon boshingdan qo‘ymagaysan!
A m e t (ovozi). Ko‘nglingiz xotirjam bo‘lsin, bobo, sizdan meros bu qalpoq hamisha boshimda tug‘!..
T i l o v b e r g a n (ovozi, yig‘i aralash). Bizlarni kechiring, bobojon…
G e n j a m u r o d (ovozi). Men sizni bugun bildim, Orol bobo! O‘zimni ham endi taniyapman. Sarkashroq bolangizning qiliqlaridan o‘tarsiz, bobojon…
J u m a b o y (ovozi). Bunday bo‘lib chiqishini kim o‘ylabdi deysiz, Orol bobo! Biz sizni bir suyuntirmoqchi edik-da…
O r o l b o b o (ovozi). Bu dunyodan, sizlarning baringizdan rozi bo‘lib ketyapman, qaroqlarim, yig‘lamanglar, men uchun ko‘zyoshi qilib yurmanglar. Sizlar bor ekansiz, bobongiz o‘lmagan, o‘lmaydi. Sizlar bor ekansiz, Orol o‘lmaydi, Orolimiz tirik! Toabad bor bo‘lgay, omin!

Qayiq-tobut nogahon bir silkinib, boshlar uzra ohista ko‘tarila boshlaydi. Yuksala-yuksala, ko‘k dengizi sari suzib ketadi…
To‘rt o‘g‘lon osmonga qo‘l cho‘zib, uni go‘yo kuzatib qolgan… Uzoqlardan kelayotgan dengiz shovqinlari tobora kuchayadi. Ana – to‘lqinlar bir-biriga urilib shaloplashi, jonsarak mavjlar shiviri, eshkaklarning bir maromdagi g‘ichir-g‘ichiri… Ana – chag‘alaylarning betinim chug‘ur-chug‘uri-yu suvga to‘sh urib uchayotgan oqchorloqlar sasi…

Savol va topshiriqlar

  1. Mustaqillik davrida qanday dramatik asarlar yozildi?
    Ulardan qaysi birlarini o‘qigansiz yoki tomosha qilgansiz?
    Taas surotlaringiz bilan o‘rtoqlashing.
  2. Dramani rollarga bo‘lib o‘qing?
  3. Nima uchun Erkin A’zam dramani «Tanho qayiq»
    deb nomladi?
  4. Dramaning bosh qahramoni – Orol boboga xos fazilatlarni izohlang.
  5. Orol bobo farzandlariga xos bo‘lgan sifatlarga baho
    bering?
  6. Orol bobo va uning shogirdlari munosabatini matnga
    asoslangan holda sharhlang.
  7. Amet nima uchun ovulga qaytdi?
  8. Drama mavzusini hozirgi kun ekologiya muammosi
    bilan qiyoslab tushuntiring.

Maktab darsliklari, Ta‘lim
Erkin A’zam