Enkoprez — bolalarda axlatini muntazam tutolmaslik haqida malumot

Enkoprez — bolalarda axlatini muntazam tutolmaslik haqida malumot

Bolalarda axlatini muntazam funksional tutolmaslik (enkoprez) chanoq a’zolari innervatsiyasining tug‘ma norasoligida (masalan, orqa miya churrasida), orqa va bosh miya shikastlanganida hamda aqli zaif bolalarda va boshqalarda kuzatilishi mumkin.

Enkoprez

Enkoprez | ikid.uz

Funksional axlat tutolmaslikka olib keluvchi bir qancha sabablar mavjud.

Birinchi sabab. Bemorlarda enkoprez, ruhiy zo‘riqish (qo‘rquv, vahima) va kayfiyatni tushiruvchi taassurotlar oqibatida yuzaga keladi. Ko‘pgina bemorlar anamnezida kuchli iztirob chekish (yaqinlaridan birining vafoti, baxtsiz hodisa, tabiiy falokat va hokazo), chekishi yoki surunkali ravishda qo‘rqish (bolalarini kaltaklaydigan ota-onalardan yoki bajarilmagan uy vazifasini har daqiqada so‘rab qolishi mumkin bo‘lgan o‘qituvchidan qo‘rqish) tufayli kelib chiqishi aniqlanadi.

Ikkinchi sabab. Bemorlarda muntazam ravishda tabiiy xohishni so‘ndirilishi (defekatsiya) ham enkoprezni keltirib chiqaradi.

Ba’zan, atrof-muhitni endigina tushunib yetayotgan, salbiy ta’sirda bo‘lgan 1-3 yashar bolalardagi tabiatan sodir bo‘lgan qisman axlat tutolmaslik patologik enkoprezga olib kelishi mumkin.

Bunda ayrim ota-onalar bolalariga hojatga chiqishni juda erta o‘rgatmoqchi bo‘lishadi. Ular bolani majburan tuvakka o‘tkazishib, agar ichini o‘z vaqtida bo‘shatmasa jazolashadi ham. Bunday majburiy tadbir bolalardagi salbiy kayfiyatni kuchaytirish bilan birga defekatsiya hissini ham susaytiradi. Vaqti-soati yetib, bu jarayon surunkali tusga o‘tib, to‘g‘ri ichak axlatga liq to‘lgandan so‘ng, u oz-ozdan beixtiyor sezmasdan axlat ajrata boshlaydi. Bundan tashqari, bu guruh bemorlarda defekatsiya refleksi so‘nishiga atrofmuhit, jumladan, maktabgacha tarbiya muassasi va maktab sharoitidan keyin jamoat hojatxonasiga ko‘nikishning qiyinligi, qorong‘ilikdan qo‘rqish, tanaffus paytida xojatxonaning bandligi, dars mahali so‘rab chiqishdan uyalishlar kabi bir necha holatlar sabab bo‘lishi mumkin.

Oqibatda sog‘lom bolada, defekatsiya hissiyotini muntazam bosib yurish to‘g‘ri ichakda katta hajmdagi axlat massasining to‘planib qolishiga, bu esa o‘z navbatida ichak devorini taranglashishiga va yallig‘lanish oqibatida baroretseptorlarning sezuvchanligi susayishiga olib keladi. Bunda defekatsiya refleksining surunkali buzilish darajasi chuqurlashib, uning sezuvchanligi yo‘qoladi va axlat beixtiyor ajraladigan bo‘lib qoladi.

Uchinchi sabab. Funksional axlat tutolmaslik sabablarining yana birini bola erta yoshida boshidan kechirgan o‘tkir me’da-ichak kasalliklari (dizenteriya, enterokolit va surunkali dispepsiya) tashkil etadi.

To‘rtinchi sabab. Asfiksiya (bo‘g‘ilish) bilan tug‘ilgan va tug‘ruq yo‘llaridan o‘tayotib jarohatlangan go‘daklarda ham keyinchalik enkoprez vujudga keladi. Bunday bemorlarning onalari so‘rovlanganda anamnezida homiladorlik va tug‘ruq asoratli kechgani ma’lum bo‘ladi. Bundan tashqari enkoprezga muddatidan kech tug‘ilish, kechki toksikozlar, ona qonidagi immunologik nomutanosibliklar, tug‘ruqda qisqich va vakuumning ishlatilgani shular jumlasiga kiradi. Bu omillarning barchasi tamomila asfiksiya hamda miyaga qon quyilish bilan kechadigan jarohatlanishga olib keladi.

Klinik belgilari va tashxis qo‘yish

Kasallik ko‘pincha 3-7 yoshda boshlanib, enkoprez bir xil namoyon bo‘ladi. Bunda doim toza va quruq yurgan bola qo‘qqisdan beixtiyor axlat ajratadigan bo‘lib qoladi. Ba’zi hollarda axlat faqat kunduzlari harakatchan o‘yinlar, jismoniy zo‘riqishlar oqibatida, hech bir sababsiz ajralsa, boshqacha guruh bemorlarda ota-onalar bolaning kechasi to‘shaklarni bulg‘ab qo‘yishganidan shikoyat qiladi. Bu alomatlar qo‘qqisdan paydo bo‘lib, qisqa vaqt ichida butunlay yo‘q bo‘lib ketishi mumkin. Boshqa hollarda esa kasallik asta-sekinlik bilan to‘xtovsiz kuchayib boraveradi. Bola to‘shak va ishtonini muntazam bulg‘aydi, undan badbo‘y hid anqib turadi, ammo u bu hodisani o‘zi sezmaydi.

