ELLIKQALʼA TUMANI

ELLIKQALʼA TUMANI

ELLIKQALʼA TUMANI — Qoraqalpogʻistondagi tuman. 1977 yil 23-martda tashkil etilgan. Shim. dan Qozogʻiston Respublikasining Qiziloʻrda viloyati, gʻarbdan Beruniy, Taxtakoʻpir, jan. dan Toʻrtkoʻl tumani, sharkdan Navoiy viloyati, jan. gʻarbdan Xorazm viloyati bilan chegaradosh. Mayd. 5,4 ming km2. Aholisi 119,1 ming kishi (2004). Tumanda 1 shahar (Boʻston), 12 qishloqfuqarolari yigʻini (Amirobod, Guldursun, Guliston, Navoiy, Oqchakoʻl, Saribiy, Tozabogʻ, Sharq Yulduzi, Ellikqalʼa, Qizilqum, Qilchinoq, Qirqqiz) bor. Markazi — Boʻston shahri Tabiati. Tuman relyefi jan. dan shim. ga pasayib yassi tekislikdan iborat boʻlib, boʻr va paleogen davrlarida paydo boʻlgan allyuvial dengiz yotqiziqlarilan tuzilgan. Sayoz chuqurliklar, quruq uzanlar, kichik tepalar ham uchrab turadi. Iqlimi keskin kontinental. Shim. sharqdan Sibir sovuq havo massalari yetib keladi. Yanv. ning oʻrtacha t-rasi — 20°, —30°. Yozda eng yuqori t-ra 42°—45°. Yillik yogʻin 100 — 200 mm. Vegetatsiya davri 200—220 kun. Tumanning eng katta koʻllari — Oqchakoʻl, Dumanqalʼa. Tumandagi Amirobod, Qirqqiz, Ellikqalʼa, Qozoqcha kanallari Toʻrtkoʻl hududidan oʻtgan Bogʻyop kanalidan suv oladi. Amudaryoda qurilgan nasos st-yasi Amirobod va Qalʼacha ariqlariga suv yetkazib beradi. Ellikqalʼa tumani va qoʻshni tumanlardagi zax suvlari Qizilqum kollektoridagi Ayozqalʼa nasos st-yasi yordamida Qizilqum yaylovlariga chiqarib tashlanadi. Tuproqlari shoʻrxok, qumloq, boʻz tuproq. Yovvoyi oʻsimliklardan quyonsuyak, selin, yulgʻun, yantoq, qirqboʻgʻin, shoʻra, qamish oʻsadi. Saksovul ham bor. Yovvoyi hayvonlardan boʻri, boʻrsiq, chiyaboʻri, tulki, quyon, qobon; sudralib yuruvchilardan kaltakesak, ilon uchraydi. Koʻllar chetidagi qamishzorlarda qirgʻovul, oʻrdak, gʻozlarning bir necha xili bor.

Ensiklopediya.uz
ELLIKQALʼA TUMANI