ELBA
ELBA, Laba — Yevropadagi daryo, Chexiya va Germaniya hududlaridan oqadi. Uz. 1165 km, havzasining mayd. 154,8 ming km2. Krkonoshe togʻlarining jan. gʻarbiy yon bagʻirlaridan boshlanadi. Yuqori oqimida 70 m balandlikdagi Elba sharsharasini hosil qiladi. Rudali togʻlar va Saksoniya (Shveysariya) togʻ tizmalaridagi daralardan, Maysen shahridan quyirokda Oʻrta Yevropa tekisligi boʻylab botqoq va koʻllar hos,il qilib keng vodiydan oqadi. Qirgʻoklarida toshqinga qarshi dambalar qurilgan. Daryo kengligi Drezden shahri yaqinida 100—150 m dan Gamburg shahrida 300—500 m gacha yetadi. Estuariy hosil qilib Shim. dengizga quyiladi. Asosiy irmoqlari: Yizera, Xafel, Vltava, Zaale. Oʻrtacha suv sarfi 920 m3/sek., bahor oylarida toshadi. Quyilish yeridan 950 km masofada kema qatnaydi, Gamburg shahrigacha dengiz kemalari ham kira oladi. Kanallar orqali Vezer, Ems, Reyn va Odra daryolari, Kil kanali orqali Boltiq dengizi bilan bogʻlangan. Elba boʻyida Usti, Drezden, Magdeburg shahrilari, quyilish yerida Gamburg port shahri joylashgan.
Ensiklopediya.uz
ELBA