Klinik manzaralarning ifodalanishi bola asab-ruxiy muhitining shikastlanish darajasiga, kasallikning davomiyligiga, tashqi taassurotlarga va uning parvarishlanishiga ko‘p jihatdan bog‘liq. Bora-bora, ayniqsa ota-onaning beparvoligi oqibatida kasallik kuchayib, bola muntazam ishtonini bulg‘aydigan bo‘lib qoladi. Enkoprez ba’zan tungi enurez bilan uyg‘unlashib keladi. Soxta enkoprez paydo bo‘lishdan avval axlatning oz-ozdan ahyon-ahyonda beixtiyor ajralishi kuzatiladi. Qabziyatning kuchayishi va axlat tutolmaslik ba’zan bir vaqtning o‘zida rivojlanishi mumkin.

Bunda, ayrim ota-onalar patologik holatni yuzaga kelishida o‘zlarini aybdor sezishgani holda, bolaga nisbatan bo‘lgan munosabatlarini oilaviy janjal va kamchiliklarni shifokordan yashirishga urinishadi. Ba’zan katta bolalarning o‘zlari ham bu holatda aziyat chekib ko‘pincha axlat tutolmaslikni yashiradi yoki uyalib, qo‘rqib buni tasdiqlaydi. Shularga qaramasdan bunday hollarda vrach anamnez ma’lumotlarini sinchiklab o‘rganishi maqsadga muvofiq.

Enkoprez sabablarini o‘rganishda ishonch hosil qilish mumkinki, nosog‘lom muhitli oilalarda tarbiyalangan bolalarda bu kamchilik ko‘proq uchraydi. Ayrim bolalarning ota-onalari ajralishganda yoki birga turganlarida ham, ular orasida sovuq munosabatlar ota uyga kam kelishi va ro‘zg‘or kam-ko‘stiga qarashmasligi, bola bilan qo‘pol munosabatlar asosiy sabab bo‘lishi mumkin. Ammo yaxshi oilalarda ham bolalarga salbiy ta’sir ko‘rsatuvchi omillarni ko‘proq uchratish mumkin. Bunda bola atrofida sun’iy ravishda asabiy holat vujudga keltiriladi, ayniqsa bolaning kasallik “sir”ini ota-onalari tanishlariga, qo‘shnisiga aytib qo‘yganida, bolaning ularga munosabatlari sovuqlashib qolishi bunga sabab bo‘lishi mumkin.

Enkoprez davosi

Funksinal axlat tutolmaydigan bemorlarni davolash kompleks tarzda olib borilishi zarur. Davo tadbirlari bolaning ruhiy holatiga ta’sir etib, shartli reflekslarni idora etishga nerv impulslarining o‘tkazilishi yaxshilanishiga hamda sfinkter tonusini oshirishga qaratilgan bo‘lishi lozim. Bunda eng avvalo, bemor atrofida xotirjam va iliq muhit yaratilishi kerak.

Oila hayoti va maktab rejimining me’yoriga to‘g‘ri amal qilish muhimdir. Davo uslubi va usulini tanlashda enkoprez turi va xususiyatlari har bir bemorda alohida inobatga olinishi shart. Masalan, soxta enkoprezda ichak distal qismini tozalash, sabzavotli suyuq ovqat, ko‘katlar, karam, asal, qora olxo‘ri, sut-qatiq mahsulotlaridan iborat yengil hazm bo‘ladigan va ichni yumshatadigan parhez tutilishi lozim. Bundan tashqari, 1 oshqoshiqdan 3 mahal vazelin yog‘i, sano preparatlari, ituzum, turp po‘stlog‘i damlamasi yaxshi foyda beradi.

Axlat tutolmaslik tunda kuzatilsa, bolani yotishdan oldin hojatga borishga o‘rgatish muhim ahamiyatga ega. Refleks paydo qildirish uchun kechqurungi mashqlar sifatida, yoshiga qarab 300600 ml dan 10-20 kun mobaynida termo-kontrast huqnalar tavsiya qilinadi. Shu bilan vaqtida bolaga ichini kam-kamdan bo‘shatish shartligi uqtiriladi, bu axlatni tutib turishni yaxshilovchi vosita hisoblanadi.

Bolada kunduzgi enkoprez ko‘proq uchrasa, davoni ertalab va kechqurun tozalovchi huqnalar qilishdan boshlash lozim. Bu yerda ikki narsa katta o‘rin tutadi. Birinchidan to‘g‘ri ichak tozalanib, axlat ajralishi ham o‘z-o‘zidan to‘xtaydi, eng muhimi, bolada kerakli vaqtda defekatsiya refleksi hosil bo‘lib mustahkamlanadi. Keyinchalik bolani kunning bir vaqtida, yaxshisi ertalab nonushtadan keyin ichini bo‘shatishga o‘rgatish kerak. Huqna qilish ketma-ket 25-30 kun mobaynida uy sharoitida o‘tkaziladi, ba’zan boshqa hech qanday usullarga ehtiyoj qolmaydi.

Barcha muolajalar shifokor tavsiyasiga asosan amalga oshirilishi lozim. Bunda albatta bolalar koloproktologiga murojaat qilish muammoni yechishda va davolashda muhim o‘rin tutadi.

© Abdurashid XAMROYEV,
Toshkent pediatriya tibbiyot instituti
«Gospital bolalar xirurgiyasi» kafedrasi
professori, tibbiyot fanlari doktori,
oliy toifali bolalar jarrohi.
«Sihat-salomatlik» jurnali.

Kasalliklar
Enkoprez — bolalarda axlatini muntazam tutolmaslik