ERKAYEV
ERKAYEV Alijon (1933.10.10, Oltiariq tumani) — Oʻzbekiston xalq hofizi (2003). Toshkent chet tillar intini tugatgan (1956). Falsafa fanlari nomzodi (1969). Fargʻona ped. instituti (1957—60), Toshkent ped. instituti (1969—72)da oʻqituvchi, Toshkent madaniyat instituti dotsenti (1974-yildan), prof. (2004). Xonandalik sanʼati sirlarini J. Sultonovsan oʻzlashtirgan. Yoshligidan havaskor musiqa toʻgaraklari qatnashchisi boʻlib, 1961-yildan radio va televideniyeda xonanda sifatida faoliyat koʻrsatadi. Shirali ovoz sohibi. E. Fargʻona—Toshkent musiqa anʼanalariga tayanib, xalqchil ijro yoʻllarini qoʻllaydi. Repertuaridan Fargʻona — Toshkent maqom yoʻllari («Ushshoq», «Dugoh», «Chapandozi Gulyor», «Bayot» va boshqalar), mumtoz ashulalar («Girya», «Fargʻona tong otguncha», «Aylansin» va boshqalar), zamonaviy bastakorlar asarlari («Gʻazalim», N. Hasanov; «Dilbarim», T. Hasanov; «Mubtalo qilib», R. Tursunov va boshqalar) oʻrin olgan. Ijrolari Oʻzbekiston radiosi fonotekasi, 2 gramplastinka («Alijon Erkayev kuylaydi», 1969, 1976)ga yozilgan. E. Ogahiy, Atoiy, Habibiy, J. Jabbor sheʼrlariga ashulalar bastalagan («Fargʻona», «Mening tilagim», «Bulbul» va boshqalar).
Ensiklopediya.uz
ERKAYEV