ELEKTR TOKINI UZATISH
ELEKTR TOKINI UZATISH — elektr st-yasidan elektr energiyasini muayyan masofaga elektr uskunalari va qurilmalari yordamida yetkazib berish. Elektr tokini uzatish qurilmalariga kuchlanishni kuchaytiruvchi va pasaytiruvchi transformatorlar, tayanchlarga tortiladigan simli va yerga koʻmiladigan kabelli elektr uzatish liniyalari, avariyaga qarshi va himoyalash avtomatika apparatlari kiradi. Energiya liniya orqali uzatilayotganda sim qarshiligini yengish uchun energiyaning maʼlum qismi yoʻqoladi. Energiyaning yoʻqolish miqdori tok kuchi kvadratiga va simning qarshiligiga mutanosib (proporsional) boʻladi. Sim qarshiligini kamaytirish uchun uning diametrini oshirish zarur. Simni tejash uchun Elektr tokini uzatish liniyalari boshiga kuchlanishni kuchaytiruvchi transformatorlar, oxiriga ega pasaytiruvchi transformatorlar oʻrnatiladi. Natijada uzatilayotgan quvvat (energiya) oʻzgarmaydi, kuchlanish qancha koʻpaysa, liniyadan oʻtayotgan tok kuchi shuncha kamayadi. Liniyaning energiya oʻtkazuvchanlik imkoniyati kuchlanish kvadratiga toʻgʻri, liniyadagi energiyaning yoʻqolishi esa kuchlanish kvadratiga teskari mutanosib boʻladi. Uzatish liniyalarining kuchlanishi uzatish masofasiga, uzatilayotgan elektr quvvatiga bogʻliq.
Ensiklopediya.uz
ELEKTR TOKINI UZATISH