ELBARSXON

ELBARSXON

ELBARSXON (? 1739.27.11) Xiva xoni (1728—39). Shohniyozxon oʻgʻli. Elbarsxon davrida mamlakatda ichki nizolar davom etgan. 1736 yil Shergʻozixonnshi katta oʻgʻli Ergʻozi sulton Shohobodda unga qarshi kurash boshlagan. Xonlikdagi mangʻitlar va qoraqalpoqlar ham bosh koʻtargan. Elbarsxon ularga qarshi kurash bilan bir Qatorda qoʻshni davlatlar hududiga ham chopqunlar uyushtirgan. 1736-yil Elbarsxon 3 ming turkman askarlarini Chin Vakil yovmut boshchiligida Xurosonga joʻnatgan. Bu qoʻshin Mand tekisligi va Olatogʻ atrofida qizilboshlilar qoʻshini ustidan zafar qozonib, katta oʻlja bilan qaytgan. Bu paytda Nodirshoh Shemaxani bosib olib Ganjada turgan edi. 1738-yil Nodirshohning oʻgʻli Rizoquli mirza Balxni egallab, Movarounnahrga yurish boshlagan. Buxoro xoni Abulfayzxon E. dan koʻmak soʻragan. Elbarsxon katta koʻshin bilan Buxoroga otlangan, biroq yoʻlda Abulfayzxonni qizilboshlilar bilan sulh tuzganidan voqif boʻlgach, orqaga qaytgan. 1739-yil fev. da Elbarsxon oʻzbek va turkmanlardan tashkil topgan qoʻshin bilan Xurosonga yurish qilib, Niso va Obivard atrofini talontoroj qilib Xivaga qaytgan. 1739-yil oktyabrda Nodirshoh Buxoroni olib, Xivaga qoʻshin tortgan. Tuyamoʻyin, Pitnak, Hazoraspda xivaliklar magʻlub boʻlgan. Eron qoʻshini Xonqani 7 kunlik qamaldan soʻng egallagan, Elbarsxon va uning 20 ta amiri asir olingan. Nodirshoh ularni qatl ettirib, Xivaga yurish qilgan va 3 kunlik qamaldan soʻng uni bosib olgan.

Ensiklopediya.uz
ELBARSXON